AsosiyJamiyat
1601

2024 yilda poytaxtda davlat tibbiy sug`urta mexanizmlari joriy etiladi

'2024 yilda poytaxtda davlat tibbiy sug`urta mexanizmlari joriy etiladi'ning rasmi

Davlatimiz rahbarining shu yil 22 yanvardagi qaroriga muvofiq tuzilgan Sog`liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan birlamchi bo`g`in va tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, davlat tibbiy sug`urtasini joriy etish, dori-darmonlar xaridini tartibga solish bo`yicha qator takliflar ishlab chiqilgan.

Bugun Prezidentga qilingan taqdimotda ushbu yo`nalishlar atroflicha tahlil qilindi.

2024 yilda poytaxtda davlat tibbiy sug`urta mexanizmlari joriy etiladi. E`tiborlisi, bu aholi tomonidan to`lanayotgan umumiy soliqlar hisobidan bo`ladi va aholidan qo`shimcha badallar undirilmaydi.

Tez tibbiy yordam tizimi tahlil qilinar ekan, asosiy muammo murojaatlarni kasallikning og`irligiga qarab saralamaslik bilan bog`liq ekani ko`rsatib o`tildi.

Shu bois tez yordam “koll-markaz”larida bemorlarga shifokor maslahati ham yo`lga qo`yilishi belgilandi. Bu yil Toshkent shahrida, kelasi yili boshqa hududlarda paramedik va pediatrik brigadalar tashkil qilinishi aytildi. Tizim xodimlari tibbiy maslahat shifokori, chaqiruvni saralash operatori, feldsher-paramedik yo`nalishida qayta tayyorlanadi.

Taqdimotda dorilarga haqiqiy ehtiyojni shakllantirish, ularni xarid qilish va joylarga o`z vaqtida etkazib berish masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi. To`g`ridan-to`g`ri shartnoma asosida sotib olinadigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro`yxatini hamda xarid jarayonini takomillashtirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari jamiyatda sog`lom turmush tarzini keng yoyish orqali kasalliklarning oldini olish, odamlarda o`z salomatligiga mas`uliyat hissini kuchaytirish hamisha muhimligini ta`kidladi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar