AsosiySport

Hamyurtlarimiz ParaOsiyo o`yinlarini muvaffaqiyatli boshlashdi

Janubiy Koreyaning Incheon shahrida boshlangan ParaOsiyo o`yinlarida mamlakatimiz sportchilari dastlabki kungi bahslarda jami 5 ta medalga (4 ta oltin, 1 ta bronza) sazovor bo`ldi, deya xabar beradi Olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati.
Suzish hamda engil atletika musobaqalarida ishtirok etgan hamyurtlarimizdan Dmitriy Xorlin 50 hamda 400 metr masofaga o`tkazilgan musobaqalarda marraga birinchi bo`lib etib keldi va ParaOsiyo o`yinlarining bir yo`la ikkita oltin medalini delegasiyamiz hisobiga yozib qo`ydi. 
Ta`kidlash joizki, Dmitriy Xorlin 50 metr masofani 00:25,66 soniyada, 400 metr masofani esa 04:14,02 soniyada suzib o`tib, har ikki masofada ham Osiyo rekordlarini yangiladi. 
Suzish bo`yicha bo`lib o`tgan musobaqalarda, shuningdek, Kirill Pankov 50 metr masofaga erkin suzishda 00:24,08 soniya natija ko`rsatib, ParaOsiyo o`yinlarining oltin medalini qo`lga kiritish bilan birga, Osiyo rekordini ham yangiladi. 
E`tiborlisi, hamyurtimiz Kirill Pankov turli masofalarga suzishda bir necha bor Osiyo rekordlarini yangilab kelmoqda. Yodingizda bo`lsa, Kirill 2012 yili London shahri (Buyuk Britaniya)da bo`lib o`tgan yozgi Paralimpiya o`yinlarida ham ikki marotaba Osiyo rekordlarini yangilagan edi. Shundan so`ng ham tajribali sportchimiz o`tgan ikki yil davomida qator nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, bir necha bora qit`a rekordini yangilashga muvaffaq bo`ldi. Shu bois ham sport jamoatchiligi orasida Kirill Pankovni Osiyo rekordlarini yangilash bo`yicha mutaxassis deb, bejiz aytishmaydi. 
Bevosita yana ParaOsiyo o`yinlariga to`xtaladigan bo`lsak, birinchi kun bo`lib o`tgan musobaqalarda engil atletikachimiz Faxriddin Hamroev 800 metr masofaga yugurish musobaqasida marra chizig`ini birinchi bo`lib bosib o`tdi va navbatdagi oltin medalni delegasiyamiz hisobiga keltirdi. 
Quvonarlisi, Faxriddin ham ushbu musobaqada 01:57,19 soniya natija bilan Osiyo rekordini yangiladi. Ushbu masofaga yugurish bo`yicha hal qiluvchi final bosqichi musobaqalarida ishtirok etgan yana bir yurtdoshimiz Damir Pashaev bronza medali sovrindori bo`ldi. 
Shu tariqa, birinchi kungi musobaqalar yakunlariga ko`ra hamyurtlarimiz 4 ta oltin va 1 ta bronza medalini qo`lga kiritgan holda umumjamoa hisobida 5-o`rinda borishyapti.

    Boshqa yangiliklar