1

Orolni fojeadan qutqara olamiz, faqat birlashish kerak

Jamiyat 18.01.2019, 20:40
Orolni fojeadan qutqara olamiz, faqat birlashish kerak

Mamlakatimizda Orol dengizi muammosi va Orolbo`yi aholisi salomatligi, uning atrof-muhitiga salbiy ta`sirini kamaytirish borasida qator islohotlar olib borilmoqda.

Poytaxtimizdagi “Yoshlar press-klubi”da O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamdaEkologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi hamkorligida “Mehr Orolni qutqaradi” mavzusidagi ochiq muloqot bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo`lim mudiri – Mansur Yunusov, O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi raisining o`rinbosari – O`ktam Utaev, O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi – Yusufjon Shodimetov, BMT Taraqqiyot dasturi Barqaror rivojlanish klasteri rahbari – Xurshid Rustamov vaKimyo fanlari doktori Rashid Kulmatovlar spiker sifatida ishtirok etdi.

Sessiyada Orolni qutqarish yuzasidan o`rtaga tashlangan loyihalar, jumladan, Orolning qurib qolgan maydonida saksovul ko`chatlarini ekish bo`yicha “Fidoyi yoshlar otryadlari”ni tuzish masalalari muhokama qilindi.

— Orol dengizining qurishi 1960 yillardayoq boshlangan. Yarim asrdan ortiq vaqt ichida dengizning 5,5 million gektar hududi bugun sahro ko`rinishiga kelib qolgan. Buning oqibatida Qoraqalpog`iston Respublikasi aholisini nafas yo`llari va buyrak xastaliklari qiynab kelmoqda, – deydi O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Yusufjon Shodimetov.

Tadbirda “Orol fojeasi”ga bag`ishlangan videorolik namoyish etilib, soha mutaxassislarining ma`ruzalari tinglandi. Shuningdek, Orolbo`yi hududlarida saksovul daraxtlarini sifatli ekishni samarali amalga oshirish uchun O`zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog`iston Respublikasi Kengashida shtab tashkil etilganligi ta`kidlandi. “Mehr Orolni qutkaradi” loyihasi doirasida dengizning qurib qolgan maydonida saksovul ko`chatlari ekish uchun “Fidoyi yoshlar otryadi” tuzildi. Joriy yilning mart oyida Orolbo`yida 5 ming nafardan ziyod yoshlarni birlashtirib saksovul ekishga jalb qilish belgilangan.

—Saksovul daraxti o`z ildizi atrofida qum va tuzni yaxshi tutib turadi. Natijadatuproqdagi chang-tuzlar atrof-muhitga tarqalmaydi. Orol tubidagi zaharli tuzlarning osmonga ko`tarilishi ham kamayadi, – deydi O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi raisining o`rinbosari O`ktam Utaev. — Qolaversa, bu daraxt sho`r va suvsizlikka chidamli. Daraxtning yashovchanligi va changga bardoshi ham yuqori. Shu sabab aynan saksovul daraxti tanlangan.

Bugun O`zbekistonda Orol muammosiga qarshi kurashda saksovuldan eng muhim vosita sifatida unumli foydalanilmoqda. Orol tubini o`rmonga aylantirish tajribasiuzoq yillik global muammoning eng ma`qul echimi deb topildi.

—“Orol fojeasi” deb tilda bot-bot takrorlayverishdan ko`ra bu muammoga qarshi amaliy ishga qo`l ursak, uning echimi uchun o`z hissamizni qo`shsak, vatanparvarlik burchiniado etgan bo`lamiz. O`zbekiston yoshlar ittifoqining bosh maqsadi ko`ngilli yoshlarni birlashtirib, Orol dengizi muammosini bartaraf etishga amaliy hissa qo`shish. Orolni fojeadan qutqara olamiz, faqat birlashish kerak, – deydiO`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bosh mutaxassisi Xurshida Do`sbekova. — Barcha vatanparvar yoshlarni mazkur tashabbus atrofida jam bo`lishga, saksovul ekish jarayonlarida faollikka chorlab qolamiz.

Shahnoza Nurullaeva

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1