Eron Tashqi ishlar vazirligi AQShni o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha e’lon qilingan kelishuvni buzganlikda aybladi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari sulh kuchga kirganidan keyin ham “noqonuniy va asossiz harakatlarini” davom ettirgan.
Tehron so‘nggi 48 soat ichida AQSh tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi bir necha bor qo‘pol ravishda buzilganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Eron rasmiylari Vashingtonning bu harakatlari “javobsiz qoldirilmasligi”ni ma’lum qildi.
Biroq Eron tomoni AQSh tomonidan aynan qaysi harakatlar sulhni buzganiga oid aniq ma’lumotlarni ochiqlab bermagan.
AQSh: “Zarbalar harbiylarni himoya qilish uchun berildi”
AQSh Markaziy qo‘mondonligi esa amerikali harbiylarni himoya qilish maqsadida ayrim zarbalar amalga oshirilganini bildirdi.
Vashingtonga ko‘ra, bu harakatlar mudofaa xarakteriga ega bo‘lgan va hozircha o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchda qolmoqda.
Bu bayonotlar ortidan mintaqadagi vaziyat yanada keskinlashishi mumkinligi haqida xavotirlar kuchaymoqda.
Yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda
Shu bilan birga, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Eron bilan yadroviy dastur bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvga erishish ehtimoli yuqori ekanini aytdi.
“The Washington Post” nashri tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, muhokama qilinayotgan ehtimoliy hujjatda Tehron yuqori darajada boyitilgan uran zahiralaridan voz kechishi nazarda tutilgan.
Biroq Eron rasmiylari mazkur xabarni rad etdi va bunday shartlar bo‘yicha kelishuv muhokama qilinayotganini inkor qildi.






