AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev harbiy xizmatchilar bilan suhbatlashdi

'Shavkat Mirziyoev harbiy xizmatchilar bilan suhbatlashdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni Shavkat Mirziyoev 16 noyabr kuni Shimoli-g`arbiy harbiy okrukka qarashli Nukus gornizonida bo`lib, xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu gornizon hududidagi harbiy qism yotoqxonasi, o`quv korpuslari, oshxona, shuningdek, harbiy shaharchadagi bog`cha, maktab va yashash uylari yangilandi. Futbol, tennis, voleybol maydonchalari qurildi.

Kapital rekonstruksiya qilingan o`quv korpusida muddatli harbiy xizmatchilar kompyuter savodxonligi, tadbirkorlik kurslari, xorijiy tillar, matematika va fizika bo`yicha mashg`ulotlar o`tkazadi.

Yana bir binoda merganlik, artilleriya, havo hujumidan mudofaa, harbiy topografiya, harbiy taktik maxsus va aloqa tayyorgarlik bo`yicha nazariy bilimini oshiradi. Bundan tashqari, boy kitob fondiga ega va zamonaviy axborot vositalari bilan ta`minlangan kutubxona askarlar xizmatida. Bu erda harbiy xizmatchilar videomuloqot orqali taniqli yozuvchi va shoirlar bilan suhbatlashish imkoniga ega.

Prezidentimiz turli yo`nalishlar bo`yicha o`tkazilayotgan mashg`ulotlar jarayonini ko`zdan kechirdi, yoshlar bilan suhbatlashdi.

Harbiylarimizning ham jismonan, ham bilim jihatidan barkamol bo`lishi uchun hamma sharoitlarni yaratyapmiz. Shuning uchun sizlar bir soat ham vaqtlaringizni behuda o`tkazmay, kitob o`qishingiz, chuqur bilim olishingiz, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni puxta o`rganib, yoshlarga o`rnak bo`lishingiz kerak. Chunki yoshlar bizning tayanchimiz, umidimiz, dedi Prezident.

Fortepianoda opera ijro etgan kursant Jamshid Himmatovning o`qishi va ijodiga muvaffaqiyat tiladi.

    Boshqa yangiliklar