Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 noyabr kuni Tashkent City xalqaro biznes markazi qurilishini yana bir bor ko`zdan kechirdi, deb xabar berdi Prezidentning matbuot xizmati.
Bu erda zamonaviy arxitektura yutuqlariga muvofiq loyihalar va davlatimiz rahbarining avvalgi tashriflari chog`ida berilgan ko`rsatmalar asosida jadal qurilish ketmoqda.
Biznes markazlar, mehmonxonalar, kongress-xol, ofislar, ko`p qavatli uylar, restoranlar va boshqa ob`ektlar ettita lotga ajratilgan holda bunyod etilmoqda.
Prezidentimiz besh yulduzli mehmonxonada quriladigan xonalar, zallar namunalari bilan tanishdi. Xonalarning har bir detaliga e`tibor qaratib, ularning dizayni va qulayliklari bo`yicha ko`rsatmalar berdi. Xonalar yorug` va bahavo bo`lishi, ularni bezashda odamlarning kayfiyatini ko`taradigan, ochiq ranglardan foydalanish kerakligini ta`kidladi.

Mehmonxonaga tutash tarzda yana bir yirik inshoot – kongress-xoll qurilmoqda. Unda oliy darajadagi uchrashuvlar, xalqaro anjumanlar o`tkazish uchun barcha sharoit yaratiladi. Eng so`nggi texnika va texnologiyalar bilan jihozlanadi.
Shavkat Mirziyoyev kongress-xollni xalqaro standartlar asosida qurish, yirik delegasiyalarni qabul qilish uchun zarur qulayliklar yaratish bo`yicha topshiriqlar berdi.


Prezident Gardens Residence turar joy kompleksini ham borib ko`rdi. Namuna sifatida qurilgan 2 va 4 xonali uylarni ko`zdan kechirdi.
Sakkiz gektar maydonni egallaydigan ushbu kompleks to`qqizta ko`p xonadonli uydan iborat bo`ladi. Ularni loyihalashda barcha jihatlar inobatga olingan. Bolalar, ota-onalar, mehmonlar uchun alohida qulayliklar ko`zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari xalqimiz mana shunday zamonaviy uylarda yashashga haqli ekani, Evropa va Osiyoning rivojlangan mamlakatlari standartlari asosida qurilgan bu uylar yurtdoshlarimizga berilishini ta`kidladi. Mazkur turar joylar xaridorlarga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar asosida taqdim etiladi.






