AsosiySport

Umid Ahmadjonov Yaponiya futbol klubi rahbari bilan uchrashdi

'Umid Ahmadjonov Yaponiya futbol klubi rahbari bilan uchrashdi'ning rasmi

Bugun, 29 noyabr kuni Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti, O`zbekiston futbol assosiasiyasi 1-vise-prezidenti Umid Ahmadjonov Yaponiyaning «Vanfore Kofu» klubi rahbari, Yaponiya futbol federasiyasi a`zosi Kazuyuki Umino va «Yaponiya-O`zbekiston» sport va ta`lim bo`yicha assosiasiyasi raisi, «Paxtakor» va «Buxoro» klubining sobiq futbolchisi Naoya Shibamura bilan uchrashuv o`tkazdi.

Yaponiyalik futbol mutasaddilarining yurtimizga tashrifidan asosiy maqsad, yurtimizdagi iqtidorli yosh futbolchilarni Yaponiyaga olib borish va ularni yapon futboli bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, yaponiyalik futbolchilarni O`zbekistonga olib kelib, tajriba almashishdan iborat.

Uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov O`zbekiston futbol assosiasiyasi bu kabi hamkorlikka tayyor ekanini ma`lum qildi: «Biz Yaponiya futbol federasiyasi bilan o`zaro memorandum imzolagan holda, yaqin aloqalarni o`rnatganmiz. Futbol klublarimiz mutaxassislari Yaponiyaga safar uyushtirib, u erdagi ish jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi. «Jey-liga» tajribasini o`rganishdi.

Yaponiya terma jamoasi nafaqat Osiyoda, balki butun jahonda o`z o`rniga ega. 2019 yil BAAda bo`ladigan Osiyo Kubogida Yaponiya terma jamoasi bilan bir guruhdan joy olganmiz. Yanvarda bo`lib o`tadigan uchrashuvda O`zbekiston — Yaponiya terma jamoalari chiroyli va mazmunli o`yin namoyish qilishadi, deb umid qilib qolamiz.

O`zaro yosh futbolchilarni almashib, tajriba o`rganish masalasiga keladigan bo`lsak, bu kabi hamkorlikka tayyormiz. Bu o`zbek futboli uchun katta foyda bo`ladi. Hozirda butun Respublika bo`ylab 15ta hududiy bolalar va o`smirlar futbol akademiyalari faoliyat yuritmoqda. Mazkur akademiyalar tarbiyalanuvchilari ichidan iqtidorli bolalarni Yaponiyaga jo`natamiz. Ular Yaponiyaga safar davomida o`zlari uchun juda katta taassurot olishlariga ishonchim komil», dedi Umid Ahmadjonov.

O`z o`rnida «Vanfore Kofu» futbol klubi rahbari Kazuyuki Umino O`zbekiston bilan hamkorlik qilish juda qiziqarli ekanini aytib o`tar ekan, O`zbekiston terma jamoalarining so`nggi paytlarda xalqaro musobaqalarda qayd etayotgan natijalarini yuqori baholadi. Jumladan, shu yil qishda O`zbekiston olimpiya terma jamoasi Osiyo chempionati U-23 musobaqasida Yaponiya ustidan 4:0 hisobida g`alaba qozonganiga alohida to`xtaldi.

Naoya Shibamura esa «Paxtakor» va «Buxoro» klublaridagi faoliyati orqali o`zbek futboli bilan yaqindan tanish ekanini, endilikda ikki mamlakat futboli o`rtasida yaqin aloqalar o`rnatilishiga o`z hissasini qo`shish niyati borligini ma`lum qildi.

    Boshqa yangiliklar