O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Mo`ynoq tumaniga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mo`ynoq mamlakatimizning eng shimoliy hududi. Bu erda 30 mingdan ziyod aholi yashaydi. Mehnatga layoqatli insonlarning aksariyati ishlab chiqarish, xizmat ko`rsatish, savdo, qishloq xo`jaligi va boshqa sohalarda band.
Keyingi yillarda hududdagi ekologik holatni yaxshilash, aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash, yangi ish o`rinlari ochish bo`yicha bajarilgan aniq, manzilli chora-tadbirlar natijasida odamlar turmush darajasi sezilarli oshdi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 28 fevraldagi «Qoraqalpog`iston Respublikasi Mo`ynoq tumanini 2017-2018 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta`minlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qaroriga muvofiq to`qimachilik, farmasevtika va elektrotexnika mahsulotlari, tomchilab sug`orish uskunalari, plastmassa quvurlar ishlab chiqarish tashkil etildi, baliqchilik va turizmni rivojlantirish bo`yicha imkoniyatlar ishga solindi.
2019 yilda Mo`ynoq tumanida yana ko`plab - sanoat sohasida 12 ta, qishloq xo`jaligida 5 ta, xizmat ko`rsatish bo`yicha 14 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ijtimoiy soha ob`ektlari qurish va ta`mirlash, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlarini rivojlantirish bo`yicha loyihalar ishlab chiqilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoev ushbu loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Mo`ynoqning mavjud salohiyati, tabiiy imkoniyatlaridan foydalanib, ichki bozorga kerakli mahsulotlar ishlab chiqarish bo`yicha topshiriqlar berdi.
Masalan, Mo`ynoq atrofida qamish ko`p. Uni qayta ishlaydigan korxonalar tashkil etib, bozorbop qurilish materiallari tayyorlash, yoshlarni ish bilan ta`minlash mumkin.
Hududning yana bir imkoniyati - suv havzalari. Ularda baliqchilikni rivojlantirish, baliqni qayta ishlab sotish orqali oilalarga baraka kiradi.
Mo`ynoqda chorvachilik, ayniqsa, echkichilikni rivojlantirish ham mumkin. Echki tashqi muhitga yaxshi moslashadi, ozuqa tanlamaydi. Uning junidan kundalik ehtiyoj tovarlari tayyorlab sotish xotin-qizlar uchun ish o`rni bo`ladi.
Orol fojiasidan eng ko`p zarar ko`rgan asli shu - Mo`ynoq aholisi, dedi Shavkat Mirziyoev. Ularning sabr-qanoati, vatanparvarligi, mehnatkashligi uchun rahmat aytishimiz, shunga munosib xizmat qilishimiz kerak.
Shu bois Prezidentimiz kelgusi ikki yilda Mo`ynoqda 20 ta ko`p qavatli uy qurish, yangi shaharcha barpo etish bo`yicha topshiriq berdi. Bu erda zamonaviy shaharsozlikdagi barcha yangiliklarni joriy etish, namunaviy infratuzilma yaratish zarurligini ta`kidladi.
Ekologiya muzeyi zalida mahalliy aholi vakillari bilan bo`lib o`tgan muloqotda ana shu ulkan rejalar haqida so`z bordi. Prezidentimizning tarixiy tashrifi, tumanni har tomonlama rivojlantirishga qaratayotgan e`tibori mo`ynoqliklarga katta quvonch bag`ishladi.










