1

Muhammadali Abduqunduzov: Boburni hayotimda o`zim uchun o`rnak deb bilganman

Madaniyat 14.02.2019, 23:33
Muhammadali Abduqunduzov: Boburni hayotimda o`zim uchun o`rnak deb bilganman

Bobur Mirzo haqida gap ketganda O`zbekiston va Qoraqalpog`iston xalq artisti, Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori Muhammadali Abduqunduzov­ning «Bobur» videofilmida yaratgan siymosi ko`z o`ngimizda gavdalanadi. 14 fevral — Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun munosabati bilan shoh va shoir timsolini yorqin va ishonchli talqin qila olgan aktyor­ning qalb kechinmalari, videofilm xususidagi fikrlari.

Choyxonada tug`ilgan orzu

Farg`ona viloyati O`zbekiston tuma­nining Yaypan qishlog`ida tug`ilgan­man. Bobom choyxonachi edi. Men ham 6 yoshimdan choyxona ishlariga jalb qilindim. San`atga muhabbatim shu erda paydo bo`ldi. Chunki choyxonada mutolaalar, muhokamalar bo`lardi, mashhur hofiz va askiyachilarning chiqishlari namoyish etilardi. Bino devorlarida esa Alisher Navoiy, Zahi­riddin Muhammad Bobur, Ogahiy kabi buyuk mutafakkir ajdodlarimiz port­retlari osig`liq turardi. Meni o`sha paytlardayoq Bobur surati o`ziga rom etdi. Suratga uzoq termilib qolardim. Ana shu suratdagi insondek kiyinish, shunday bo`lishni orzu qilardim. Endi o`ylab qarasam, oradan o`ttiz yil o`tib, shu buyuk siymo, shoh va shoir obrazini yaratishimni bola qalbim sezgan ekan.

San`at institutini ta­momlaganimdan so`ng Sur­xondaryo viloyati Termiz shahridagi musiqali drama teatrida ijodni boshla­dim. Yoz oylari edi. Hakim at-Termiziy ziyoratgohi­da bir hamkasbim bilan Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» asari asosidagi videofilm uchun aktyorlar sinovdan o`tayotgani haqida gapla­shib qoldik. Do`stim Bo­bur roliga mos ekanimni aytib, «Avliyo inson ziyoratgohida turibmiz. Alloh barcha orzula­ringizni amalga oshirsin!», deya duo qildi. Biroq o`sha kunlarda bu obraz uchun aktyor tasdiqlab bo`lingan, ba`zi sabablarga ko`ragina, video­filmning tasvirga olish ishlari to`xtab turgandi.

1987 yili O`zbek milliy akademik drama teatrida ishlayotgan paytlarim. «Bobur» videofilmi uchun qaytadan sinov boshlandi. O`shanda Izzat Sul­tonning «Kunduzsiz kechalar» spektak­lida ikki shaxs — Abdulla Qodiriy hamda Otabek obrazini talqin qi­layotgan edim. Rejissyorning tavsiyasi bilan videofilmda suratga tushish uchun sinovga bordim. Buni qarangki, Badiiy kengash mening nomzodimni tasdiqladi. To`g`risi, avvaliga bunday mas`uliyatdan qattiq qo`rqqanman. Chunki asarni xalqimiz o`qib chiqqan va ularning tasavvurida qahramon gavda­lanib bo`lgan edi. Men esa o`sha obrazni qayta jonlantirishim kerak. Shukrki, yuzim yorug` bo`ldi.

O`shanda o`zimdagi bor mahoratni ishga solganman. Hayotim davomidagi amalga oshgan eng ezgu ishim, davlati­miz, xalqimiz tomonidan ardoqlan­ganim, Xalq artisti unvoniga loyiq ko`rilganim — barchasi Boburdek bir zotning obrazini yaratganim bilan bog`liq. Mana, yigirma to`qqiz yildan buyon Zahiriddin Muhammad Boburning eng yaxshi fazilatlarini hayotda o`zim uchun o`rnak deb bilaman. Qolaversa, farzandlarimning komil inson bo`lib shakllanishida bergan otalik tarbiyam­da ham Bobur siymosidagi mardlik, bir so`zlik, atrofidagi insonlar fikrini hurmat qilish, sabrli va kechirimli, el-yurtiga sodiq va mehri­bon inson bo`lish kabi xislatlarini qo`llayman. Nafaqat aktyor, balki har bir inson buyuk ajdodlarimiz ma`na­viy merosini chuqur o`rganishi ularga munosib voris bo`lishi lozim deb o`ylayman.

Boburdan o`rnak olib yashashga intilaman

«Bobur» videofilmida suratga tushgan ijodkorlarning hammasi bu­gun xalqimiz va davlatimiz e`zozida. Bunda ham o`ziga xos ma`no bor. Video­film ekran yuzini ko`rgach, xalq uni yaxshi qabul qildi. Ko`plab xatlar — minglab dil izhorlari, ayniqsa, shu filmdan keyin chaqaloqlarga tarixiy ismlar qo`yilishi ko`paydi. Zahirid­din, Bobur, Humoyun, Oysha Sulton Begim, Gulbadanbegim kabi deyarli unutilayozgan go`zal ismlar yana qaytdi. Bu esa filmning xalq yuragiga kirib bora olganidan dalolat.

Men umr bo`yi Boburdan o`rnak olib yashashga, unga munosib bo`lishga intilaman. Zero, xalqimiz mening timsolimda Mirzo Boburni ko`rishga o`rgangan. Bobur esa bag`rikeng, mehri­bon, mulohazali va bir so`zli inson. U boshqacha bo`lishi mumkin emas. Ammo Mirzoga munosib bo`lishdek og`ir mas`­uliyatni ko`tarib yurish ham oson emas. Agarda biror-bir qiyinchilikka duch kelsam, Bobur hazratlari bundan ham og`ir vaziyatlar, turli ziddiyat va to`s­qinliklarga qaramasdan bardoshli bo`l­ganini o`ylab, u kishi chekkan zahmatlar oldida meniki hech narsa emasligini his qilaman.

Charxning men ko`rmagan jabru

jafosi qoldimu?!

Xasta ko`nglim chekmagan dardu

balosi qoldimu?!

...Ey ko`ngul, gar Bobur ul

olamni istar, qilma ayb,

Tengri uchun de, bu olamning

safosi qoldimu?!

«Bobur» filmi tugaganida yig`laganman...

«Bobur» filmini su­ratga olish ishlari o`n to`rt oy davom etgan. Sah­nalar qadimiy shaharla­rimizda, bundan tashqari, Qirg`izistonning O`shida, Tojikiston, Qozog`iston, Hindiston davlatlarida olindi. Biroq hindlar suratga olish ishlari uchun juda katta pul talab qi­lishdi...

Aktyor biror-bir shaxs­ning obrazini yaratish uchun ko`p qiyinchilikni boshidan kechiradi. Biroq u olamga kirganidan so`ng obrazdan chiqib ketishi qiyin ke­chadi. Menda ham shunday bo`lgan. O`shanda filmni yillab olish mumkin edi. Chunki barchamiz obrazga kirib olgan edik. Biroq mab­lag` va ssenariy atigi o`nta seriyaga mo`ljallangandi. Haligacha eslayman. So`nggi qismni chorbog`dagi sharshara oldida suratga olganmiz. O`sha erda Bobur lashkariga mardlik va jaso­ratli bo`lishga da`vat qilib, qo`li­dagi qadahni sindiradi. Xullas, shu bilan film tugaydi. Suratga olish ishlari nihoyasiga etgach, ko`zlarimga yosh kelgan. «Nahotki, hammasi tugagan bo`lsa?! Endi bu liboslaru sallani qaytib kiymayman», deganman. Ochig`i, alam qilgandi. Chunki o`n to`rt oy da­vomida o`sha odam siymosida yashagan­man. «Bobur» filmi suratga olinga­niga 29 yil to`lgan bo`lsa, haligacha u zot ruhi bilan yashayman. Yana bir gap. Agar sen buyuk shaxsning siymosini gavdalantirgan bo`lsang, o`sha inson­ga loyiq bo`lishing kerak. Bu degani mas`uliyatli bo`lishga chorlaydi. Chun­ki qaerga bormay shu film haqida so`z ketadi yoki Boburning monologi­dan o`qishimni aytishadi. Ko`cha-ko`yda yursang ham odamlar senga ana shu obraz tomonidan qaraydi. Shu bois nomunosib xatti-harakat qilishga haqqing yo`q. Ba`zan davralarda «siz salbiy rol o`ynamang. Sizni Bobur obrazida saqlab qolishni istaymiz», deyishadi.

Duo ijobat bo`lgan ekan...

Samarqandga kelib, suratga oli­nadigan birinchi kun hammamiz Go`ri Amirga kirib fotiha o`qidik. Ke­yin men o`zim yolg`iz qolib, alohida Qur`on tilovat qildim. Sohibqiron qabri oldida Xudoga iltijo qildim. «Mana bu erda abadiy qaror topgan ulug` bir bandang — Amir Temurning avlodlaridan birining hayotini elga ko`rsatib berishga kirishganman. O`zing qo`lla va mendan marhamating­ni ayama», deya O`zidan so`radim. Ish boshlanib ketdi. Ko`pincha filmga olish ishlarida, albatta, nimadir bahona bilan suratga olish jarayon­lari to`xtab qolishi mumkin. Lekin ishonsangiz, Samarqandda yuzdan or­tiq epizodlar, shuningdek, o`n to`rt oy davomida suratga olish ishlari davom etgan bo`lsa-da, biron marta tasvirga olish to`xtab qolmadi, aksincha, ish jarayonlari o`z-o`zidan yurishib ketar­di. Hattoki, Buxoro shahrida otlar bilan bog`liq jang sahnasini tasvir­ga olish ishlarida mening va Mahmud Ismoilovning otlari to`qnashib ketdi va bizni Alloh o`z panohida asradi. Barcha suratga olish jarayonlari omad­li kechdi.

Shohrux Mirzodek zotning oldida san`atimiz qarzdor

Aktyor sifatida qalbimda bir kemtik bor. Bilasiz, ko`plab ajdod­larimizning obrazlarini gavdalan­tirishga harakat qilib kelmoqdamiz. Ba`zan maqsadga etyapmiz, ba`zan esa yo`q. Biroq Shohruh Mirzodek zotning oldida san`atimiz qarzdor. Chunki uning timsoli film yoki spektaklda gavdalantirilmayapti. Holbuki, u ham xalqning tinch-totuv yashashi uchun ko`p harakat qilgan. Qachonlardir shu shaxs­ning obrazini yaratishni o`z oldimga maqsad qilib qo`yganman.

«Mahalla» gazetasidan olindi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1