1

O`zbekiston va Hindiston yangi davr ostonasida

Siyosat 25.09.2018, 07:25
O`zbekiston va Hindiston yangi davr ostonasida

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Hindistonga bo`lajak davlat tashrifi ikki mamlakat o`rtasidagi azaliy do`stlik rishtalariga asoslangan munosabatlarda yangi davrni boshlashi kutilmoqda.

O`zA muxbiri tashrif arafasida Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vinod KUMAR bilan ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va yangi imkoniyatlari haqida suhbatlashdi.

– Janob elchi, O`zbekiston bilan Hindistonning tarixiy-madaniy aloqalari ming yillarga teng. Uning istiqbollari haqida qanday fikrdasiz?

– O`zbekiston bilan Hindistonni ko`p asrlik tarixiy, madaniy-ma`naviy aloqalar bog`lab turadi. Ming yillar davomida ikki xalq madaniyati bir-biriga uyg`un tarzda shakllangan va rivojlangan. Ayniqsa, me`morlik an`analari, adabiy meros va xalq og`zaki ijodida uyg`un jihatlar ko`p. Alisher Navoiy, Mirzo G`olib kabi buyuk allomalarimiz xalqlarimiz uchun birday mashhur va ardoqli.

2015 yilda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O`zbekistonga rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz hayotida yirik voqea sifatida tarixga muhrlanib, uning doirasida ko`plab hujjatlar qatori xalqlarimiz madaniy aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan Madaniy hamkorlik dasturi va turizm bo`yicha hamkorlik bitimi imzolandi.

Toshkent shahrida La`l Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi faoliyat yuritmoqda. Ushbu markaz hind tili, madaniyati, urf-odatlari bilan yaqindan tanishish istagida bo`lganlar uchun doimo ochiq. Bundan tashqari, markaz O`zbekistonning boshqa hududlarida ham xalqlarimiz ma`naviy aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan ko`plab madaniy-ma`rifiy tadbirlar tashkil etib kelmoqda. Har oyning so`nggi jumasida markaz tomonidan o`tkaziladigan “hindi-manch” tadbiri ulardan biri. Ushbu tadbir markazga keluvchilarning Hindiston madaniyati bilan yaqindan tanishish, hind tilida muloqot qilishi uchun o`ziga xos maydonga aylangan.

O`zbekiston bilan Hindiston madaniy aloqalarida yaxshi bir an`ana shakllangan. Mamlakatlarimizda bayramlar, nufuzli festivallarda ikki xalq vakillari faol ishtirok etib kelmoqda. Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Shahrisabz shahrida ilk bor o`tkazilgan Xalqaro maqom san`ati anjumanida ham hindistonlik san`atkorlar qatnashib, o`zbek maqom san`atining sehrli va xush ohanglaridan bahramand bo`lish barobarida, mahalliy xalq urf-odatlari, hunarmandlik namunalari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, har yili yurtingizda o`tkazilayotgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti davlatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, turli sohalar bo`yicha munosabatlarni izchil yo`lga qo`yishga xizmat qilmoqda.

Ishonch bilan aytish mumkinki, ikki mamlakatning ko`p asrlik do`stona hamkorlikka asoslangan yuksak darajadagi siyosiy va diplomatik aloqalari yanada yuqori bosqichga ko`tariladi.

– Mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro hamkorlikning qaysi yo`nalishlarini ustuvor, deb hisoblaysiz?

– Hindiston O`zbekiston bilan ikki tomonlama hamkorlikni barcha sohalarda rivojlantirish tarafdori. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish bo`yicha mamlakatlarimiz faol ish olib bormoqda. O`zaro ishonch va do`stona munosabatlarga asoslangan strategik sheriklik qishloq xo`jaligi, paxta va to`qimachilik sanoati, sog`liqni saqlash, farmasevtika, axborot texnologiyalari, fan-texnika, kosmonavtika, muqobil energiya sohalari bo`yicha hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi.

– O`zbekistonda farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish maqsadida maxsus erkin iqtisodiy zonalar tashkil etildi. Ushbu sohada ro`yobga chiqarilayotgan loyihalarga ham to`xtalsangiz?

– Hindiston O`zbekiston bilan sog`liqni saqlash va farmasevtika sohalarida faol hamkorlik qilmoqda. Shu yil fevral oyida Hindiston kimyo sanoati va o`g`itlar davlat vaziri Mansuh Mandaviya boshchiligidagi delegasiya mamlakatingizga tashrifi doirasida O`zbekiston va Hindiston ishbilarmon doiralarining biznes-anjumani bo`lib o`tdi. Tashrif doirasida tomonlar farmasevtika bo`yicha hamkorlikni yana kengaytirish imkoniyatlarini o`rgandi. Hozirgi kunda O`zbekistonda bitta Hindiston farmasevtika kompaniyasi faoliyat yuritmokda. Yana ikkita shunday korxona barpo etish rejalashtirilgan.

Ayni vaqtda Andijonda O`zbekiston – Hindiston erkin farmasevtik zonasini tashkil etish bo`yicha ikki tomonlama ish olib borilmoqda. Umid qilamizki, boshlangan tadbirlar yaqin orada o`z samarasini berib, mamlakatingiz farmasevtika sohasi rivojlanishiga o`z hissasini qo`sha boshlaydi.

– O`zbekiston Prezidentining Hindistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz hamkorligida qanday sahifa ochadi?

– Prezident Shavkat Mirziyoevning Hindistonga kutilayotgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi darajaga ko`tarib, tarixiy voqea bo`lib qoladi.

Ishonamanki, bu tashrif mamlakatlarimizning 2011 yilda asos solingan strategik sherikligiga yangi mazmun bag`ishlab, o`zaro hamkorligimizda yangi sahifa ochadi.

Bosh vazir Narendra Modining 2015 yilda O`zbekistonga tashrifi mamlakatlarimiz munosabatlariga yangi turtki bergan edi. Ikki davlat rahbarlari 2017-2018 yillarda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ham uchrashib, o`zaro hamkorlikning istiqbolli masalalarini muhokama qildilar. Joriy yilda Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj va savdo-sanoat va fuqaro aviasiya vaziri Suresh Prabxuning mamlakatingizga amalga oshirgan tashriflari ham samarali bo`ldi.

– Joriy yildan Hindiston ShHTda to`laqonli a`zo sifatida mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlashda hamkorlik qilmoqda. Mamlakatlarimizning tashkilot doirasidagi munosabatlari haqida ham fikr bildirsangiz?

– Hindistonning ShHTga a`zo bo`lishini qo`llab-quvvatlagani uchun O`zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz. ShHTga qabul qilingandan so`ng mamlakatimiz tashkilotning barcha a`zo davlatlari bilan hamkorlik ishlarini boshladi. Dehli shahrida ShHT ekspertlar yig`ilishi o`tkazildi. Xalqlar farovonligi yo`lida boshqa a`zo davlatlar bilan ham hamkorlikni kengaytirmokdamiz. Jumladan, terrorizmga qarshi kurashish, o`zaro aloqalarni rivojlantirish va boshqa turli sohalardagi masalalarni muhokama qilmoqdamiz.

Fursatdan foydalanib, O`zbekiston xalqini yaqinda nishonlangan mustaqillikning 27 yillik bayrami bilan tabriklayman. O`zbek xalqi o`z mamlakatini yanada yuqori darajaga ko`tarishiga chin dildan tilakdoshman.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1