1

Namanganda o`qituvchi kollejning tartibsiz o`quvchilarini kaltakladi: bu safar kim haq?

Jamiyat 07.11.2018, 12:58
Namanganda o`qituvchi kollejning tartibsiz o`quvchilarini kaltakladi: bu safar kim haq?

Yodingizda bo`lsa, Toshkent viloyatida darsni o`zlashtirol­mayotgan boshlang`ich sinf o`quvchilarining peshanasiga o`qituvchining “2” baho qo`ygani, Farg`onada esa o`qituvchi ayol yuqoridan kelgan tekshiruv vaqtida darsdagi qoniqarsiz ishtiroki uchun tanbeh eshitib, o`quvchi qizning yuziga kundalik daftar bilan urgani kabi holatlar keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinib, tegishli choralar ko`rilgan edi. Yaqinda esa xuddi ana shunday nizoli vaziyat bilan Namangan xizmat ko`rsatish kasb-hunar kolleji “tarix”ga muhrlandi. Internet tarmoqlariga joylangan video havolada Namangan savdo va maishiy xizmat ko`rsatish kasb-hunar kolleji o`qituvchisi bir guruh o`g`il bolalarni kaltaklayotgani va haqoratlayotgani aks etgan. Surishtiruvlarimizdan ma`lum bo`lishicha, o`quvchilar takror-takror dars qoldirib kelganlar. Bu o`quvchilar kaltaklanishining bir sababi, boshqa tafsilotlarni esa surishtiruvimiz davomida oydinlashtirishga harakat qildik.

O`qituvchi biroz qizishib ketganini tan oldi, ammo...

Rashid SAFAROV, 35-guruh rahbari:

— Guruh bilan ishlash davomida men barcha amaldagi qoidalar bo`yicha ishlaganman. Hatto ota-onalarning ham bu borada tushuntirish xatlarini olganman. O`quvchilar ham yozma tarzda ogohlantirilgan. Maqsadim ularni tartibga chaqirish bo`lgan. Shu kuni to`g`risi, biroz qizishib ketdim va ularga qo`l ko`tarib, og`zimdan xunuk so`zlar chiqib ketdi…

"O`qituvchini ­noodatiy "tarbiyaviy­ soat"ga majbur qilgan"

Bahodir ERGAShEV, kollejning harbiy ta`lim o`qituvchisi:

— Bu guruh o`quvchilari aslida oldindan dars soatlarini qoldirib kelishgan. Hatto bu holatni yaxshilash maqsadida har kuni tongi yig`ilishlarda ham alohida ta`kidlab kelamiz. Barcha o`qituvchilar buning oldini olish uchun ko`p bora shug`ullanganmiz. Aslida tarqalgan videohavolani yaxshilab eshitsak, 35-guruh rahbari Rashid Safarov o`quvchilarni kaltaklayotganda: “Ruxsat so`rasang, beryapmizmi? Kasal bo`lsang “spravka” olib kel, necha marta ta`kidlash kerak senlarga, darslardan qochib ketmalaring...”degan so`zlari bor. Bundan anglash mumkinki, o`quvchilarning tartibsizligi takrorlanavergani o`qituvchini ana shu tarzda “tarbiyaviy soat” o`tkazishga majbur qilgan.

Mahalla tomonidan e`tiroz sabab...

Aslida ham o`rganish­larimiz jarayonida ko`p yillardan beri ishlab kelayotgan faxriy ustozlar va Rashid Safarovning boshqa hamkasblari kaltaklangan 35-guruh o`g`il bolalari biroz “erkaligi” va ichki qoidalarga bo`ysunmasligi sabab kollejdagi eng namunali va talabchan o`qituvchi bo`lgan Rashid Safarovga biriktirilgan. Bunday holatlar, ya`ni o`quvchilarning dars qoldirishlari tez-tez bo`lib turgan. Hatto o`quvchilar darsdan qochishda kollej binosini aholi xonadonlari bilan ajratib turuvchi qo`rg`ondan oshib o`tishni odat qilishgan. Natijada gaz tarmog`i quvuriga jiddiy zarar keltirishgan, ya`ni “truba” uzilib ketgan. Shu bois aholi vakillari kollejga holat yuzasidan jiddiy e`tiroz bilan chiqishgan. Ana shu holatlarda ham o`qituvchi avvaliga ota-onalar va mahalla faollari ishtirokida tushuntirish xatlari olgan. Biroq o`quvchilar bu odatlarini tashlamaganlar.

Kollej viloyatda eng nufuzli va bir necha yillik faoliyatga ega bo`lgani sabab, bu erda hatto 30-40 yillik malakali tajribaga ega ustozlar o`quvchilarga ta`lim-tarbiya berib keladi.

Hasanboy NO``MONOV, ijtimoiy fanlar ­kafedrasi mudiri:

— Kolleji­miz faoliyat boshlaganiga 80 yildan oshdi, men esa 40 yildan beri faoliyat yuritib kelaman. Ammo shu vaqtga qadar bunday ko`ngilsiz holatlar kuzatilmagan. O`qituvchilar jamoasi va o`quvchilar doim o`rnak ko`rsatib kelgan. 35-guruh o`quvchilarining ham bilim olishiga ko`mak beradi, ham ularning ta`lim tarbiya­siga alohida e`tibor qaratadi, degan maqsadda yosh o`qituvchi Rashid Safarov biriktirilgan edi. Bu o`qituvchi, albatta, o`zining to`qqiz yillik faoliyatida zimmasidagi vazifalarni bajarib kelgan. Ya`ni o`quvchilar va ularning ota-onalari bilan doimo aloqada bo`lgan. U hech qachon o`quvchilarga yomon bo`lsin, demaydi. U ham axiri shunday qilishga majbur bo`lgan nazarimda.

"Bu xatti-harakati pedagogik odob-axloq me`yorlarga zid"

Javlon HAKIMOV, ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari:

— Aslida o`quvchilarning tartib-qoidalari, ya`ni ta`lim muassasiga ki­yinib kelish, uyali aloqa vositalaridan foydalanish, burch va majburiyatlari bilan bog`liq tegishli farmoyishlar mavjud. Bu bo`yicha deyarli har doim ishlar olib boriladi. Biroq Rashid Safarovning bu xatti-harakati pedagogik odob-axloq me`yo­rlarga zid. Ana shu sabab 27 oktyabr kuni turli internet saytlarida tarqalib ketgan video yuzasidan jamoaning yig`ilishi o`tkazildi. Rashid Safarov yo`l qo`ygan xatosi yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

O`quvchilar "oppoq"mi?

Ushbu videohavola “o`rgimchak to`ri” orqali tarqalgach, foydalanuvchilar tomonidan turlicha munosabat bildirildi. Kimdir o`qituvchining “tarbiyaviy soati”ni pedagogning odob-axloq qoidalariga to`g`ri kelmaydi, uning o`zini ham xuddi shunday kaltaklab, haqoratlash kerakligini bildirgan bo`lsa, aksariyat foydalanuvchilar o`qituvchini bunday tartibga chaqirishiga sabab bo`lgan “qahramon”lar ham begunoh emas, ya`ni ularning ham ta`lim muassasalaridagi tartib-qoidaga rioya qilmaganini ham oqlab bo`lmasligini ifoda etishgan. To`g`ri, uydami, ko`chadami, ta`lim-tarbiya maskanidami, xullas, qaerda bo`lmasin, voyaga etmaganlarga nisbatan zo`rlik ishlatishni oqlab bo`lmaydi. Bu bo`yicha O`zbekiston Bola huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi xalqaro konvensiyani ratifikasiya qilganini unutmaslik kerak. Ammo xalq orasida bir naql bor: qars ikki qo`ldan chiqadi. Xo`sh, unda kim aybdor: ota-ona, mahalla fuqarolar yig`ini aralashuvi bilan ham o`quvchini tartibga chaqirolmagach, kaltaklashgacha majbur bo`lib, pedagogik odob-axloq qoidalarini “buzgan” o`qituvchimi yoki uni shunga majburlagan tartibsiz o`quvchilar?

Ota-onalarning ­javobgarligi qanday?

Ma`lumki, so`nggi paytlarda farzandining ta`lim olishini talab darajasida ta`minlay olmayotgan ota-onalar uchun ham qonunchilikda belgilangan me`yorlar amalda ijro etib kelinmoqda. Ularning ham bu borada javobgarligini kuchaytirish uchun jarima jazosi tayinlangan.

Nazokat TURG`UNOVA, huquqshunos:

— Agar ota-ona yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxs­lar voyaga etmagan bolalarning yurtimizda belgilangan majburiy ta`lim olishiga to`sqinlik qilsa, ya`ni bu borada beparvolik, mas`uliyatsizlikka yo`l qo`ysa, ularga nisbatan ma`muriy javobgarlik choralari qo`llanadi. Bunday holatlarda nafaqat o`qituvchilar javobgar bo`ladi, balki ota-onalar va ularning o`rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan ham Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks­ning 47-moddasi 2-qismi talablariga ko`ra, eng kam ish haqining besh baravaridan o`n baravarigacha miqdorda jarima chorasi qo`llanilishiga sabab bo`ladi. Huquqiy nuqtai nazardan o`qituvchi ta`lim muassasasi qoidalariga bo`ysunmagan, darslardan qochib yurgan, muntazam dars qoldirgan yoki kechikishni odat qilib, tartibsizlikni yuzaga keltirgan o`quvchilarning ota-onalariga nisbatan ana shunday qonuniy jazo choralari qo`llanilishini o`z vaqtida ta`minlaganida maqsadga muvofiq bo`lardi.

Qars ikki qo`ldan chiqishining isboti

Ayni vaqtda yuqoridagi savollarga javob topish uchun ijtimoiy tarmoq orqali kichik so`rovnoma o`tkazishga ham to`g`ri keldi. Natijalarga ko`ra, so`rovnomaga munosabat bildirgan 216 nafar foydalanuvchilarning 107 nafari “Har qanday holatda ham o`qituvchining bunday harakati pedagogika etikasiga to`g`ri kelmaydi”, deb hisobladi. Qolgan 109 nafar foydalanuvchi esa “O`qituvchi haq, agar hatto mahalla fuqarolar yig`ini va ota-ona aralashuvi ham o`quvchining tartibsizligiga chek qo`ya olmasa”, degan fikrda.

Bu natija bilan kifoyalanmay, surishtiruvimiz davomida guvohi bo`lgan ayrim holatlar bilan ham vaziyatni taqqoslashga urindik. Masalan, kollejning boshqa guruhdagi talabalari, ularning kiyinish madaniyati, dars jarayonlariga qatnashuvlarini ko`rib, 35-guruh bilan bog`liq bunday ko`ngilsizlikda tanganing ikkinchi tomonini ham ko`rish muhim ekanligini angladik. Demak, ayb faqat o`qituvchida emas, balki...

Umida QO`ShOQOVA, Namangandan “Darakchi” uchun maxsus

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1