AsosiySport

Jahon shaxmat olimpiadasida g`olib chiqqan yosh iqtidor egalari tantanali kutib olindi (foto)

'Jahon shaxmat olimpiadasida g`olib chiqqan yosh iqtidor egalari tantanali kutib olindi (foto)'ning rasmi

24 noyabr – 3 dekabr kunlari Turkiyaning Ko`niya shahrida 16 yoshgacha bo`lgan o`smirlar o`rtasida o`tkazilgan Jahon shaxmat olimpiadasida g`olib chiqqan O`zbekiston terma jamoasi Toshkentga qaytib keldi, deb xabar bermoqda O`zA.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yosh iqtidor egalari tantanali kutib olindi. Marosimda O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo`mitasi rahbariyati, olimpiada g`oliblarining yaqinlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Jahon shaxmat olimpiadasida dunyoning 39 mamlakatidan 46 jamoa tarkibida 222 nafar yigit-qiz ishtirok etdi. Musobaqada jamoalar jami 9 turda g`oliblik uchun kurash olib bordi.

O`zbekiston sharafini xalqaro grossmeyster murabbiy Saidali Yo`ldoshev rahbarligidagi shaxmatchilarimiz munosib himoya qildi.

6.jpg

Xususan, xalqaro grossmeyster Nodirbek Abdusattorov birinchi taxtada eng kuchli sportchilar bilan dona surib, 9 imkoniyatdan 5,5 ochko jamg`ardi. Xalqaro toifadagi sport ustasi Nodirbek Yoqubboev ikkinchi taxtada 9 imkoniyatdan 8 ochko jamg`arib, o`z taxtasida oltin medalga sazovor bo`ldi. Xalqaro toifadagi sport ustasi Javohir Sindorov uchinchi taxtada 7 imkoniyatdan 4,5 ochko jamg`ardi. Xalqaro toifadagi sport ustasi Shamsiddin Vohidov 8 imkoniyatdan 7,5 ochko jamg`arib, to`rtinchi taxtada oltin medalni qo`lga kiritdi. Sport ustaligiga nomzod Sitora Saparova 3 imkoniyatdan 1 ochko jamg`ardi.


Olimpiadada shaxmatchilarimiz Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Ukraina, Vengriya, Polsha va Moldova kabi mamlakatlarning kuchli terma jamoalarini mag`lubiyatga uchratdi. Faqat AQSh terma jamoasiga kichik hisobda imkoniyatni boy berdi, yakunda 9 imkoniyatdan 8 ochko jamg`arib, olimpiada g`olibiga aylandi. Ikkinchi o`rinni 7 g`alaba 2 ta mag`lubiyat qayd etgan hindistonlik o`smirlar qo`lga kiritdi. Uchinchi o`rin xitoylik sportchilarga nasib etdi.

Xalqaro grossmeysterlar va xalqaro toifadagi sport ustalaridan iborat musobaqa favoritlari hisoblangan Rossiya, Eron, Ozarbayjon, AQSh va Armaniston vakillari quyiroqdan joy oldi.

Qayd etish kerakki, O`zbekiston o`smirlar terma jamoasi Jahon shaxmat olimpiadasi tarixida ilk bor shunday natijaga erishdi. Bu yurtimizda sportni ommalashtirish, jumladan, shaxmatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar samarasidir.

10.jpg

    Boshqa yangiliklar