1

Futbol bo`yicha O`zbekiston chempionatining hal qiluvchi o`yinini BAA hakami boshqarishi mumkin

Sport 13.10.2014, 18:06
Futbol bo`yicha O`zbekiston chempionatining hal qiluvchi o`yinini BAA hakami boshqarishi mumkin

Futbol bo`yicha 2014 yilgi Oliy Liga g`olibligiga asosiy da`vogar ikki jamoa – «Paxtakor» va «Lokomotiv» jamoalari o`rtasidagi uchrashuv bosh hakami xorijdan taklif etilishi mumkin. Bu haqda Championat.asia xabar bermoqda.

Nashr ma`lumotlariga ko`ra, ushbu o`yinni boshqarib borish uchun katta ehtimol bilan BAAdan hakamlar brigadasi taklif etilishi mumkin.

Oliy Liga o`yinlari tashkilotchisi hisoblangan O`zbekiston Professional futbol ligasi esa bu haqda hech qanday rasmiy axborot berganicha yo`q.

Qayd etish joiz, bungacha ham Oliy Liga uchrashuvlarida xorijlik hakamlar ish olib borgan. Xususan, 2010 yilgi mavsumda «Paxtakor» – «Nasaf» uchrashuvini BAAlik Farid al-Marzuqiy boshchiligidagi hakamlar boshqarib borgandi.

Ma`lumot uchun, «Paxtakor» va «Lokomotiv» o`rtasidagi uchrashuv 21 oktyabr kuni o`tkaziladi. Ayni vaqtda chempionatda peshqadamlik qilayotgan «Lokomotiv» va «Paxtakor» hisobida 54 ochkodan bor, biroq «Paxtakor» bitta kam o`yin o`tkazgan.

Muxlis va mutaxassislarning fikricha, 2014 yilgi O`zbekiston chempionati g`olibi nomi aynan shu o`yindan so`ng deyarli aniq bo`lib ulguradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1