Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqini samimiy tabrikladi. U o‘z murojaatida milliy qadriyatlar, mehr-oqibat va insonparvarlik tuyg‘ulari bu muborak ayyomda yanada yorqin namoyon bo‘lishini ta’kidladi.
“Qalblar ezgulikka to‘ladigan kunlar”
Saida Mirziyoyeva tabrigida Qurbon hayiti xalqni birlashtiruvchi, insonlarni ezgulik va bag‘rikenglikka chorlovchi ulug‘ bayram ekanini qayd etdi.
“Qalblarimiz ezgulikka to‘lgan bu ulug‘ kunlarda xalqimizning bebaho qadriyat va an’analari yanada yorqin namoyon bo‘ladi — yoshi ulug‘larimizni ziyorat qilib, duolarini olamiz, yaqinlarimizni yo‘qlaymiz, jigaralarimiz bilan bir dasturxon atrofida jam bo‘lib, mehr-oqibat va quvonch ulashamiz”, — deyiladi tabrikda.
“Alloh barcha ezgu niyatlarni ijobat qilsin”
Tabrikda har bir xonadonga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik va shodlik tilab qolingan.
“Ushbu fayzli bayram har bir xonadonga tinchlik-xotirjamlik, qut-baraka, shod-u xurramlik olib kirsin. Alloh taolo barcha ezgu niyatlaringiz, orzu-intilishlaringiz va samimiy duolaringizni ijobat qilsin”, — deya ta’kidlangan murojaatda.
Saida Mirziyoyeva Qurbon hayitini saxovat, muruvvat va insonparvarlik timsoli bo‘lgan ulug‘ ayyom sifatida e’tirof etdi.






