O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o`rinbosari, BMTning Jeneva shahridagi bo`linmasi bosh direktori Maykl Myollerni qabul qildi. Bu haqda O`zbekiston Prezidentining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Samarqandda o`tkaziladigan Inson huquqlari bo`yicha birinchi Osiyo forumi tadbirlarida ishtirok etish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining nufuzli delegasiyasi tashrifi O`zbekiston va BMT o`rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotganining yana bir tasdig`i ekanini mamnuniyat bilan ta`kidladi.
O`zaro aloqa va tashriflar sezilarli faollashgani mamlakatimizning Tashkilot tuzilma va institutlari bilan konstruktiv muloqotni yo`lga qo`yish hamda Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishga qaratilgan samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilgani qayd etildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissar boshqarmasi, Xalqaro mehnat tashkiloti, YuNESKO, Jahon sayyohlik tashkiloti va BMTning boshqa muassasalari bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirishga doir qator dasturiy hujjatlar va “yo`l xarita”lari qabul qilingan va birgalikda amalga oshirilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi tashabbusi bilan joriy yil iyun oyida birinchi marta BMT Bosh Assambleyasining Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta`minlash masalalari bo`yicha maxsus rezolyusiyasi qabul qilingani hamda uning xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo`llab-quvvatlangani alohida ta`kidlandi.
Shuningdek, mamlakatimizning BMTning Yoshlar huquqlari to`g`risida xalqaro konvensiyasi va Bosh Assambleyaning “Ma`rifat va diniy bag`rikenglik” nomli rezolyusiyasini qabul qilish bo`yicha tashabbuslarini ilgari surish yo`lida birgalikdagi ishlar davom ettirilmoqda.
Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining ikki tomonlama hamkorligini rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Orol ekologik fojiasi oqibatlarini, jumladan, Orolbo`yida ijtimoiy-iqtisodiy, gumanitar dastur va loyihalarni amalga oshirish orqali yumshatishda jahon hamjamiyati sa`y-harakatlarini birlashtirishga alohida e`tibor qaratildi.
O`zbekistonning BMT shafeligida maxsus Trast jamg`armasini tashkil etish bo`yicha tashabbusini ro`yobga chiqarish bu borada katta amaliy qadam bo`ladi. Joriy yil 27 noyabr kuni Tashkilotning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida ushbu tuzilmaning yuqori darajadagi birinchi tadbiri bo`lib o`tadi.
Tomonlar, shuningdek, mintaqamiz va uning tashqarisida tinchlik va barqarorlikni ta`minlashning muhim omili bo`lgan Afg`onistondagi vaziyatni siyosiy yo`l bilan hal etishga har tomonlama ko`maklashish masalalarini ko`rib chiqdilar.
BMT Bosh kotibi o`rinbosari Maykl Myoller davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.
O`zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan, avvalo, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta`minlashga qaratilgan keng ko`lamli islohot va yangilanishlarga yuksak baho berdi.
2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi o`z mazmun-mohiyatiga ko`ra, BMTning 2030 yilgacha bo`lgan davrga mo`ljallangan Barqaror taraqqiyot sohasidagi maqsad va vazifalariga hamohang ekani alohida ta`kidlandi.
Maykl Myoller Tashkilot O`zbekistonning Markaziy Osiyoda ishonch, yaxshi qo`shnichilik va konstruktiv sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, mintaqada barqaror taraqqiyotga ko`maklashish yo`lidagi sa`y-harakatlarini to`la qo`llab-quvvatlashini ta`kidladi.
BMT O`zbekiston bilan ko`p qirrali hamkorlikni, jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda o`tkazilayotgan Inson huquqlari bo`yicha birinchi Osiyo forumi natijalari doirasida yanada mustahkamlashga tayyor ekani qayd etildi.






