AsosiySiyosat

​Shavkat Mirziyoev: Abduxoliq G`ijduvoniy majmuasi ma`rifat markazi bo`lishi kerak

'​Shavkat Mirziyoev: Abduxoliq G`ijduvoniy majmuasi ma`rifat markazi bo`lishi kerak'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 29 mart kuni Buxoro viloyati G`ijduvon tumaniga tashrif buyurdi. Abduxoliq G`ijduvoniy maqbarasi ziyorat etilib, Qur`on tilovat qilindi.

Davlatimiz rahbari maqbarada amalga oshirilgan qurilish-ta`mirlash ishlarini ko`zdan kechirdi. Bu erga imom-xatiblarni jalb etib, ularga allomalarimiz ma`naviy merosini to`g`ri va chuqur o`rgatish, xalqimizga etkazish bo`yicha topshiriqlar berdi.


- Kitobda o`qish boshqa, ziyorat qilib, yurakdan o`tkazib o`rganish boshqa. Bu joy ma`rifat markazi bo`lishi, odamlar o`ziga ilm olib ketishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.
O`tgan yil 16 fevral kuni viloyatga tashrif chog`ida Prezidentimiz «Etti pir» maqbaralarini obod qilish, ularni bog`lovchi turizm yo`nalishi tashkil etish bo`yicha ko`rsatmalar bergan edi.

Abduxoliq G`ijduvoniy mazkur etti pirning birinchisi sanalib, Xojagon tariqati asoschisidir. Keyinchalik Orif Revgariy, Mahmud Fag`naviy, Ali Romitaniy, Muhammad Boboi Samosiy, Sayyid Amir Kulol bu ma`naviy yo`nalishni davom ettirib, Bahouddin Naqshband uni yuksak bosqichga olib chiqqan. Shu bois bu tariqat Naqshbandiya nomi ostida tanilgan. Qo`shni mamlakatlar, g`arbiy va janubiy Sharq davlatlari, hatto butun dunyoda bu aziz avliyolar qadamjolarini kelib ko`rish istagidagilar ko`p.

Shu erda mazkur ziyoratgohlarda amalga oshirilgan va davom etayotgan ta`mirlash, obodonlashtirish ishlari haqida ma`lumot berildi.

Davlatimiz rahbari bu maskanlarni obod qilish bilan birga «Etti pir» haqida kitob yaratish, ularning ilmiy merosini targ`ib etish zarurligini ta`kidladi.

- Bunday ma`naviy xazina boshqa hech qaerda yo`q. Bu xazinani mukammal o`rganish, odamlarga, yoshlarga oson tilda etkazish kerak. Maqsadimiz - yoshlarimiz o`zimizning allomalarga ergashsin, merosini bilsin, ular bilan faxrlansin.

Mamlakatimizda ma`rifiy islomni rivojlantirish, buyuk allomalar maqbaralarini obod qilishga qaratilayotgan e`tibor xalqaro miqyosda tan olinmoqda. Xususan, Islom hamkorlik tashkilotining Ta`lim, fan va madaniyat masalalari bo`yicha tashkiloti - ISESCO tomonidan Buxoro shahri 2020 yilda Islom madaniyati poytaxti deb e`lon qilindi.

Prezidentimiz bu sanaga yuqori darajada tayyorgarlik ko`rish, uning doirasidagi tadbirlarni Abduxoliq G`ijduvoniy tavalludining 915 yilligi va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligi bilan hamohang nishonlash, xalqaro ilmiy konferensiya o`tkazish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

    Boshqa yangiliklar