AsosiySiyosat

Mun Chje In: O`zbekiston o`z taraqqiyotining yangi erasiga qadam qo`ymoqda

'Mun Chje In: O`zbekiston o`z taraqqiyotining yangi erasiga qadam qo`ymoqda'ning rasmi

Rasmiy kutib olish marosimidan so`ng O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev hamda Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In tor va keng doirada muzokara o`tkazdi.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni mamlakatimizga tashrifi bilan qutlab, bu uzoq kutilgan va muhim tashrif ekanini ta`kidladi.

– Janubiy Koreya O`zbekistonning ishonchli va ustuvor sherigi. Men 2017 yilgi uchrashuvimizni mamnuniyat bilan eslayman. Muzokaralarimiz samimiy va konstruktiv ruhda o`tgan, salmoqli hujjatlar imzolangan edi. Bu keyingi yillardagi hamkorlik rivojiga asos bo`ldi. Sizning ushbu tashrifingiz davlatlararo munosabatlarimizga yangi impuls beradi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Koreya Respublikasi Prezidenti O`zbekistonga taklif uchun minnatdorlik bildirdi.

– O`zbekiston qadimiy va boy tarixga ega, Buyuk ipak yo`lining markazi bo`lgan o`lka. Bugungi kunda mamlakatingiz o`z taraqqiyotining yangi erasiga qadam qo`ymoqda. O`zbekistonni Janubiy Koreyaning savdo va investisiyaviy aloqalarni faollashtirishga qaratilgan “Yangi shimoliy siyosat”ida muhim o`rin tutuvchi sherik deb bilamiz. Sizning Seulga tashrifingiz chog`ida mamlakatlarimiz o`rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirishga erishgandik. Bu safar uni alohida strategik darajasiga ko`tarish niyatidamiz, – dedi Mun Chje In.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. O`zaro manfaatli yo`nalishlarni topish, “soatlarni solishtirib olish” maqsadida siyosiy muloqot va maslahatlashuvlarni faol davom ettirish bo`yicha yakdil fikr bildirildi.

Ikki mamlakat hamkorligi, xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik aloqalarini kengaytirish maqsadida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

Savdo-iqtisodiy aloqalardagi o`sish sur`atlari ijobiy baholanib, uni yanada oshirish uchun imkoniyatlar ko`pligi qayd etildi. Shu maqsadda huquqiy va institusional infratuzilmani takomillashtirish, turli darajadagi tashriflar va ishbilarmon doiralar o`rtasidagi uchrashuvlarni ko`paytirish zarurligi ta`kidlandi.

Muloqot chog`ida tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Janubiy Koreya O`zbekistonning mintaqada yaxshi qo`shnichilik muhitini mustahkamlash, Orol fojiasi oqibatlarini kamaytirish, Afg`onistonda tinchlik jarayoniga ko`maklashishga qaratilgan amaliy sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlashini bildirdi. O`zbekiston Koreya Respublikasining Koreya yarim orolida hamjihatlikni mustahkamlashga yo`naltirilgan tinchliksevar siyosatini ma`qullaydi.

Keng doiradagi muzokaralarda asosiy e`tibor savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, moliyaviy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi.

O`zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi hamkorligi deyarli barcha jabhalarni qamrab olgan. Savdo sohasida eng ko`p qulaylik tartibi o`rnatilgan. Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiya o`zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda muhim o`rin tutmoqda. Joriy yil 4 martda Toshkentda uning to`qqizinchi majlisi bo`lib o`tdi. 2018 yilda iqtisodiy masalalar bo`yicha Bosh vazir o`rinbosarlari majlisi formati ham yo`lga qo`yildi.

O`tgan yili ikki mamlakat o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard 130 million dollardan oshib, keyingi yillardagi eng yuqori ko`rsatkich qayd etildi.

Mamlakatimizda koreyalik investorlar ishtirokida tuzilgan 660 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 354 tasi yuz foiz xorijiy sarmoya hisobidan tashkil qilingan.

Janubiy Koreya tomoni O`zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish va investisiya muhitini yaxshilash bo`yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni olqishladi. Bu mamlakatimizga investisiyalar va yuqori texnologiyalar kelishini ko`paytirib, qo`shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, doimiy ish o`rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston energetika, neft-gaz, kimyo, konchilik, transport va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish, mashinasozlik, elektr texnikasi, to`qimachilik va oziq-ovqat sanoati, infratuzilmani rivojlantirish bo`yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi. Janubiy Koreya kompaniyalari mamlakatimizda o`zlarini erkin va qulay his qilishlari uchun har tomonlama qo`llab-quvvatlanishini alohida ta`kidladi.

Muzokarada mazkur sohalardagi yangi imkoniyatlar, ularni hayotga tatbiq etish bo`yicha takliflar ko`rib chiqildi. Iqtisodiyotning etakchi tarmoqlari, mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida korxonalar tashkil etish, “elektron hukumat”ni rivojlantirish, innovasion va ijtimoiy sohalar bo`yicha kadrlar tayyorlashni davom ettirishga kelishib olindi.

Gumanitar soha O`zbekiston va Janubiy Koreya aloqalarining yana bir muhim, kompleks yo`nalishidir. Bugungi kunda axborot texnologiyalari, raqamli tibbiyot, ta`lim, madaniyat sohalarida samarali hamkorlik qilib kelinmoqda. Mamlakatimizning maktabgacha ta`lim tizimiga Koreya tajribasi keng joriy etilmoqda.

Davlatimiz rahbari mazkur sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta`kidladi. Janubiy Koreya Prezidenti ilg`or tajribalardan foydalanish va kadrlar malakasini oshirishga hissa qo`shishga tayyor ekanini bildirdi.

Prezident Mun Chje In Prezident Shavkat Mirziyoevni o`zi uchun qulay vaqtda Janubiy Koreyaga tashrif bilan borishga taklif etdi.


    Boshqa yangiliklar