PROlogue festivalining so`nggi kuni kuni kinoga ixlosi baland yoshlar, kinoijodkorlar, yurtimizda kino san`ati sohasida o`ziga xos maktab yaratgan ustoz san`atkorlar, mahalliy va xorijiy kinematograflar Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Davlat akademik katta teatrida jam bo`lishdi.
Mehmonlar orasida Rossiya xalq artisti, «Oskar» mukofoti laureati Vladimir Menshov, Rossiyada xizmat ko`rsatgan artist Mixail Porechenkov, aktyor Sergey Shakurovlarning borligi festivalning nufuzi baland ekanligidan, kelajakdagi natijasi esa sezilarli bo`lishidan darak beradi.
Yosh kinoijodkorlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, o`z iqtidori va mahoratini katta ekranlarda namoyish etishiga hamda xorijlik malakali mutaxassislar bilan tajriba almashishlariga imkoniyat yaratish, mamlakatimiz turistik salohiyatini keng targ`ib qilish maqsadida tashkil etilgan mazkur festival bugun yana bir qancha iste`dod egalarini kashf etdi.
PROlogue kinofestivali doirasida bo`lib o`tgan Scorpion” filmining premerasi, «O`zbek kinosining tarixi» fotoko`rgazmasining ochilishi, Qamara Kamalova haqidagi «Kino – eyo rabota» kitobining taqdimoti, rossiyalik aktyor Vladimir Menshov bilan o`tkazilgan ijodiy uchrashuv, rossiyalik postanovkachi operator Sergey Astaxovning mahorat darslari orqali ko`pchilik yoshlar kino maktabida saboq oldi. Mazkur tadbirlar kino tarbiyalovchi san`at ekanini isbotladi.
Eng yaxshi to`liq metrajli badiiy filmlar va qisqa metrajli badiiy filmlar nufuzli hakamlar hay`ati tomonidan adolat tamoyillari bo`yicha baholanib, tan olingan haqiqiy san`at asarlari aniqlandi.
Va nihoyat, IV PROlogue xalqaro kinofestivalining g`olib va sovrindorlarini taqdirlash o`zgacha hayajon, jo`shqin kayfiyat bilan boshlandi.
Quyidagi yo`nalishlar bo`yicha g`olib va sovrindorlar aniqlandi:
– Eng yaxshi qisqa metrajli film – «Mening ismim» (Janubiy Koreya, 2018, rej. Chong-Gil Xan);
– Eng yaxshi milliy qisqa metrajli film – «Choy» (O`Zbekiston, 2018, rej. Shokir Xoliqov);
– Eng yaxshi ssenariy – Klod Le Peyp, Xyubert Charuel, «Kichkina fermer» filmi (Fransiya, 2017, rej. Xyubert Charuel);
– Eng yaxshi aktrisa – Madina Talipbek, «Sarvqomat dilbarim» filmi (O`zbekiston, Qirg`iziston, 2018, rej. Sarvar Karimov);
– Eng yaxshi aktyor – Aqilbek Abduxoliqov, «Tungi avariya» filmi (Qirg`iziston, 2017, rej. Temirbek Birnazarov);
– Eng yaxshi operator – Mohammed Fakuri, «Golnesa» filmi (Eron, 2018, rej. Sattar Chamani Gol);
– Eng yaxshi rejissyor – «Meni yolg`iz qoldirma» (Bosniya va Gersegovina, Turkiya, 2017, rej. Ayda Begich);
– Eng yaxshi film uchun Gran Pri – «Meni yolg`iz qoldirma» (Bosniya va Gersegovina, Turkiya, 2017, rej. Ayda Begich).
– «Milliy kinematografiyani rivojlantirishga qo`shgan ulkan hissasi uchun» – rejissyor Qamara Kamalova, O`zbekiston xalq artisti, aktyor Po`lat Saidqosimov;
– «Jahon kinematografiyasini rivojlantirishga qo`shgan ulkan hissasi uchun» – rossiyalik rejissyor Vladimir Menshov;
-«Qisqa metrajli filmlar xalqaro hakamlar hay`atining maxsus sovrini» – «Ustoz» filmi (O`zbekiston, 2018, rej. Mars Orinbasarov) va «Asan» (Qozog`iston, 2017, rej. Berik Jahanov).
Ko`tarinki kayfiyatda tashkil etilgan kinofestivalning g`olib va sovrindorlarini tabriklaymiz.
Albatta, O`zbekiston Yoshlar ittifoqi, «O`zbekkino» milliy agentligi, Toshkent shahar hokimligi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi, Yosh kinematograflar kengashi va O`zbekiston Milliy kinokomissiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur xalqaro kinofestival doirasida o`tkazilgan loyihalar o`zbek kino sohasida yangi bosqichni boshlab berishiga ishonamiz.