1

Umurtqa churrasi qaytalansa...

Salomatlik 04.11.2014, 13:38
Umurtqa churrasi qaytalansa...

Onam bel va umurtqadagi og`riqlardan shikoyat qilavergach, shifokorga olib bordik. Tekshiruvlardan so`ng umurtqa churrasi tashxisi qo`yildi. Aytishlaricha, ushbu xastalikni faqat jarrohlik yo`li bilan davolash mumkin ekan. Shu haqida ma`lumot bersangiz.      

Rahimjon Tursunov, Qashqadaryo viloyati

Churra qanday paydo bo`ladi?

— Umurtqa churralarining yuzaga kelish sabablari haqida turli farazlar mavjud. Keling, ularga aniqlik kiritsak. Demak, umurtqa pog`onasidagi o`zgarishlar sabablari quyidagicha bo`lishi mumkin:

• kun davomida bir xil holatda bukchayib ish bajarish;

• qomat holatining buzilishi;

• jismoniy zo`riqish, muntazam og`ir yuk ko`tarish;

• umurtqa pog`onasining tug`ma nozikligi;

• tana vaznining me`yordan ortiqligi;

• keksayish tufayli umurtqada sodir bo`ladigan o`zgarishlar;

• moddalar almashinuvining buzilishi;

• kamharakatlilik;

• virusli kasalliklar asorati;

• umurtqa sohasidagi jarohat, lat eyish, shikastlanishlar.

Mazkur omillar tufayli umurtqa tanalari orasidagi disklar ezilib, ustida mayda yoriqlar paydo bo`ladi. Asta-sekin umurtqani ushlab turuvchi va harakatlantiruvchi fibroz halqalar yorilib, ichidagi tog`aysimon jism orqa miya kanaliga o`tadi va buning natijasida kanal torayib­ orqa miya siqiladi. Shu tariqa umurtqa churrasi yuzaga keladi.

Barmoqlar uvishadimi?

— Churra hosil bo`lganida orqa miyadan chiquvchi nerv tolalari qisilishi yuz berib, bemor o`tirib-turish, zinadan ko`tarilishga qiynaladi. Oyoq mushaklari kuchsizlanadi. Teri sezuvchanligi o`zgarib, et jimirlashi, barmoqlar uvishishi kuzatiladi. Mazkur alomatlar uzoq vaqt davom etganida oyoq mushaklari atrofiga uchrashi mumkin. Ya`ni oyoq mushaklarining ozayib ketishi yuz beradi.

Churra ko`p bo`ladimi?

— Gohida “Menda 8 ta churra topishdi” degan gaplar quloqqa chalinadi. Aslida esa bu churra miqdori emas, o`lchami bilan bog`liq tushuncha. Umurtqa churrasi joylashuv o`rniga ko`ra turli kattalikda bo`lishi mumkin. 4 millimetrdan 8,10 millimetrgacha bo`lgan turlari ham bor.

Davosi bormi?

— Aksariyat bemorlar umurtqa churrasi faqat jarrohlik amaliyoti bilan davolanadi, degan fikrga borishadi. Vaholanki, tibbiyotda 70 foiz umurtqa churrasi dori preparatlari, fizioterapevtik usullar yordamida muolaja qilinadi. Qolgan 30 foiz holatlarda esa jarrohlik aralashuvi o`tkazilishi mumkin.

• Tekshiruv vaqti aniq­langan churra o`lchamiga ko`ra dori preparatlari hamda fiziomuolajalar buyuriladi. Yallig`lanishga qarshi va og`riqsizlantiruvchi dori vositalari yordamida belgilangan muolaja har bir bemorning turmush tarzi, mehnat faoliyati va tana vazniga ko`ra individual tarzda amalga oshiriladi. Muolaja davomiyligi ham farqlanishi mumkin.

• Churra hajmi kattalashib, og`riq zo`rayib borsa, jarrohlik amaliyoti o`tkazilishi mumkin. Albatta muolajadan avval zarur tibbiy tekshiruvlar amalga oshiriladi. Mazkur amaliyot asosan disk churrasini olib tashlab, orqa miyani ozod etish va umurtqa pog`onasi barqarorligini ta`minlash maqsadida bajariladi.

Yana qaytalansa-chi?

— Umurtqa churrasi bilan og`rigan bemor muolajadan so`ng bir yil davomida sog`ligini ehtiyot qilishi, organizmni ayniqsa, umurt­qani zo`riqtirmasligi zarur. Bir yil o`tgach, hatto hech qanday bezovtaliklar bo`lmasa ham mutaxassis ko`rigidan o`tish maqsadga muvofiqdir. Asosiy muolajadan so`ng davolovchi ins­truktor umurtqa pog`onasiga bajariladigan kompleks mashqlar bilan tanishtiradi. Mutaxassis yordamida jismoniy mashqlarni o`rganib olgach, uyda bajarib borish tavsiya etiladi.

Asorati qanday bo`ladi?

— Umurtqa churrasi borligini bilib ham davolanilmasa yoxud muolaja to`g`ri bajarilmasa: chanoq a`zolari, peshob ajralishining buzilishi, oyoqlarda og`riq, umurtqa mutanosibligining buzilishi, kasallik uzoq davom etganida orqa miya atrofiyasi kabi asoratlarga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga og`riq sabab asabiylik, yurak bezovtaliklari hamda qon bosimining ortishi ham yuz berishi hech gap emas.

Umurtqa churrasi ko`p uchraydigan kasallik. Ayniqsa, bugungi kunda amalga oshirilayotgan davo choralari kasallik haqida turli taxminlarga sabab bo`lmoqda. Xo`sh, aslida ham kasallikning davosi nima? Muolajasi ishonch­limi? Bu haqida tibbiyot fanlari doktori, professor Pirimqul ­Nazirov ma`lumot beradi.

Kimlar xavfda?

Mutaxassislar xulosasiga ko`ra, ushbu kasallik:

• avtomobil haydovchilari;

• kompyuter oldida 4 soatdan ko`p o`tiradiganlar;

• og`ir mehnat turi bilan bog`liq kishilar;

• tana vazni me`yoridan 15-20 kilogramm ortiq bo`lganlar;

• sportning og`ir turlari bilan shu­g`ul­la­nuvchilarda ko`proq kuzatiladi.

N.ILYoSOVA tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1