AsosiySiyosat

Byudjet va eksport tushumlari – ijtimoiy soha rivojining muhim manbai

'Byudjet va eksport tushumlari – ijtimoiy soha rivojining muhim manbai'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 aprel kuni 2019 yilning birinchi choragi yakunlari bo`yicha Davlat byudjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda birinchi yarim yillik uchun belgilangan ko`rsatkichlarning so`zsiz bajarilishini ta`minlash yuzasidan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Birinchi chorakda mamlakatimiz bo`yicha byudjet tushumlari to`liq hamda o`tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobar ko`p bajarildi. Chorak yakuni bo`yicha mahalliy byudjet daromadlari rejaga nisbatan 1 trillion 253 milliard so`m ortig`i bilan bajarilib, hududlar ixtiyorida o`tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko`p mablag` qoldi.

Mahalliy byudjetda qancha ko`p daromad bo`lsa, dolzarb ijtimoiy masalalarni shuncha tezkorlik bilan hal qilish mumkin, dedi davlatimiz rahbari. Qo`shimcha mablag`lar, jumladan, Beshta tashabbus, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Ichimlik suvi”, “Har bir oila - tadbirkor” kabi davlat dasturlarini joylarda tizimli amalga oshirish, aholi daromadlarini ko`paytirish va hayotini yaxshilash uchun zarur bo`ladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu vazifaning ahamiyatini hamma rahbar ham birdek anglab etmayotganini keskin tanqid qildi. Jumladan, byudjetga tushumlar prognozi 9 tuman va shaharda bajarilmagan.

Ayniqsa, Toshkent shahrining o`n bitta tumanidan ettitasida tushumlar prognozi bajarilmagan. Ushbu tumanlar soliq inspeksiyalari rahbarlari lavozimlaridan ozod etildi.

Shahar hokimligi va soliq idoralari rahbarlari tomonidan byudjetga tushumlarni ta`minlashda sustkashlikka yo`l qo`yilganligi qattiq tanqid ostiga olindi.

Bunday holatlar viloyatlarda ham qayd etilgan. Shu sababli Davlat soliq qo`mitasiga mahalliy byudjetga tushumlar prognozi bajarilmagan qator tuman va shahar soliq idoralari rahbarlarining lavozimiga loyiqligini tanqidiy ko`rib chiqish topshirildi.

Ma`lumki, O`zbekiston soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy maqsadi soliq yukini teng taqsimlashdan iborat.

Prezidentimiz soliq islohotlarini samarali amalga oshirish uchun hukumat oldida juda ko`p vazifalar turganini ta`kidladi.

Jumladan, joriy yildan boshlab qo`shilgan qiymat solig`i to`lovchilari soni qariyb 5 baravarga oshgan. Lekin, qo`shilgan qiymat solig`ini hisoblashning samarali va sodda mexanizmlari samarali tashkil etilmagani sababli ushbu tizimga o`tgan 26 mingta korxonadan 9 mingtasi tegishli soliq hisobotlarini topshira olmagan.

Vazirlar Mahkamasi va Davlat soliq qo`mitasiga bir oy muddatda xalqaro ekspertlar bilan birgalikda O`zbekistonda soliq islohotlarini amalga oshirishda vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo`yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Byudjet tushumlarini ta`minlashdagi asosiy to`siqlardan biri iqtisodiyotda norasmiy faoliyatning saqlanib qolinayotganidir.

Prezidentimiz bu boradagi ishlar natijalari mutlaqo qoniqarli emasligini ta`kidladi. Shu sababli bu borada qabul qilingan dasturiy choralarni jonlantirish topshirildi.

Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsmanga hokimliklar bilan birgalikda faoliyatini to`xtatgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o`tkazish va faoliyatini tiklashda ularga ko`maklashish vazifasi yuklatildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, yuqorida ko`rsatilgan muammolar o`z vaqtida bartaraf qilinsa, yil oxiriga qadar byudjetga qo`shimcha kamida 6 trillion so`m tushishini ta`minlash mumkin.

Jumladan, joriy yilning ikkinchi choragida Buxoro, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 200 milliard so`mdan, Qashqadaryoda 170 milliard so`m, Andijonda 140 milliard so`m, Qoraqalpog`istonda 130 milliard, Farg`onada 100 milliard, Samarqand va Namanganda 80 milliard so`mdan, Jizzax, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda 60 milliard so`mdan, jami qariyb 2 trillion so`m byudjetga qo`shimcha mablag` tushirish imkoniyati mavjud.

Yig`ilishda mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan choralar ham muhokama qilindi.

Ikkinchi chorakda o`tgan chorakka nisbatan 1,1 milliard dollarga ko`p eksportni amalga oshirish vazifasi turganligi qayd etildi. Jumladan, aprel-iyun oylarida hokimliklar birinchi chorakka nisbatan 3 barobar ko`p meva-sabzavot mahsulotlari eksportini ta`minlashi zarur.

Davlatimiz rahbari ayrim soha va tarmoq mutasaddilari va hududlar rahbarlarini bu borada mavjud imkoniyatlar to`liq ishga solinmayotgani uchun keskin tanqid qildi.

Eksportbop mahsulotlar bo`yicha qanday ustunlik jihatlar mavjudligi, qaysi hududda qanday mahsulot etishtirish va qaerga eksport qilish maqsadga muvofiqligi bo`yicha qisqa muddatda amaliy takliflar ishlab chiqishga topshiriq berildi.

Yig`ilishda ta`kidlanganidek, eksport qilinayotgan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish, tovarlar uchun nazorat idoralaridan ruxsat olishni soddalashtirish bo`yicha qator vazifalarni hal etish lozim. Misol uchun, mamlakatimizda eksport hujjatlarini rasmiylashtirish 96 soat vaqt olsa, xorijda bunga 12 soatu 20 daqiqa ketadi, xolos.

Bu sohada “Yagona darcha” tizimi to`liq joriy etilmagani oqibatida tadbirkorlar o`z mahsulotini eksport qilishga ruxsat olish uchun kamida 10 ta idoraga borishi lozim.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga eksport-import operasiyalariga ruxsat beruvchi idoralarni jalb qilgan holda tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog`liq davlat xizmatlarini qamrab oluvchi “Yagona darcha” tizimini joriy etish topshirildi.

Davlat bojxona qo`mitasiga pishiqchilik davrida bojxona postlarining o`tkazuvchanligini oshirish va tirbandlikka yo`l qo`ymaslik uchun tegishli choralar ko`rish vazifasi yuklatildi.

Prezidentimiz eksportbop qishloq xo`jaligi ekinlarini joylashtirish va mahsulot etishtirishning prognoz hajmlari ijrosini to`liq ta`minlash lozimligini alohida ta`kidladi.

Eksport bozorlarida mamlakatimiz o`rnini mustahkamlash maqsadida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan G`allaorol, Zomin, Bulung`ur, Urgut, Qibray, Parkent, Oltiariq tumanlari va Quvasoy shahrida tashkil etilayotgan qishloq xo`jaligi birlashmalari faoliyatini samarali yo`lga qo`yish zarur.

Shuningdek, “O`zdavkarantin” inspeksiyasiga gilos, o`rik, olcha kabi bozori chaqqon mevalarni xorijiy bozorlarga faol kirib borishini ta`minlash maqsadida chet el karantin xizmatlari bilan muzokaralar o`tkazib, eksportchilarimiz uchun qulay sharoitlar yaratish choralarini ko`rish topshirildi.

Transport-logistika xarajatlarining yuqoriligi mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga salbiy ta`sir ko`rsatayotgani ta`kidlandi. Ushbu muammoni hal etish yo`lidagi birinchi qadam sifatida joriy yil fevral oyida yurtimizga import qilinadigan vagonlar bojxona bojlaridan ozod qilindi.

Bu borada Transport vazirligiga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirishda temir yo`l transportining imkoniyatlaridan keng foydalanish, “yagona darcha” tamoyili asosida soddalashtirilgan mexanizmni joriy etish vazifasi qo`yildi.

Bundan tashqari, yuk transporti parkini keskin oshirish uchun ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshmagan avtomobil transport vositalarini sotib olish uchun kreditlash tizimini joriy etish bo`yicha taklif kiritishga topshiriq berildi.

Yig`ilishda har bir tarmoq va hudud rahbari eksportdan tushumlar barqaror va o`z vaqtida kelib tushishi uchun shaxsan javobgar ekani belgilab qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar