AsosiySiyosat

O`zbekiston elchisi Kanada General-gubernatoriga ishonch yorliqlarini topshirdi

'O`zbekiston elchisi Kanada General-gubernatoriga ishonch yorliqlarini topshirdi'ning rasmi

O`zbekistonning qarorgohi Vashingtonda bo`lgan elchisi Javlon Vahobov Kanada general-gubernatori Jyuli Payettga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati.

General-gubernatorning rasmiy qarorgohida o`tkazilgan marosimdan so`ng o`tkazilgan uchrashuvda Kanada rahbari “O`zbekiston o`zining buyuk tarixi va jahonning strategik ahamiyatga ega qismida joylashuvi bilan mashhur” ekanligini alohida qayd etib o`tgan.

Jyuli Payett fazogir sifatida O`zbekiston haqida ko`p eshitgani va o`qiganini ta`kidlab o`tdi. Jumladan, dunyoga mashhur olim Mirzo Ulug`bek tuzgan katalogning falakiyot ilmini o`rganishdagi o`rni beqiyos.

Kanada general-gubernatori ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi rivojiga ham to`xtalib o`tdi. – Kanada O`zbekistonning xalqaro hamjamiyatning rivojlangan a`zosi bo`lish yo`lidagi harakatlarini qo`llab quvvatlaydi, dedi Jyuli Payett. - Men Kanadaning Sky Power kompaniyasi O`zbekiston bozoriga qayta tiklanuvchi energetika sohasini rivojlantirish uchun katta investisiya bilan kirayotganini eshitganimdan xursandman. Bu loyiha “ikki tomon uchun ham manfaatli va yutuqli” hisoblanadi.

Shu bilan bir qatorda, Payett hali O`zbekiston va Kanada hamkorligi borasida amalga oshirilishi kerak bo`lgan ishlar ko`pligini qayd etgan. Jumladan, mamlakatlarimiz o`rtasidagi savdo hajmini ko`paytirish, ta`lim sohasidagi hamkorlikni faollashtirish zarurligini ta`kidlagan.

Marosim yakunida Javlon Vahobov Kanada TIVning Qutboldi mintaqasi, Sharqiy Evropa va Evroosiyo bo`yicha byurosi direktori Ellison LeKler bilan ham uchrashdi. Kanadalik diplomat 2019 yilning birinchi yarmida O`zbekiston rahbarining Kanadaga tashrifini tashkil etish uchun siyosiy va diplomatik tadbirlarni amalga oshirishga tayyor ekanligini bildirdi.

    Boshqa yangiliklar