1

Qabul - muloqot tizimi va muammolar echimi: Bu jarayon bugun oddiy hayotiy haqiqatga aylandi

Jamiyat 18.07.2019, 11:17
Qabul - muloqot tizimi va muammolar echimi: Bu jarayon bugun oddiy hayotiy haqiqatga aylandi

Hududlarni kompleks ravishda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bosh maqsad qilib qo`yilganda, uning tashkiliy o`zagi sifatida sektorlar tizimivujudga keldi. O`zgarishlarning yangi silsilasi mana, ikki yildirki, afzallik jihatlarini namoyon qildi. Viloyat, tuman (shahar) miqyosida to`rtta sektorga bo`lingan hududlargahokim, prokuror, ichki ishlar hamda davlat soliq tizimi rahbarlari mutasaddi etib qo`yilishi xalq bilan muloqotning o`ziga xos bosqichini belgilab berdi.

Muammolarning tez va sifatli hal etilishiyaqqol ko`zga tashlana boshladi. Shu o`rinda raqamlarga murojaat qilaylik. Viloyatimizda 2019 yilning olti oyi davomida viloyat, tuman, shahar darajasidagi sektorlar rahbarlari tomonidan aholi bilan 685 ta ommaviy qabul, ya`ni, ochiq muloqotlar o`tkazildi. Ularda salkam 44 ming nafar fuqaro ishtirok etganligining o`zi, ta`bir joiz ko`rilsa, qariyb 50 mingga yaqin, balki undan ham ko`proq muammolar tilga olinganligi, echimini topganligini bildiradi. Aniqroq qilib aytsak, viloyat sektor rahbarlari tomonidan 43 ta muloqot jarayonida 6 ming 785 ta masala ko`rib chiqildi. Ularning 58 foizi qabul joyining o`zida qanoatlantirildi.Muloqot jarayoniga taklif etilgan turli soha mutasaddilari ishtirokida masalalarga echim topilayotganligi ana shunday ko`rsatkichni ta`minlayapti. Endi o`sha 58 foizdan tashqari turgan murojaatlar masalasiga aniqlik kiritamiz. Ularning 26 foizi asoslantirilgan holda tushuntirishlar berilganligini, ya`ni, fuqaro muammosi echimini qanday hal etishi lozimligini anglab etganligini bildiradi. qolganlariga muddatlar belgilanib, ijrosi nazoratga olingan.

Mana, qabul-muloqot tizimining tashkiliy jihatlari ham xalqni rozi qilish tamoyiliga mos kelishini isbotlayapti. Ko`tarilayotgan muammolar ko`lami keng. Aholi tomonidan muhokamaga qo`yilayotgan birgina ichimlik suvi ta`minoti masalasini olib ko`raylik. Viloyat hokimi - 1-sektor rahbari Sh. Abdurahmonovga 7 ta tumandan tushgan shunday muammoga daxldor murojaatlar asosida 64 kilometr suv tarmog`i qurildi, 12 dona suv qudug`i va 29 kilometr tarmoq rekonstruksiya qilindi. Bu 9 milliard so`m mablag` sarflashni talab qildi.Viloyat prokurori - 2-sektor rahbari /. Fozilov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i - 3-sektor rahbari Sh. Sobirovlarga Shahrixon tumanining Cho`ja mahallasida yashovchi Abdumalik Rahmatullaev, Soxiobod MFY vakili Xudoyberdi Maqsudov, Asaka tumanining Otish mahallasida istiqomat qiluvchi Ziyoiddin Xolmirzaev, Olaqanot mahallasidan Iminjon Tursunov, Zavkan mahallasidan Zuxriddin Ahmedovlarning hududlarga toza ichimlik suvi chiqarib berilishi yuzasidan qilgan murojaatlari ijobiy echimini topdi.

Keyingi ikki yil mobaynida aholini va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan ta`minlash borasida xayrli harakatlar amalga oshirildi. "Chiroq o`chib qoldi, qachon yonar ekan?" - degan xavotirdan deyarli qutuldik. Biroq chekka hududlarda, markazlardagi ayrim mahallalarda shu tarmoqda ishlatiladiganjihozlarning eskirganligi yuzasidan shikoyatlar tushmoqda. Viloyat IIB boshlig`i - 3-sektor rahbarining qabuliga Shahrixon tumanining Sherqo`rg`on mahallasida yashovchi Alimardon Ahmadaliev kelib, mahallaga yangi transfarmator zarurligini aytdi. Murojaat o`rganilgach, 20 million so`m mablag` evaziga katta quvvatga ega yangi jihoz, qo`shimcha ravishda 23 dona beton tayanch o`rnatilib, 1 km masofaga tarmoq tortildi.

Andijon shahrining Cho`lpon 100 yilligi mahallasida istiqomat qiluvchi Murodjon Yuldoshevning viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig`i - 4-sektor rahbari Z. Yuldoshevga murojaati asosida 50 ta yaroqsiz simyog`ochlar almashtirilib, mahallaga yangi transfarmator o`rnatib berildi.

Ochiq muloqotlar davomida tadbirkorlarning intilishlari hamda ishbilarmonlik harakatiga qo`shilishni xohlayotgan fuqarolarning sa`y-harakatlari qo`llab-quvvatlanmoqda. Aslini olganda mana shunday murojaatlar xalq kayfiyatida, binobarin, hayot tarzida ro`y berayotgan o`zgarishlarni ham namoyon qiladi. Viloyat hokimi - 1-sektor rahbariningIzboskan tumanida o`tkazilgan sayyor qabuliga Andijon shahrining Farobiy ko`chasida yashovchi Muhabbatxon Muxtorova keldi. U shu tumanda tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`ymoqchi ekan. Murojaat o`rganilgach, xotin-qizlar jamaot fondi tomonidan 400 million so`m kredit ajratilishi ma`qul, deb topildi. Viloyat prokurori - 2-sektor rahbariga Marhamat tumanining Uzumzor mahallasida istiqomat qiluvchi Umidjon g`iyosov ham ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun madad so`rab murojaat qildi. "Milliybank" ATB tuman bo`limi 100 million so`m kredit mablag`i ajratdi.

Jalaquduq tumanining Oyim shaharchasida umrguzaronlik qilayotgan bir guruh mehnat faxriylari ko`p tarmoqli markaziy poliklinikaning hududiy bo`linmasi binosini qayta qurish zarurligini bayon qildilar. Viloyat hokimi - 1-sektor rahbari moliya, sog`liqni saqlash tizimi mutasaddilariishtirokida masalani joyida o`rgandi. "Milanobiznes servis" mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidanishlar boshlandi, buning uchun mahalliy byudjetdan 4,5 milliard so`m mablag` ajratiladigan bo`ldi. Shu sektor rahbariga Shahrixon tumanining Karnaychi mahallasida yashovchi fuqaro Furqat Madrahimov tomonidan 8-maktab binosi muammolari ko`tarildi. 1989 yilda qurilishi boshlanib, tugallanmay qolgan ta`lim muassasasi faoliyatini yo`lga qo`yish uchun 5 milliard so`m ajratildi. Viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig`i - 4-sektor rahbariga Oltinko`l tumanidagi Xo`ja mahallasida yashovchi Muxtasarxon Nishonova mahallasining yo`li nosoz ekanligidan shikoyat qildi. Shundan so`ng 1 km. 600 metr ko`cha to`liq ta`mirlandi.

Bu misollar aholi qatlamining ijtimoiy ongi yuksalib borayotganligidan, mayda yoki shaxsiy manfaatlarni ifodalovchi arzlar bilangina emas, ko`pchilik uchun foydali jihatlarni ko`zlaydigan murojaatlar ko`payayotganidan dalolat beradi.

Viloyat hokimi - 1-sektor rahbariga Oyim shaharchasida o`tkazilgan sayyor qabul kuni kam ta`minlangan oilalar vakillaridan 15 kishi murojaat qildi hamda ularga 50 million so`mdan ziyod moddiy yordam ko`rsatildi.Izboskan tumanida esa fuqaro Obidjon Mamatojiev uy-joy masalasida qiyinchilik tug`ilganligini bayon etdi. Albatta, uning murojaati yuzasidan "qishloqqurilishinvest" MChJ aniq amaliy chora-tadbirlar ko`radigan bo`ldi. Ijtimoiy himoya tamoyiliga e`tibor muloqotlarning o`zagini tashkil etayotganligi, sayyor qabullarda, avvalo mana shu yo`nalishga jiddiy e`tibor qaratish lozimligi o`z e`tirofini topdi.

Tuman, shaharlar kesimidagi sektorlar rahbari tomonidan o`tkazilgan 642 ta ommaviy qabul davomida 35 ming nafardan ziyod fuqarolar ishtirok etganligi, aksariyat murojaatlar joyida qanoatlantirilganligi xususida ham alohida so`z yuritish mumkin. Bundan tashqari qabul-muloqotlarda viloyatimizga tashrif buyurgan vazirliklar, davlat ko`mitalari va respublika miqyosidagi idoralar rahbarlari tomonidan aholining dardu tashvishlari izchil o`rganilayotganligini ta`kidlash joiz. Ana shunday 20 ta qabul chog`ida qariyb 1 ming 900 ta murojaat ko`rib chiqildi.

Davlatimiz rahbarining "Insonlarning dardu tashvishlarini o`ylab yashash - odamiylikning eng oliy mezonidir" degan so`zlari xalq bilan muloqotlar chog`ida birinchi darajali tamoyil bo`lmoqda, deb aytishga to`la haqlimiz. Odamlar bugunidan rozi bo`lsin, ertangi kuniga yorug` yuz bilan borsin - shunday oliyjanob niyatni ko`ngliga tukkan har bir kishi, xoh u oddiy fuqaro, xoh u rahbar bo`lsin, hayot darajamizning o`zgarishiga munosib hissasini qo`shmog`i muqarrardir.

Mamazoir XO`JAMBERDIEV

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining

Andijon viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1