1

Ogoh bo`ling! Daftarlardan xavfli virus tarqalmoqda

Jamiyat 24.07.2019, 15:49
Ogoh bo`ling! Daftarlardan xavfli virus tarqalmoqda

Hurmatli ota-onalar, mabodo farzandingizga yangi o`quv mavsumi uchun daftar xarid qilmoqchi bo`lsangiz, ogoh bo`ling. Muqovada ko`rgan har tasvir yoki ma`lumotga ishonib ketavermang.

Masalan, suratda Amir Temur emas, balki uning o`gay o`g`li aks etgan, “Farg`ona” to`g`risidagi ma`lumotda esa umuman jungli o`rmonlari haqida “aljirangan” bo`lishi mumkin...

Vahima qilayotganim yo`q. Kecha uyimiz oldidagi do`kondan besh-oltita 12 varaqli daftar, yana bir qancha o`quv qurollari sotib oldim. Sentyabr yaqin, keyish shoshib qolmaylik dedim-da. Daftarlar muqovasida tarixiy shaxslar, shaharlar nomi, orqa qismida esa ular haqida qisqacha ma`lumotlar (shunday deyish mumkin bo`lsa) berilgan. Harna, bolalar serquyosh yurtimizning bebaho go`shalari, ajdodlari bilan tanishar, dunyoqarashi oshar, degan umidda edim. Keyin bilsam, chuchvarani xom sanabman.

photo_2019-07-24_15-21-58.jpg

Nosir al-Farg`oniymi yoki Kasir al-Farg`oniy?

Birinchi daftar. Ustiga katta harflar bilan “Farg`ona” deb yozib qo`yilgan. Demak, mantiqan daftar orqasida Farg`ona to`g`risida ma`lumotlar berilishi kerak. Ammo buning o`rniga negadir al-Farg`oniy hayoti va ijodi haqida so`z yuritilgan. Yana bir xil ma`lumot ikki marta, bitta betning o`zida. Matndagi g`ij-g`ij xatolardan-ku ko`ngil ayniydi.

Misol keltiraman. Birinchi xatboshida berilgan ma`lumotga ishonadigan bo`lsak, Farg`oniyning to`liq ism-sharifi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Nosir al-Farg`oniy. Ikkinchi xatboshida esa buyuk ajdodimizning ismi sal boshqacharoq – Abul Abbos Ahmad ibi (“ibi” shevasi ko`proq Buxoro tomonlarga xos bo`lib, ajablanganda yoki ensa qotirganda qo`llaniladi – D.N.) Muhammad ibn Kasir al-Farg`oniy”.

Qoyilmisiz? Shu paytgacha o`qitilgan adabiyotlarda faqat bitta – Ahmad al-Farg`oniy bo`lardi. Balki “daftardo`zlar” bilgan boshqa farg`oniylar ham bordir, buni endi o`zlari tilga kirsalar, aytib berishar.

Bundan tashqari, matndagi “A.al-F Xalifa Xorun ar-Rashid (786-809) vorisla-85 7ri al-Ma`mun (813-833)...davrda yashadi”, “Horun ar-Rashid vafoti (809 y.)dan so`ng xalifalik taxtiga Muhammad al-Amin (809-813) chiqadi. y. ga qadar Marv-da yashaydi. U o`z atrofiga olimlari fo-zillarni to`playdi...” va hokazo jumlalarni o`qisangiz, beixtiyor: harflar “trezviy” kallada terilmagan, degan shubhaga borishingiz aniq.

Yangi Qo`qon xonligi haqida eshitganmisiz?

Ikkinchi daftar. Ustiga katta harflar bilan “Qo`qon” deb yozib qo`yilgan. Ma`lumot qismida qayd etilishicha, “Qo`qon – Fargona viloyatida, sharqiy O`zbekistondagi shahar. Aholisi 221, 700 (2010-yil). Eski Qo`qon xonligining poytaxti bo`lgan...”

Birinchidan, O`zbekistonda “Fargona” nomli viloyat yo`q. Ikkinchidan, tarixda faqat bitta “Qo`qon xonligi” bo`lgan. Uni “eski” yoki “yangi”ga ajratish fan uchun “yangilik”. Keyin, hurmatli ishlab chiqaruvchilar, uyg`oning, hozir 2019 yil. Ma`lumotga yakun yasagan jumlani o`qib, umuman yoqa ushlaysiz: “K. dan Farg`ona rik shaharlariga va viloyatning avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi”. Sho`rlik o`quvchilar!

photo_2019-07-24_15-21-55.jpg

Mirzo Ulug`bek – folbinmi?

Uchinchi daftar. “Mirzo Ulug`bek” surati tushirilgan ushbu daftarda yozilishicha, Ulug`bek eng avvalo ... folbin bo`lgan ekan. Yo`qsa, “Buyuk munajjim” jumlasini yana qanday izohlash mumkin? “O`zbek tilining izohli lug`ati”da ham “munajjim” so`ziga “yulduzlarga qarab fol ko`rgan kishi” deb ta`rif berilgan.

Yaxshiyam bu daftarlar XXI asrda chiqayapti, xudo ko`rsatmasin XVII asrda bosilganida bormi, polyak astronomi Yan Geveliy Ulug`bekni dunyoning barcha davrlaridagi eng buyuk besh nafar matematigi sirasiga kiritmagan, uning nomini Nostradamus qo`lyozmalaridan qidirib yurgan bo`lardik.

Aytgancha, bilmasangiz, bilib qo`ying: Ulug`bekni yana “Risolayi Lug`bek” degan asari ham bor ekan. Balki, yoshligida Mirzoni erkalab “Lug`bek” deb chaqirishgandir, bu yog`i endi “daftardo`zlar”ga ayon... Keyin matndagi jumlalarni tushunib, anglash uchun, kamida “filologiya fanlari nomzodi” bo`lish kerak (bonusiga – imloviy xatolar): “...U Buyuk Yulduz bilimdoni va riyoziydon bo`lgan... U yoshligini ko`pincha O`rta Sharq va Hindistonda o`tkazgan bo`lib Amir Temur o`limidan keyin Samarqand ya`ni Koshg`arli Mahmudga ko`ra Samizkentda erlashgan. Keyinchalik Otasi Shohrux Mirzo Hirotni o`z davlatining boshkenti etib tayinlangach, ...1409 – yilda Samarqand boshchisi bo`lib, 1411 – yilda esa Movaraunnahr xonliklarining erkin hukumdori bo`lgan”.

Baraka topgurlar, 12 varaqli daftardan tilshunoslar emas, 7-10 yoshli boshlang`ich sinf o`quvchilari foydalanadi.

To`rtinchi daftar, beshinchi, oltinchi... Umumiy manzara achinarli: dahshatli darajada imloviy xatolar, noto`g`ri ma`lumotlar, turli manbalardan ko`r-ko`rona ko`chirilgan siyqa jumlalar... Bir so`z bilan aytganda, daftarlar – savodsizlik virusining o`chog`iga aylanayapti. Unga tezda chora ko`rilmasa, mutasaddilar ko`zlarini kattaroq ochmasa, vijdoni uyg`onmasa biz har doim faxrlanadigan ajdodlarimiz yana yuz yil go`rida tik turadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1