O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In 18 aprel kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O`zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.
Bugun Koreya Respublikasi Prezidenti O`zbekiston Bosh vaziri hamrohligida Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrif buyurib, mamlakatlarimiz hamkorligida amalga oshirilishi rejalashtirilgan telemedisina loyihasi taqdimoti bilan tanishadi.
O`zbekiston va Janubiy Koreya Prezidentlarining muzokaralari 19 aprel kuni Ko`ksaroyda bo`lib o`tadi. Unda savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, moliyaviy-texnik va gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Imzolash uchun salmoqli hujjatlar to`plami tayyorlangan. Xususan, O`zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o`rtasida alohida strategik sheriklik to`g`risidagi deklarasiyani qabul qilish rejalashtirilgan.