1

«Respublika yosh olimlarining innovasion loyihalari» grant tanloviga start berildi

Jamiyat 30.10.2018, 09:28
«Respublika yosh olimlarining innovasion loyihalari» grant tanloviga start berildi

O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida «Respublika yosh olimlar Kengashi» tashabbusi bilan «Respublika yosh olimlarining innovasion loyihalari» grant tanlovi ishtirokchilarining loyihalar taqdimoti bo`lib o`tdi. Mazkur tanlovda asosiy e`tibor Oliy ta`lim muassasalari, Ilmiy tadqiqot muassasalarining bakalavr, magistr, tayanch doktorant va mustaqil izlanuvchilarining ilmiy nazariy hamda ilmiy amaliy tadqiqotlarini natijadorligini oshirish, ishlab chiqarishga samarali joriy etish, eng asosiysi esa, ularning ilm fan yutuqlariga bo`lgan qiziqishlarini qo`llab quvvatlashning samarali tizimini joriy etishga qaratildi.

Ishtirokchilarning loyihalari taqdimoti bir qator Respublika vazirlik, idora va tashkilotlar jumladan O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, O`zbekiston Respublikasi, Intellektual mulk agentligi, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent shahridagi «INHA» universitetining hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Unda 200 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etish istagini bildirib, aniq fanlar, ijtimoiy-gumanitar fanlar, tabiiy fanlar yo`nalishlari bo`yicha o`zlarining iqtidorlarini sinab ko`rishmoqda. Har bir yo`nalishdagi 3ta o`rin g`oliblariga loyihalarini amalga oshirish uchun 10 mln miqdorda grant ajratiladi.

Toshkent davlat texnika universiteti «Biotibbiyot» kafedrasi assistenti Yulduzxon Kamolova o`zining «Uy logopedi» deb nomlangan dasturiy ta`minoti loyihasi bilan grant tanlovining aniq fanlar yo`nalishida ishtirok etdi. Ushbu loyiha orqali u maktab yoshigacha bo`lgan bolalarning nutqida uchraydigan nuqsonlarni bartaraf etish va Respublikamizning chekka hududlarida deffektolog, surdolog hamda logopedlarga bo`lgan ehtiyojlar muammosini qisman bo`lsada hal qilishga qaratilgan. Dunyoning etakchi mamlakatlarida mana shunga o`xshagan dasturiy ta`minotlar yo`lga qo`yilgan. O`zbekistonda esa ilk marotaba bu loyihaga qo`l urildi. Bu dastur o`zbek tilida amalga oshiriladi.

—Bizning asosiy maqsadimiz esa bolajonlarga «Eshitish protez» lari qo`yilgandan so`ng «Uy logopedi» orqali fikrlash va dunyoqarashini kengaytirish, nutq faoliyatini rivojlantirishga yordam berishdan iborat, – deydi Yulduzxon Kamolova.

Navoiy viloyatidan tashrif buyurgan Begzod Odilov «Elektr tokini o`tkazmaydigan qurilma» bilan grant tanlovining aniq fanlari yo`nalishida ishtirok etdi. Ushbu qurilma qo`lga taqilganda elektr vositalari bilan ishlash jarayonida inson tanasiga elektr tokini o`tkazmaydi. Begzodning ta`kidlashicha u elektr vositalari bilan ishlaydigan tashkilot xodimlari faoliyatini kuzatib, so`ngra qurilmani yaratishga bel bog`lagan.

Hamkor tashkilotlar bilan qo`shma qaror asosida ishlab chiqilgan grant tanlovini o`tkazish to`g`risidagi «Nizom» ga muvofiq Ekspertlar komissiyasi tomonidan tanlovning birinchi bosqichida aniq fanlar yo`nalishida 32 ga yaqin loyihalar xolislik, adolat, shaffoflik va qonuniylik prinsiplariga amal qilgan holda baholandi. Tanlov g`oliblarini aniqlashda ularning tanlovga taqdim etayotgan loyihalari jamiyatimizdagi ijtimoiy va amaliy muammolarni bartaraf etishga, maqsadli yo`naltirilganligiga alohida e`tibor qaratildi. Shuningdek, iqtisodiy samaradorligi yuqori bo`lgan, loyihalar O`zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan mualliflik huquqini beruvchi patent guvohnomalari berilishiga tavsiya etildi. Aniq fanlar yo`nalishi bo`yicha 3 (uch) nafar g`oliblar aniqlandi hamda ular O`zbekiston yoshlar ittifoqi yuzasidan xulosa bayonnomasi rasmiylashtirildi.

—Tanlovda aniq fanlar bo`yicha ekspert bo`lib qatnashdim. Bellashuv davomida innovasiya, tibbiyot va ekologiya yo`nalishlarida yangi loyihalarga guvoh bo`ldim. Bugun yoshlarimiz aniq fanlar bilan ekologiyani o`zaro bog`lagan holda atrof muhitga bo`lgan e`tiborini namoyish etishdi, — deydi INHA universiteti «Xalqaro munosabatlar» bo`limi rahbari, xalqaro aloqalar koordinatori Hilola Umarova. —Bir qancha professorlar va akademiklardan tarkib topgan hakamlar hay`ati bilan birgalikda eng yaxshi loyihalarni ilmiy yangiligi, amaliyotga joriy etilishining natijadorligi,jamiyat uchun foydaliligi hamda dolzarbligi jihatlaridan baholandi. Ushbu loyihalar qatorida imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar uchun yaratilgan mobil ilova yordamida logoped yordamidan foydalanish, shuningdek, «Smart house», tibbiyot sohasidagi «Tez yordam» kabi loyihalari ma`qul keldi.

Shahnoza Nurullaeva

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1