Farg`ona viloyatining Buvayda tumaniga yo`li tushgan ko`pchilik 124 yoshli Huvaydo momo ziyoratiga oshiqadi. Boisi, uch asr bilan yuzlashgan tabarruk onaxonning duosini olish qalbga o`zgacha huzur bag`ishlaydi. Momoning xotiralari esa tirik tarix desak, aslo mubolag`a bo`lmaydi.
Asrlar mobaynida sayqallanib kelayotgan milliy qadriyatlarimizga ko`ra, xonadonlarimiz fayzi bo`lgan nuroniy otaxon va onaxonlarimiz har tong yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka so`rab duo qiladi. Bu shukronalik ne`mati katta hayotiy hikmatga ega ekani bilan ham qadrlidir.
Nuroniylarni e`zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko`rsatish xalqimizga xos azaliy qadriyatdir. Aslida ham hayoti hikmatu donishmandlik bilan yo`g`rilgan nuroniylar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ezgu ishlarda ustoz-murabbiylarimizdir. Ularning pand-u nasihatlari, qimmatli o`gitlari yo`llarimizni nurafshon etadi. Ayniqsa, 100 bilan yuzlashgan nuroniylar suhbatida bo`lish, duosini olish bizga ko`hna hayot falsafasini anglatadi.
Buvayda tumanidagi Qoraqum mahallasida istiqomat qilayotgan onaxon bu yil 124 bahori bilan yuzlashish baxtiga musharraf bo`lmoqda. Huvaydo momo bilan suhbatlashsangiz ko`z o`ngingizda xalqimizning birda qayg`uli, birda shodumon hayoti namoyon bo`ladi. Oktyabr to`ntarishidan keyingi qirg`inbarot, kolxozlashtirish, quloq qilish, uzoq va sovuq o`lkalarga surgun, mash`um qatag`on, dahshatli urush voqealari ko`z o`ngingizdan kino tasmasidek bir-bir o`taveradi. Onaxonning esa ko`zlari yoshlanadi.
«Farg`ona kanalini qazish boshlangan ilk kundan oxirigacha qatnashganman, — deydi momo. – Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi yillardagi ocharchilik, mashaqqatlar kechagidek esimda. Erkaklar urushga ketgan, barcha yumush ayollar zimmasida. Yil—o`n ikki oy dalaning mashaqqatli mehnati — ekin-tikinni sug`orishdan to yig`ib-terib olishgacha — barchasi ayollar va bolalar elkasiga tushgan. Ana shu qora mehnatlarimiz evaziga kuniga bir kosa atala bilan bir to`g`ram non berishadi. Shunisiga ham shukr qilib, yaxshi kunlar umidi bilan jon hovuchlab yashaganmiz».
Onaxon Katta Farg`ona kanalini qazishda alohida jonbozlik ko`rsatgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida 9 gektar erning g`o`zasini o`zi sug`orib, har kuni 250 kilogrammdan paxta tergan. Buvining qo`llaridagi qadoq o`sha davrlardan xotira bo`lib qolgan.
Momo hayot maktabi tarbiyasini ko`p olgan. Shu yoshda ham xotirasi tiniqligi, gapga chechanligi, askiyaga moyilligiga qoyil qolish kerak. Ba`zan kutilmagan savollari bilan suhbatdoshini ham shoshirib qo`yishi mumkin. Ammo hamisha tilida-yu dilida dorilamon kunlar shukronasi.
«Bu boshim ne kunlarni ko`rmadi deysiz, bolam, — davom etadi Huvaydo momo. — Yaratganga shukr, tinch, farovon zamonlarga ham etdik. Ko`zim ko`rmay qolganiga ancha bo`ldi. Ammo nabira-yu evaralardan ko`p narsani bilib turaman. Shunday kunlarni orzu qilib, doim yaxshi niyatda bo`lganman. Yaxshi niyat odamni har qanday qiyinchilik, mashaqqatlardan olib o`tadi, yaxshi kunlarga etkazadi».
Buvaydaning fayzi bo`lgan onaxonning umri dalada o`tgani bois hali-hamon zuvalasi pishiq. Momoning turmush o`rtog`i olamdan erta o`tdi. U 7 farzandni tarbiyalab kamolga etkazdi. Hayosevar buvi gohida nevara kelinlari yoniga kirib, tomorqa yumushlariga andarmon bo`lgisi keladi. Inson umrining saodati, baxt-farog`ati ana shu jihatlari bilan go`zal va fayzli emasmi?!
Huvaydo momo uzoq umr ko`rishining sababini doimiy harakatda bo`lish, mehnat qilishda, deb biladi. Farzandlari-yu evara-chevaralariga ham doimo mehnat qilishni uqtiradi, deb yozadi O`zA.
Dunyoni qalb ko`zi bilan ko`radigan onaxon hayotimizning katta va jo`shqin oqimidan chetda emas. Oila fayz-u farishtasi hayotga tatbiq etilayotgan ezgu tashabbuslarga munosabat bildiradi, yurt ravnaqi yo`lidagi yumushlarda barcha ahil-inoq, hamjihat bo`lishi zarurligini ta`kidlaydi.
Bu — ulug` yoshli momoning hayot hikmati va falsafasini o`zida mujassam etgan donishmandlik kitobidir!