16 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyevning Qirg`iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma`lum qildi.
Suhbat avvalida davlat rahbari Qirg`iziston prezidentini 60 yoshga to`lgani bilan qutladi. Unga mustahkam sog`lik-salomatlik va faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Muloqot davomida hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo-sotiq hajmlarini oshirish, sanoat, energetika, transport va qishloq xo`jaligi sohalarida kooperasiyani kuchaytirish istiqbollari ko`rib chiqildi.
Tomonlar mintaqalararo hamkorlikning ulkan salohiyatini to`liq ishga solish zarurligini ta`kidladi. Ikki davlat chegaradosh hududlari o`rtasida doimiy ravishda o`tkazib borilayotgan qo`shma tadbirlarning ijobiy natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Qirg`iziston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qutlov va tilaklar uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.






