1

Senat raisi Madaniyat vazirligi mutasaddilarini qonunlarni bilmaslik va mas`uliyatsizlikda aybladi va hukumatdan izoh so`radi

Siyosat 28.09.2018, 10:01
Senat raisi Madaniyat vazirligi mutasaddilarini qonunlarni bilmaslik va mas`uliyatsizlikda aybladi va hukumatdan izoh so`radi

27 sentyabr kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Oliy Majlisi Senatining o`z oltinchi yalpi majlisi o`z ishini boshlagani haqida xabar bergan edik.

Oliy Majlis Senati raisi Yo`ldoshev o`z nutqi avvalida bu yil Senat safiga qo`shilgan yangi senatorlar bilan tanishtirdi va o`tgan davr mobaynida mamlakatda yuz bergan o`zgarishlar haqida batafsil to`xtaldi va senator so`rovlariga bepisandlik bilan qaralishi borasida hukumatdan izoh so`radi, deb yozmoqda "Xalq so`zi" nashri.

"Ayrim vazirlik va idoralar rahbarlari parlament bilan munosabatlarga qonun talabi asosida yondashmayapti", – dedi Yo`ldoshev 27 sentyabr kuni ish boshlagan Senat yalpi majlisida.

Xususan, Senat qo`mitasi raisining o`rinbosari tomonidan 15 avgust kuni poytaxtdagi madaniyat va istirohat bog`laridagi jiddiy kamchiliklar yuzasidan madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaevga senator so`rovi yuborilgan.

Senat raisining so`zlariga ko`ra, ushbu so`rovga vazirlikning javobi 40 kundan so`ng kelgan. Buning ustiga, birorta ham savolga tayinli javob olinmagan.

"“Vazir o`rinbosari imzosi qo`yilgan yarim varaqlik javob Senatga emas, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yuborilgan", – dedi u.

Yo`ldoshev Madaniyat vazirligi mutasaddilarini qonunlarni bilmaslik va mas`uliyatsizlikda aybladi.

"Vazirlikning mas`ul shaxslari senatorlar qaerda ishlashlarini bilmasliklari ularning qonunni bilmasliklarini namoyish qiladi", – dedi u.

"O`zingiz o`ylang, Madaniyat vazirligi mas`ul xodimlari xalq vakillariga nisbatan shunday munosabatda bo`lsa, ularning davlat siyosati mohiyatini to`liq anglab etganiga, zimmasiga yuklatilgan muhim vazifalarni amalga oshirishiga kim kafolat beradi? Biz bu masala bo`yicha vazirlik, shuningdek, hukumatdan izoh kutamiz", – dedi Yo`ldoshev.

Uning aytishicha, boshqa aksariyat vazirlik va idoralar ham parlament qo`mitalarining murojaatlariga xuddi shunday tarzda javob qaytarmoqda. So`ziga misol sifatida u Senatga huquqni muhofaza qilish organlaridan asossiz ravishda ishdan bo`shatish hollari bilan bog`liq ko`plab murojaatlar kelib tushganini aytdi. Parlament vakillarining bu holatlar bo`yicha so`rovlari esa haligacha javobsiz qolmoqda.

"Hattoki qo`mitalarning qonunlar muhokamasiga bag`ishlangan tadbirlariga vazirlik va idoralar tomonidan qonunlar to`g`risida etarli bilimga, zarur ma`lumotga yoki umuman vakolatga ega bo`lmagan xodimlar jo`natilmoqda. Biz buni parlamentga nisbatan bepisandlik deb baholaymiz", – deb ta`kidladi Yo`ldoshev.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1