2030 yilgacha bo`lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qaror bilan 2030 yilgacha bo`lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar tasdiqlandi hamda ularni amalga oshirish bo`yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi.
Mazkur Kengash Milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo`yicha mas`ul vazirlik hamda idoralarning samarali ishlarini tashkil etadi, shuningdek, ushbu maqsad va vazifalarning tarmoq, mintaqa va maqsadli rivojlantirish dasturlari, strategiyalar va konsepsiyalarga kiritilishini ta`minlaydi.
Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi vazifasini Iqtisodiyot vazirligi bajaradi.
Qaror bilan tasdiqlangan Milliy maqsad va vazifalar o`zida 2030 yilgacha barqaror rivojlanish sohasida jami 17 ta maqsad va ular doirasida amalga oshiriladigan vazifalarni qamrab olgan.
Jumladan, amalga oshiriladigan tadbirlar natijasida 2030 yilgacha O`zbekistonda o`ta qashshoqlikni tugatish, kam ta`minlangan aholi sonini hozirgiga nisabtan ikki baravarga kamaytirish nazarda rejalashtirilgan.
Sog`lom turmush tarzini ta`minlash maqsadida esa aholi o`rtasida yurak-tomir, onkologik, qandli diabet va surunkali respirator kasalliklar tufayli bevaqt o`limlar sonini 30 foizga qisqartirish, shuningdek 2025 yilgacha yo`l-transport hodisalari sonini ikki baravarga qisqartirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, umumqamrovli va sifatli ta`limni ta`minlash hamda barchaga butun umri davomida ta`lim olish imkoniyatini rag`batlantirish maqsadi bo`yicha 2030 yilgacha o`qituvchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida xalqaro hamkorlik qilish orqali o`qituvchilar sonini jiddiy ravishda ko`paytirish mo`ljallangan.






