“Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo`yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro konferensi

Jamiyat 30.10.2014, 08:56
“Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo`yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro konferensi

Hurmatli mehmonlar!
Muhtaram konferensiya ishtirokchilari!
“Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo`yicha hamkorlikni rivojlantirish” xalqaro konferensiyasida ishtirok etayotgan Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasiga a`zo davlatlar delegasiyalarini, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, donor mamlakatlar hukumatlari, ekologiya tashkilotlari, diplomatik korpus vakillarini, taniqli olim va ekspertlarni qutlash menga katta mamnuniyat bag`ishlaydi.

Mazkur forum Markaziy Osiyo mintaqasi uchun eng murakkab muammolardan biri – Orol dengizining ekologik halokati va ushbu ofat oqibatida yuzaga kelgan aholi genofondi va salomatligi, turmush sharoiti va darajasi, Orolbo`yining o`simlik va hayvonot olami bilan bog`liq o`tkir muammolarni ko`rib chiqishga bag`ishlangan.
Yaqin-yaqin vaqtlargacha Orol dengizi Markaziy Osiyo iqtisodiyotini rivojlantirish, oziq-ovqat ishlab chiqarish, aholi bandligini ta`minlash va barqaror ijtimoiy infratuzilmani shakllantirishda muhim o`rin tutar edi. Orolbo`yi suv havzalarida yiliga 35 ming tonnagacha baliq ovlanar, Amudaryo va Sirdaryo deltalaridagi unumdor erlar, yuqori samarali yaylov va suv havzalari millionlab odamlarning chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va qishloq xo`jaligi sohalarida ish bilan bandligini ta`minlar edi.
Biroq mintaqadagi yirik daryolarda o`ylamasdan ulkan gidrotexnik inshootlar qurilgani, transchegaraviy daryolar hisoblangan Amudaryo va Sirdaryoning tabiiy oqimi noto`g`ri boshqarilishi eng yangi tarixda Er yuzidagi g`oyat og`ir ekologik halokatlardan birini yuzaga keltirdi. Bir paytlar dunyodagi eng noyob, go`zal va yirik yopiq suv havzalaridan biri bo`lgan Orol dengizi bir avlod ko`z o`ngida batamom yo`q bo`lib ketish xavfi ostida turibdi. Bu esa mintaqada misli ko`rilmagan ofatga aylanib, Orolbo`yida yashayotgan aholi hayotiga, bu erdagi ekotizim va bioxilma-xillikka o`nglab bo`lmaydigan darajada zarar etkazmoqda.
Amudaryo va Sirdaryoning Orolga umumiy quyilish hajmi keyingi ellik yil ichida qariyb 5 barobar, Orol dengizining suvi 14 barobardan ko`proq kamaydi, uning sho`rlanish darajasi esa deyarli 25 marta ortdi. Bu Orol dengizida ilgari bo`lgan baliq va boshqa dengiz mavjudotlarining deyarli butkul yo`qolishiga olib keldi.
Yaqin-yaqinlargacha o`zining ulkan bioxilma-xilligi bilan mashhur bo`lgan Orolbo`yi mintaqasida o`simliklar va yovvoyi hayvonlar turi keskin kamayib bormoqda, jumladan, sut emizuvchilarning 12, qushlarning 26 va o`simliklarning 11 turi butkul yo`q bo`lish xavfi ostida turibdi. Orolning qurigan qismi o`rnida hosil bo`lgan 5,5 million gektardan ortiq maydondagi yangi Orolqum sahrosi tobora butun Orolbo`yi mintaqasiga yoyilmoqda. Bu erdan har yili atmosferaga qariyb 100 million tonna chang va zaharli tuzlar ko`tarilib, qum bo`ronlari va kuchli shamollar bilan mazkur hududdan ancha olis bo`lgan mintaqalarga ham tarqalmoqda.
Ammo Orolbo`yida ro`y berayotgan fojia ko`lamini, bu erda yashayotgan millionlab odamlarning dardi va orzu-armonlarini quruq raqamlar bilan ifoda etib bo`lmaydi. O`zbekiston, Qozog`iston va Turkmanistonning Orol fojiasining kuchli ta`siri ostida qolgan mintaqalari aholisi har kuni suv resurslari etishmasligi, ichimlik suvi sifatining pasayishi va tuproq tarkibining buzilishi, iqlim o`zgarishi, aholi, birinchi navbatda, bolalarning turli kasalliklarga chalinishi ko`payib borayotgani bilan bog`liq ijtimoiy-iqtisodiy va demografik muammolarni boshdan kechirmoqda.
Orol dengizining qurishi butun Markaziy Osiyoda keskin iqlim o`zgarishiga olib keldi, suv resurslari taqchilligi, mavsumiy qurg`oqchilikning kuchayishi, qahraton qishning uzoq davom etishi, Pomir va Tyan-Shan tog`lari muzliklari erishining tezlashishi va mintaqa mamlakatlarida qishloq xo`jaligi ishlari bilan shug`ullanish sharoitlarining yomonlashishiga sabab bo`ldi.
Ming afsuski, bugungi kunda Orol dengizini to`liq qayta tiklash imkoni yo`qligi tobora ayon bo`lib bormoqda.
Orol inqirozining atrof-muhit va bu erda yashayotgan millionlab aholi hayotiga halokatli ta`sirini, xususan, puxta o`ylangan, aniq manzilli va tegishli moliyalashtirish manbalari bilan ta`minlangan loyihalarni amalga oshirish orqali kamaytirish bugungi kunning eng muhim vazifasidir.
Bizningcha, bu borada asosiy zaxiralar mavjud bo`lgan quyidagi yo`nalishlarda tegishli tadbirlarni amalga oshirish zarur:
birinchidan – bugungi kunda Orolbo`yida yuzaga kelgan omonat ekologik muvozanatni mustahkamlash, cho`llanishga qarshi kurashish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, ulardan tejab-tergab, oqilona foydalanish;
ikkinchidan – Orolbo`yi aholisining genofondi va salomatligini saqlash va ta`minlash uchun sharoit yaratish, ijtimoiy infratuzilmani, tibbiyot va ta`lim muassasalari tarmog`ini keng rivojlantirish;
uchinchidan – aholi hayot darajasi va sifatini oshirish uchun zarur ijtimoiy va iqtisodiy mexanizmlar va rag`batlantiruvchi omillarni yaratish, asosiy infratuzilma va kommunikasiyalarni rivojlantirish. Bu erda yashayotgan aholida tushkunlik kayfiyatining yuzaga kelishiga yo`l qo`yishga bizning haqqimiz yo`q va ularga munosib hayot kechirishi, o`z biznesini rivojlantirishi, ularni yangi ish o`rinlari va daromad manbalari bilan ta`minlash uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish zarur, desam, o`ylaymanki, bu fikrga barchangiz qo`shilasiz;
to`rtinchidan – hayvonot va o`simlik olami bioxilma-xilligini, jumladan, kichik suv havzalari yaratish orqali saqlash va qayta tiklash, mintaqaning noyob flora va faunasini asrab-avaylash darkor. 

Ayni ushbu muhim masalalar O`zbekiston tomonidan BMTning yuksak minbaridan taklif etilgan va BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan «Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo`yida ekotizimlar halokatining oldini olish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi»da qayd etilgan.
Bu jahon hamjamiyati Orol dengizi fojiasiga global ekologik ofat sifatida qarayotgani va millionlab odamlar yashayotgan ushbu mintaqaning ekologik va ijtimoiy xavfsizligiga tahdidlarni bartaraf etish masalasiga zudlik bilan e`tibor qaratish g`oyat dolzarb ekanini e`tirof etayotganidan dalolat beradi.
BMT va rivojlanish bo`yicha boshqa hamkorlarimiz 1993 yil BMT va Markaziy Osiyoning besh davlati tomonidan tashkil etilgan Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasini qo`llab-quvvatlayotgani ham buni tasdiqlaydi. O`tgan davrda mazkur jamg`arma xalqaro donorlar hamjamiyati yordamida Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko`rsatish bo`yicha umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod bo`lgan ikkita dasturni amalga oshirdi.
Shu munosabat bilan mintaqa davlatlari va Orolbo`yi aholisi oldida turgan keskin muammolarni hal etishda yordam ko`rsatayotgan institutlar va hamkor mamlakatlarga minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz. Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, BMT agentliklari, Islom taraqqiyot banki, YuSAID, Evropa ittifoqi, shuningdek, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Germaniya, Fransiya, Shveysariya, Kuvayt va boshqalar bizning ana shunday faol hamkorlarimiz hisoblanadi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi 2013 yildan buyon BMT, Evropa ittifoqi, etakchi xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari ko`magida Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko`rsatish bo`yicha uch yuzdan ziyod loyihadan iborat uchinchi dasturni amalga oshirmoqda. Bu loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun 8,5 milliard dollardan ziyod mablag`ni jalb qilish zarur.
Ayni paytda biz shuni ochiq tan olishimiz kerakki, bu borada amalga oshirilayotgan loyiha va dasturlarga qaramasdan, hali yana ko`plab ishlarni bajarish talab etiladi. Mintaqa mamlakatlari Orol dengizi halokatining atrof-muhit va bu erda yashayotgan aholi hayoti va faoliyatiga etkazayotgan ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar oqibatlarini bartaraf etish uchun etarlicha mablag` va moddiy-texnik imkoniyatlarga ega emas. Shu bois Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa xalqaro tashkilotlar va rivojlanish bo`yicha hamkor davlatlarning samarali amaliy yordamisiz dunyo miqyosidagi ushbu muammoni hal etib bo`lmaydi.
Orol dengizi fojiasining keng ko`lam kasb etgan og`ir oqibatlari Orolbo`yi aholisi, ushbu hududning iqtisodiyoti, ijtimoiy soha va atrof-muhitiga tahdid solayotgan ko`plab xavf-xatarlarni samarali bartaraf etishga qaratilgan yangi, keng qamrovli yordam dasturini ishlab chiqishni talab etadi.
Orolbo`yi mintaqasiga yordam ko`rsatish bo`yicha bunday kompleks dasturni ishlab chiqish va amalga oshirishda, avvalo, xalqaro tashkilotlar – BMT, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki kabi moliya institutlari va nufuzli xalqaro ekologiya tashkilotlari hal qiluvchi o`rin tutishi kerak. Bu mazkur dasturni hayotga tatbiq etishga nafaqat xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari resurslari, balki bizga do`st va hamkor mamlakatlar imkoniyatlarini ham jalb etishga ko`mak beradi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasiga a`zo bo`lgan deyarli barcha mamlakatlar Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari kabi suvni tejash, Orolbo`yini qayta tiklash va rivojlantirish bo`yicha milliy dasturlarni amalga oshirmoqda. Suv resurslarini integrasiyalashgan holda boshqarish prinsiplari, suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalar keng joriy qilinmoqda, qishloq xo`jaligi ishlab chiqarishini diversifikasiya qilishga doir va boshqa ko`plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Orolbo`yida aholi hayot darajasi va sifatini yaxshilash, turar-joy, ijtimoiy va transport-kommunikasiya infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq joylarda zamonaviy uy-joylar, umumta`lim maktablari va kasb-hunar kollejlari, vrachlik punktlari barpo etish, avtomobil yo`llari qurish va rekonstruksiya qilishga alohida e`tibor berilmoqda. Erlarning meliorativ holatini yaxshilashga oid dasturlar amalga oshirilmoqda.
Ishonchim komilki, Orolbo`yi va uning aholisi taqdiridan tashvishga tushayotgan davlatlar, BMT tuzilmalari, xalqaro moliya va ekologiya tashkilotlarining aniq maqsadli, ko`p qirrali va tizimli o`zaro hamkorligi Orolbo`yi mintaqasining eng keskin muammolarini hal etishga qaratilgan amaliy dastur va loyihalarni ishlab chiqish hamda hayotga tatbiq etish imkonini beradi.
Hurmatli xalqaro konferensiya ishtirokchilari!
Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlarini chuqur tushunib, Orolbo`yi ekotizimini qutqarish ishiga qo`shayotgan salmoqli hissangiz uchun sizlarning barchangizga samimiy minnatdorlik izhor etishga ijozat bergaysiz.
Konferensiya ishi samarali bo`lishini, uning barcha ishtirokchilariga esa sihat-salomatlik, olijanob faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Chuqur hurmat bilan,
Islom Karimov,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Orolni qutqarish xalqaro
jamg`armasi raisi 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1