AsosiyDunyo
2819

Ibrohim Raisiy vafotidan kim manfaatdor?

'Ibrohim Raisiy vafotidan kim manfaatdor?'ning rasmi

Joriy yilning 19 may kuni Eron prezidenti Ibrohim Raisiy o`tirgan vertolyot Ozarbayjon chegarasidagi tog`li hududda halokatga uchradi. Vertolyotda prezidentdan tashqari Eron tashqi ishlari vaziri Husayn Amir Abdullahiyon hamda yana 9 nafar amaldor, xususan, Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyati rahbari Malik Rahmatiy va Tabriz viloyati oyatullosi Ali Hoshimlar ham bo`lgan.

Rasmiy ma`lumotlarga qaraganda ularning barchasi halok bo`lgan.

Vertolyot halokatida o`lganlarning dafn marosimi 21 may, seshanba kuni Tabriz shahrida o`tkaziladi.

Eronning Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Homanaiy prezident Raisiy xotirasiga butun mamlakat bo`ylab 5 kunlik motam e`lon qildi.

Ayni paytda, Eron konstitusiyasiga ko`ra, prezident vazifalarini bajarishni vise-prezident o`z zimmasiga olgan. Oradan kamida 50 kun o`tgach, Eronda prezidentlik saylovlari o`tkaziladi.

Halokatni yoritishdagi shubhali jihatlar

Halokat sabablari bo`yicha hozircha aniq va rasmiy ma`lumotlar berilmagan. Hozircha tasdiqlangan sabab – kuchli tuman vertolyotning risoladagidek parvoz qilish va qo`nishiga xalaqit bergan.

Eron hukumati bu voqealar yuzasidan axborot berishda shaffoflik, tezkorlik va xolislikka rioya qildi, deyish qiyin. Prezident o`tirgan vertolyot “qattiq” qo`nganligi haqidagi ma`lumotlardan so`ng, bir-biriga zid xabarlar paydo bo`ldi. Hatto davlatga tegishli axborot agentligi avval prezident va uning hamsafarlari tirik topilgani va ular shaharga olib ketilayotgani haqida xabar joyladi va keyin uni darrov o`chirib tashladi.

Vertolyot halokatga uchragan joy (Turkiya droni tomonidan) aniqlanganidan va uning oldiga eronlik qutqaruvchilar etib borganidan keyin hamhaqiqat oshkor qilinmadi. Keyinroq esa halokatga uchraganlarning tirik qolish ehtimoli kamligi haqida xabarlar paydo bo`ldi. Shundan keyingina Eronning davlatga tegishli rasmiy axborot agentliklari prezident Raisiy va unga safarda hamrohlik qilganlarning barchasi halok bo`lgani haqida bayonot tarqatdi.

Albatta ayrim tuzumlardagi tarixiy-byurokratik norasmiy “an`ana”ga ko`ra, birinchi rahbarning o`limi darrov oshkor etilmaydi. Bu mamlakat ichida hamda elita orasida “keraksiz” hayajonlar paydo bo`lishi mumkinligidan xavotir sababidandir, ehtimol.

Kim manfaatdor?

Albatta rasmiy bayonotlar va mantiqiy xulosalarga ko`ra, Eron prezidenti tabiiy halokat qurboni bo`ldi. Ammo biror ehtimoliy jinoyat shubha ostiga qo`yilsa, eng avvalo, “kim manfaatdor” degan savol qo`yiladi.

Ayrim tahlilchilar Ozarbayjon versiyasiniko`rib chiqish ham shart emas, deyishadi. To`g`ri,Ozarbayjon Eronning azaliy dushmani (har holda Eron hukumatining bayonotlariga ko`ra) Isroil bilan yaqin munosabatlarda.

Eron esa mamlakatdagi ozarbayjon separatizmi va mintaqadagi turkiy birdamlik kuchlanishidan xavotir olishi bois, Armaniston va Rossiya geopolitik manfaatlarining tarafdori.

Biroq, bo`ri o`z uyasi yaqinida ovlamaydi, deganlaridek, Ozarbayjon prezidenti bilan uchrashib, Araks daryosiga o`rnatilgan to`g`onning ochilish marosimidan qaytayotgan Eron prezidentining tinchgina manziliga etib olishidan avvalo Ozarbayjon manfaatdor.

Qolaversa, Raisiyning yo`q qilinishi Eron-Ozarbayjon munosabatlariga deyarli ta`sir ko`rsatmaydi.

Isroil, AQSh va G`arb

Ko`pchilik musulmonlar, Eron prezidentining o`limini ummat uchun yo`qotish, deb qabul qilishdi. Emishki, musulmonlar ko`p yashovchi davlat rahbarlari orasida birinchi bo`lib Eron Isroilga amaliy qarshilik qilgan.

Albatta “poxoldo`q”lar va avvaldan ogohlantirib otilgan, 2-3 falastinlikning o`limini aytmasa, Isroilga “chivin chaqqanchalik” ham zarar etkazmagan Eron raketalarini hisobga olish shart emas.

Falastin muammosini hal qilishga jiddiy hissa qo`shayotganlar orasida Erondan ko`ra musulmon bo`lmagan davlatlar, norozilik namoyishchilari orasida esa, eronliklar emas, nasroniy va yahudiylarni (aksilsionist yahudiylar) ko`proq ko`rish mumkin. Qolaversa, Falastin va AQSh bilan Eronning dahanaki jangi 1979 yildan beri davom etib keladi. Ammo Eron prezidentiga biror marta ham suiiqasd uyushtirilmagan. Qolaversa, AQSh yoki Isroil tomonidan shunday fitna uchun harakat boshlanganida, Eron hamda boshqa do`st davlatlarning razvedka xizmatlaridan birortasi allaqachon “hid” olgan bo`lardi. Zero, tarixga nazar soladigan bo`lsak, bunday fitnalar to`satdan amalga oshirilmaydi, avvaldan puxta tayyorgarlik ko`riladi.

Yana bir ehtimoli o`ta kam taxminga ko`ra, Raisiy Eron elitasi ichidagi muxolif kuchlarning qurboni bo`lgan. Chunki Eron prezidenti boshchiligidagi davlat delegasiyasi qo`shni Ozarbayjonga borgan va davlat ahamiyatidagi yirik kelishuvlarni muvaffaqiyatli yakunlab, qaytish jarayonida aviahalokatga uchragan. Eron prezidenti korteji uchta vertolyotdan iborat bo`lgan. Qolgan ikki vertolyot manzilga etib borgan, faqatgina prezident Ibrohim Raisiy o`tirgan vertolyot halokatga uchragan. Bir qarashda o`ta shubhali, shunday emasmi?

Biroq yana o`sha muhim savol: kim manfaatdor? Eron prezidentlik respublikasi, bu erda davlat boshlig`i saylovlar orqali belgilanadi. Qandaydir guruhlar yoki prezidentlik kursisidan umidvorlar bu yo`l bilan o`zlariga yo`l ochishlarining ehtimoli nolga teng.

Bu kabi shubha va gumonlarning deyarli hammasini yo`qqa chiqaruvchi bir omil bor. Eronning asl “xo`jayini” – uning diniy rahnamosi – Oyatulloh. Eronda 1989 yildan buyon davlat rahbari – Ali Hominaiy hisoblanadi. Erondagi prezidentlar – boshqa respublikalardagi bosh vazir bilan teng maqomda. Eronda milliy xavfsizlik, ichki va tashqi ishlar, siyosiy yo`nalishlarning barchasini Oyatulloh –Imom Hominaiy belgilab beradi. Eron prezidentiesa ijrochi shaxs. Oliy qarorlarni imom Hominaiy qabul qiladi, prezident ularning ijrosini ta`minlaydi va imomga, diniy kengashga va parlamentga hisobot beradi.

Qolaversa, ekspertlarning aytishicha, Ibrohim Raisiy – konservator siyosatchi bo`lgan. Raisiy va Imom Hominaiy hamda Islom inqilobi qo`riqchilari korpusi o`rtasida biror kelishmovchiliklar ko`zga tashlanmagan.

Eron taqdiri nima bo`ladi?

Yuqorida ham shama` qilinganidek, Eronprezidentining halokati ushbu davlatning ichki va tashqi siyosatiga deyarli ta`sir qilmaydi. Oyog`i singan aravaning oyog`ini alishtirishsa kifoya, arava yana ko`zlagan manzili sari yo`nalishda davom etadi. Zero, aravakash emas, aravaning oyog`i haqida gap ketyapti hozir.

Qolaversa, tez orada Eron prezidenti va boshqa mulozimlarning o`limini taftish qilish uchun davlat komissiyasi tuziladi. Ayrim ma`lumotlarga ko`ra, unda xalqaro kuzatuvchilar ham ishtirok etadi. Barcha omil va dalillar sinchkovlik bilan o`rganiladi. Ammo natijani ertagayoq e`lon qilishmaydi albatta. Raisiy va uning hamrohlari o`limi yuzasidan aniq xulosa chiqarish uchun kamida 1 oy yoki undan ko`p vaqt talab etilishi mumkin.

                   ABDULLOH SAYYID

 

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar