1

Ruhiy va jismoniy tazyiq: O`tgan o`quv yilida maktablarda nimalar sodir bo`ldi?

Jamiyat 15.06.2019, 13:41
Ruhiy va jismoniy tazyiq:  O`tgan o`quv yilida maktablarda nimalar sodir bo`ldi?

“Maktab o`quvchisi o`z sinfdoshini pichoqlab qo`ydi”, “Sinfxonada qizlar o`rtasida mushtlashuv bo`ldi”, “O`qituvchi o`z o`quvchisini haqoratlab kaltakladi...” O`tgan o`quv yili mobaynida o`nlab shu kabi xabarlarni eshitdik. Bunday noxush holatlar hali voyaga etmagan o`g`il-qizlar tomonidan sodir etilgani nechog`lik yomon bo`lsa, ilm o`chog`i, deya atalmish ta`lim muassasalarining o`zida yuz bergani shu qadar dahshatdilidir.

To`g`ri, dunyoning turli davlatlarida aynan maktab va kollejlarda sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlar bundan-da dahshatli. O`z o`qituvchisi, sinfdoshlari yoxud maktabdoshlariga qurol o`qtalib, ularning umriga zomin bo`lgan o`quvchi-qotillar haqida xabarlar ommaviy axborot vositalari sharofati bilan bizgacha etib keldi. Xo`sh, nega bu kabi hodisalar ro`y beradi? Maktab partasida o`tirgan, bu bino ostonasidan ilm olish uchun hatlab kirgan bolakay qachon ruhiy-emosional evrilishlar girdobiga tushib qolib, yuqoridagi kabi ishlarga qo`l uradi? Nega buni hech kim payqamaydi? Umuman, ta`lim muassasalarida tarbiyasi, axloqi, ruhiy holati og`ir yoxud og`irlashib borayotgan o`quvchilar bilan ishlovchi tizim mavjudmi?

Bu savollarga javob topish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi yurtimizning bir necha viloyatlaridagi umumta`lim maktablari o`quvchi va o`qituvchilarini qamrab olgan tadqiqot ishlarini o`tkazdi.

Suhbat va so`rovlardan ayon bo`ldiki, boladagi salbiy xatti-harakat va qarashlarning ilk kurtaklari uning atrofdagilar bilan bo`ladigan muomalasida, darslarni qoldirishi, uy vazifalarini tayyorlamasligi, darslardan qochishi, o`qituvchining topshiriq va buyruqlariga bo`ysunmasligida namoyon bo`ladi. Bularni o`qituvchi payqamaydi, deysizmi? Payqaydi, ammo afsuski aksar hollarda bolaning ko`ngliga qo`l solib, muammoning asl ildizini topish o`rniga, “ikki” qo`yish bilan tahdid qilish, hammaning oldida uyaltirish, haqoratlash va kamsitish kabi “chora”larni ko`radi. Buni anonim so`rovnomada qatnashgan o`qituvchilarning kattagina qismi tan olganligi ham tasdiqlaydi.

Tadqiqotda ishtirok etgan o`quvchilar ham o`z o`rnida o`qituvchilari va sinfdoshlari tomonidan oilaviy ahvoli, moddiy holatiga shama qilib aytilgan haqoratlar va tanbehlarni boshdan kechirishlarini, bundan g`azab va nafrat hislarini tuyishlarini so`zlab berishdi.

Mana, tanganing ikki tomoni. Bir yoqda e`tibor, g`amxo`rlik, mehr va to`g`ri tarbiyaga muhtoj o`quvchi-bola bo`lsa, ikkinchi tomonda pedagogik mahorat va jonkuyarlikka to`la ega bo`lmagan, qog`ozbozligu tekshir-tekshirlardan zada bo`lgan, bir o`zi 30-40 nafar bolani qamrab va bo`ysundirib olishning imkonini qila olmayotgan o`qituvchi...

Keling, tadqiqot xulosalariga nazar tashlasak. O`qituvchilar bergan javoblarga ko`ra, ta`lim muassasalarida zo`ravonlikka ko`proq: nosog`lom oilaviy muhitda yoxud iqtisodiy jihatdan nochor oilada katta bo`layotgan, nochor ko`pchilikning oldida o`zini tutishni bilmaydigan, kamgap, qo`rqoq, aqliy yoki jismoniy nuqsonlari bo`lgan bolalar duchor bo`lmoqda.

Tadqiqotlar shuni ko`rsatdiki, maktablarda sinfdoshlar, boshqa sinf o`quvchilari va o`qituvchilar o`rtasida tizimli, ya`ni tez-tez ro`y beradigan nizoli holatlar mavjud. Boz ustiga, psixologik va jismoniy bosim, tazyiq natijasida nizoli holatlar mushtlashuv va hatto pichoqbozlikkacha borib etadi.

Bu birgina tadqiqot ko`rsatgan xulosalar xolos. Asl holatga chuqurroq kirib borilsa, bunda nafaqat o`quvchi va o`qituvchi, balki ota-ona, mahlla-ko`y va hatto davlatga borib taqaluvchi jihatlar borligini anglab etish mumkin. O`ylaymizki, yangi o`quv yili oldidan bu kabi muammolarni atroflicha tahlil qilish, ildizlarini topish va ularga ortiq yo`l qo`ymaslik choralarini topishga etarlicha fursat bor.

Bobur Elmurodov, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1