AsosiySiyosat

Prezident davlat byudjeti ijrosi bo`yicha yig`ilish o`tkazdi

'Prezident davlat byudjeti ijrosi bo`yicha yig`ilish o`tkazdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 30 oktyabr kuni joriy yilda davlat byudjetining kutilayotgan ijrosi, 2019 yilga mo`ljallangan makroiqtisodiy ko`rsatkichlar, byudjet-soliq siyosatining asosiy yo`nalishlari muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi.

Yig`ilishda joriy yil yakuni bo`yicha davlat byudjeti daromadlari 74,5 trillion so`m, xarajatlari esa 78,5 trillion so`mni tashkil etishi, mahalliy byudjetlar ixtiyorida 5,5 trillion so`m yoki o`tgan yilga nisbatan 6 barobar ko`p mablag` qolishi kutilayotgani qayd etildi.

Byudjet xarajatlari 2017 yilga nisbatan 60 foiz yoki 29 trillion so`mga oshgan. Ushbu mablag`larning 5,6 trillion so`mi “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturlari va arzon uy-joylar qurilishini moliyalashtirishga yo`naltirildi. Yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar berish, aholini ish bilan ta`minlash uchun “Mikrokreditbank”ka 700 milliard so`m va “Xalq banki”ga 1 trillion so`mdan ziyod mablag`, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini oshirishga 4,5 trillion so`m ajratildi.

Asosiysi, byudjet sohasi xodimlari ish haqlari, pensiya va nafaqalarini inflyasiya ko`rsatkichidan yuqori oshirish bilan birga tarbiyachilar, o`qituvchilar, ilmiy xodimlar, profesor-o`qituvchilar, madaniyat xodimlarining ish haqlari 30 foizdan 100 foizgacha oshirildi.

Valyuta va narx siyosatining erkinlashuvi, qishloq xo`jaligida hisob-kitoblarning tartibga solinishi va kapital quyilmalar oshishi byudjet daromadlari ko`payishiga ijobiy ta`sir ko`rsatdi.

9b0658f3-8d3f-37bb-4f59-cc262c0c001d.jpg

– Yil yakuniga qadar yana ikki oy bor. Shuning uchun barcha rezervlarni ishga solib, byudjetda yuz berishi mumkin bo`lgan defisitning oldini olish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Yig`ilishda kelgusi yili byudjet daromadlari izchil oshishi, soliq tizimida joriy etiladigan tarixiy o`zgarishlar natijasida aholi va biznesga katta engilliklar yaratilishi ta`kidlandi.

Xususan, 2019 yil 1 yanvardan:

- tushumdan olinadigan majburiy ajratmalarni to`liq bekor qilish natijadasida korxonalarda qo`shimcha 5,2 trillion so`m daromad qoladi;

- jismoniy shaxslar uchun daromad solig`ining eng yuqori stavkasi 22 foizdan 12 foizgacha, yagona ijtimoiy to`lovi 25 foizdan 15 foizgacha tushirilishi, fuqarolarning 8 foizlik sug`urta badali bekor qilinishi natijasida aholi daromadlari 6,5 foizga oshadi;

- yuridik shaxslar mol-mulk solig`i 5 foizdan 2 foizgacha, foyda solig`i 14 dan 12 foizgacha, kichik biznes sub`ektlari yagona solig`i 5 foizdan 4 foizgacha kamaytirilishi natijasida tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion so`m qo`shimcha mablag` qoladi. Umuman olganda, mavjud 19 ta soliq va majburiy to`lovlar turi 15 tagacha kamaytiriladi.

Bunday engilliklar natijasida byudjet tushumlarini ta`minlash biroz qiyinlashadi. Shu bois yig`ilishda byudjet defisitini qisqartirish, daromadlarni ko`paytirish, jumladan, ishchilar soni va ish haqini legallashtirish bo`yicha tizimli ishlarni amalga oshirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

2019 yilgi Byudjetnomani, shuningdek, soliq siyosatidagi o`zgarishlar bo`yicha tegishli qonun loyihasini puxta ishlab chiqib, yaqin vaqt ichida Oliy Majlisga taqdim etish vazifasi qo`yildi.

Qo`shilgan qiymat solig`i to`lashning soddalashtirilgan mexanizmini joriy etish, mavjud imtiyozlarni to`liq xatlovdan o`tkazib, optimizasiya qilish bo`yicha ham topshiriqlar berildi.

2019 yilgi byudjetning xarajatlar qismi muhokama qilinar ekan, Prezidentimiz uni asosan ijtimoiy va iqtisodiy sohalarga yo`naltirish zarurligini ta`kidladi.

– Kelgusi yil ham byudjetdan to`lanadigan oylik, pensiya va nafaqalarni inflyasiya darajasidan kam bo`lmagan miqdorda oshirish siyosatini davom ettirishimiz kerak. Bunda oylik maoshining o`sishi nisbatan past bo`lgan ijtimoiy soha xodimlariga asosiy e`tibor qaratish, jumladan, tibbiyot xodimlarining oyligini 26,5 foizga, oliy ta`lim va fan muassalalari xodimlari ish haqini 1,5 barobarga oshirish zarur, – dedi davlatimiz rahbari.

Yig`ilishda ta`kidlanganidek, ijtimoiy nafaqalar uchun mablag`lar hajmini 20 foizga ko`paytirish, umuman, oylik va unga tenglashtirilgan to`lovlarning davlat byudjeti xarajatidagi ulushini 49 foizdan 54 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.

Qabul qilingan davlat dasturlarini amalga oshirish masalalariga ham e`tibor qaratildi. Buning uchun imtiyozli shartlarda xorijiy mablag`larni jalb etish, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida ta`mirlanadigan ob`ektlarni aniq shakllantirib, 2019 yilgi Investisiya dasturiga kiritish zarurligi qayd etildi.

Byudjet mablag`laridan maqsadli va samarali foydalanish, bu borada nazoratni yanada kuchaytirish bo`yicha ham topshiriqlar berildi.

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar bo`yicha mutasaddi rahbarlarning hisobotlari eshitildi.

    Boshqa yangiliklar