1

Mirjalol Qosimov: «BAA ham yomon o`ynagani yo`q»

Sport 16.10.2014, 08:41
Mirjalol Qosimov: «BAA ham yomon o`ynagani yo`q»

BAAga qarshi uchrashuv (0:4)dan so`ng, O`zbekiston terma jamoasi ustozi Mirjalol Qosimov bahs haqidagi fikrlari bilan o`rtoqlashdi. Bu haqda Championat.asia xabar bermoqda.

«Bugungi o`yinda legionerlarimiz jamoamizni ancha kuchaytirdi. Qatar bilan bahsda, asosan, yoshlar o`ynagandi. Bahraynga qarshi uchrashuvda esa legionerlar endi kelgandi. Yodingizda bo`lsa, Yangi Zelandiyaga sakkiz kun tayyorlangandik.

Bugun ham BAA bilan boshqacha o`yin bo`lishini kutgandim. Yigitlar bir-birlariga ko`nikishlari uchun biroz vaqt kerak edi. Bu vaqt o`tdi va biz o`z o`yinimizni ko`rsata oldik», — deya gap boshladi bosh murabbiy.

«O`rtoqlik uchrashuvi bo`lganligi uchun o`zgarishlar bo`lishi aniq edi. O`tgan safar Sayfievni birinchi marta Bahraynga qarshi chap qanotda sinab ko`rgandim, bugun ham uni aynan shu erda o`ynatdim. Sababi BAA kuchli raqib hisoblanadi», — dedi Mirjalol Qosimov.

Bosh murabbiy birinchi goldan so`ng, futbolchilar markazda to`pni juda tez raqibga berib qo`yaverganini aytib, bu xatolar ustida ishlanishi kerakligini qayd etdi.

«Umuman olganda, yomon o`yin bo`lgani yo`q. BAA juda kuchsiz o`ynadi, deb aytmagan bo`lardim. O`yinni ko`rmasdan turib hisobni eshitganlar O`zbekiston juda zo`r o`ynabdi deb o`ylashi mumkin, lekin aslida qiyin o`yin bo`ldi. BAA ham gol urishi mumkin edi, biz esa o`zimizga berilgan imkoniyatlarni ko`kka sovurmadik.

Dekabr oyidagi o`rtoqlik uchrashuvlarida 5-4-1 va 5-3-2 kabi taktikalarni ham sinab ko`rishimiz mumkin. Osiyo Kubogida kuchli raqiblar o`ynaydi, shu bois turli taktikalarga tayyor turishimiz kerak. Masalan, Avstraliya terma jamoasini olaylik, ular ko`pincha ikkinchi qavatda o`ynaydi, tabiiyki hujumlar qanotdan uyushtiriladi. Bunday paytda, qanot himoyachilarimiz o`yinidan foydalanamiz, raqib bizga qanday o`yin taklif etsa, shunga qarab himoyalanamiz», — dedi murabbiy.

Mirjalol Qosimov noyabr oxirida Toshkentda bir haftalik yig`in o`tkazilishini, dekabr oyi boshida chempionatlarini tugatgan legionerlar terma jamoa safiga kelib, qo`shilishini ma`lum qildi: «Masalan, Anzur Ismoilov, Jeparov. Rossiya va Ukrainadagi legionerlarimiz esa yig`inga kechroq qo`shiladi».

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1