AsosiySport

ParaOsiyo o`yinlari. Hamyurtlarimiz yana 3 ta medalga sazovor bo`ldilar

Incheon shahri (J.Koreya)da davom etayotgan ParaOsiyo o`yinlarida delegasiyamiz hazinasi medallar bilan boyishda davom etmoqda. 
Birinchi kungi musobaqalarda 5 ta medalga ( 4 ta oltin, 1 ta bronza) sazovor bo`lgan hamyurtlarimiz, bugun ertalabki dasturdan o`rin egallagan musobaqalarda yana 2 ta oltin va 1 ta kumush medalni qo`lga kiritishdi. 
Dastlabki kun o`tkazilgan musobaqalarda 2 ta oltin medalga sazovor bo`lgan Dmitriy Xorlin bugun 100 metr masofaga erkin usulda suzish bo`yicha bo`lib o`tgan musobaqada 00:56,50 soniya natija bilan ParaOsiyo o`yinlarining uchinchi oltin medalini qo`lga kiritdi. 
E`tiborlisi, Dmitriy bu safar ham Osiyo rekordini yangilashga muvaffaq bo`ldi. Delegasiyamiz hisobiga yana bir oltin medalni engil atletikachimiz Mavlonbek Xaydarov keltirdi. 
Yadro uloqtirish musobaqalarida 14 metr 39 santimetr natijani qayd etgan Mavlonbek ParaOsiyo o`yinlarining oltin medaliga sazovor bo`lish bilan birga, Osiyo rekordini ham yangiladi. 
Engil atletikaning uzunlikka sakrash musobaqalarida ishtirok etgan yana bir hamyurtimiz Farrux Mirzaqulov 6 metr 58 santimetr natija bilan kumush medal sovrindori bo`ldi.
Shu tariqa, delegasiyamiz hisobida hozircha 6 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medali bor. Bugun kunning ikkinchi yarmida hamyurtlarimizdan Kirill Pankov 100 metr masofaga erkin va chalqancha usulda suzish musobaqalarining final bosqichida g`oliblik uchun kurash olib boradi. Shuningdek, o`q otish bo`yicha o`tkaziladigan musobaqalarda Server Ibragimov, dzyudo bellashuvlarida Sherzod Namozov, Nurbek Berdiyorov, Sevinch Salaeva hal qiluvchi final bosqichida ishtirok etadilar. Bugungi dasturda engil atletikachilarimiz Ma`rufjon Murodillaev, Sirojiddin Norov, Miran Saxadov, Xusniddin Norbekov va Ubaydulla Imomqulov bahslarda ishtirok etadilar.
 

    Boshqa yangiliklar