AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri, Dubay amiri bilan uchrashdi

'Shavkat Mirziyoev Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri, Dubay amiri bilan uchrashdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida 26 mart kuni Dubay shahrida BAA Vise-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokara o`tkazdi, deb xabar berdi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati.

Amirliklarning eng yirik shahri Dubay insoniyat ilmiy-texnik taraqqiyotining eng ilg`or yutuqlarini o`zida mujassam etgan. Masalan, dunyoning sakkizinchi mo``jizasi, deb e`tirof etilayotgan Palm Islands sun`iy orollari inson qo`li bilan yaratilgan eng yirik arxipelag bo`lib, o`zining miqyosi va ko`rkamligi bilan hayratga soladi. Bu erda muhtasham mehmonxonalar joylashgan. Sayyoramizdagi eng baland osmono`par bino - Burj Khalifa esa 11 ko`rsatkich bo`yicha Ginnes rekordlar kitobiga kirgan.

Dubayda dunyodagi eng uzun avtomatlashtirilgan metro tizimi va usti yopiq piyodalar o`tish yo`lagi mavjud. Sahroda joylashganiga qaramay, shaharda jahonning eng yirik gullar bog`i barpo etilgan. Bu erdagi plyajlar eng toza deb tan olingan. Shaharga bil yilda o`rtacha salkam 16 million kishi tashrif buyurishi bejiz emas. Dubay boshqa soha va yo`nalishlarda ham ko`plab rekordlarni zabt etgan.

Bularning barchasi ochiqlik va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish siyosati tufaylidir. Dubayning jadal ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ko`p jihatdan shahar va amirlik hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumning g`oyalari kuchli turtki bo`ldi.

O`zbekiston ham dunyoga ochilmoqda. Mamlakatimiz jadal va izchil rivojlanish yo`lidan bormoqda, bu jarayonda jahon tajribasini o`rganish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan innovasion, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va boshqa sohalarda faol hamkorlik qilish muhim o`rin tutadi.

Ko`p qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan “Zaabil” saroyida bo`lib o`tgan uchrashuvining asosiy mavzusi bo`ldi.

BAA Vise-prezidenti, Bosh vaziri davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, kecha Abu-Dabida mamlakatlarimiz o`rtasida erishilgan kelishuvlardan mamnun ekanini ta`kidladi. Dubay amiri o`z taraqqiyotining yangi bosqichiga chiqqan O`zbekiston bilan ko`p qirrali aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdorligini bildirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mehmondo`stlik va istiqbolli qo`shma loyihalar qo`llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi hamda O`zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari, jumladan, Dubay amirligi bilan do`stlikka asoslangan munosabatlarni mustahkamlashga tayyor ekanini qayd etdi.

Ishonch ruhida o`tgan suhbatda qator sohalarda sheriklik va tajriba almashishni kengaytirish yo`llari, turli darajalarda yangi aloqalar o`rnatish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralardan so`ng imzolangan hujjatlar bilan almashish marosimi bo`lib o`tdi. Qo`shma investision kompaniya tashkil etish to`g`risida shartnoma, Samarqand shahri infratuzilmasini modernizasiya qilish va zamonaviy agroklaster tashkil etish to`g`risida bitimlar, qishloq xo`jaligi va logistika sohalarida hamkorlik qilish bo`yicha ikki tomonlama hujjatlar shular jumlasidan.


    Boshqa yangiliklar