Turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi tomonidan Navro`z umumxalq bayrami doirasida uyushtirilgan mazkur festival MDH davlatlari dizaynerlari va modelerlarini Shahrisabzda jamladi. Unda O`zbekistonning “Raʼno collection”, “Sindor collection”, “Mohigul”, “Bukhara brilliant silk”, “Banoras”, “Guzal collection”, “Istorakhan”, “Nataly Kondra”, “Nodirabegim”, “Iroda Agzam Xoja”, “Dilorom collection”, “Azima”, “Kafa” brendlari ostida ish olib borayotgan dizaynerlar bilan bir qatorda, Rossiyaning “Asian spirit”, Ozarbayjonning “Gulnara Khalilova”, Turkmanistonning “Ayna izbasar”, Qirg`izistonning “Kate Zabolotnova”, Qozog`istonning “Aynura Maidanova”, Gruziyaning “Ketisashvili Mari” brendlari o`zlarining milliy liboslar kolleksiyalari bilan ishtirok etishdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi ma`lum qilmoqda.
Festival doirasida Shahrisabz shahri tarixiy markazida o`zbek milliy liboslari, urf-odatlari, taomlari ko`rgazmalari, sumalak sayillari, dorbozlar va polvonlar musobaqalari, folklor dastalarning chiqishlari, milliy taomlar tayyorlash mahorat darslari, xorijiy dizaynerlar tomonidan yosh dizaynerlar uchun mahorat darslari bo`lib o`tdi.
Xalqaro festivalda dizaynerlar ishlarini baholashda Rossiya, Belarus, Qozog`iston va o`zbekistonlik ekspertlar qatnashdi. Unda qirg`izistonlik dizaynerlar Katya Zabolotnova hamda Aliya Edilova, O`zbekistondan Iroda Agzamxuja, turkmanistonlik Ayna Izbasar “Oltin igna sohibi” bo`lishdi. Shuningdek, qirg`izistonlik Shaxzada Baltabaeva “Bibihanum Award”, O`zbekiston vakilalari Kumushxon Madumarova “Miss Shahrisabz”, Diyora Kamolova “Top Model”, Sitora Islomova “Fest Girl” nominasiyalari bo`yicha sovrindorlar safidan joy olishdi.

Festival doirasida O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi va “Shanxay hamkorlik tashkilotining O`zbekistondagi vakolatxonasi” nodavlat tashkiloti o`rtasida “Ta`lim va turizm almashinuvi “Xalq diplomatiyasini” rivojlantirish uchun O`zbekistonda va ShHT mamlakatlarida madaniy va ijodiy tadbirlarni muntazab o`tkazib borish to`g`risida” memorandum imzolandi.






