1

Zominda “Barchasi o`z qo`lingda” targ`ibot dekadasining samarasi sarhisob qilindi

Jamiyat 25.07.2019, 09:20
Zominda “Barchasi o`z qo`lingda” targ`ibot dekadasining samarasi sarhisob qilindi

Yoshlar o`rtasidagi jinoyatchilik va huqukbuzarliklar avvvalgi yillarga nisbatan kamaygan bo`lishiga qaramay aynan tartibsizlik, o`g`irlik kabi turli huquqbuzarliklarning ko`payib borishi keng jamoatchilik vakillarini sergaklikka chaqirmoqda. Tarbiyadagi eng kichik e`tiborsizlikdan bugun ayrim yoshlar jinoyat to`riga o`lja bo`lmoqda. Birovning mulkiga egalik qilish maylidan jinoyat tubsizligiga kirib jazo muddatini o`tayotgan yoshlarning adashishiga oilaviy nosog`lom muhit, tarbiyadagi loqaydlik sabab bo`lgan. Garchi farzand ota-onasining ko`zgudagi aksi bo`lib ulg`ayadi.

Hozirda voyaga etmagan yoshlar o`rtasida jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirishda songa emas sifatga tayanilmoqda. Yoshlar ittifoqi har oyning oxirgi o`n kunligida hududlarda “Barchasi o`z qo`lingda” targ`ibot dekadasini o`tkazib kelmoqda. Unda tarbiyasi og`ir, jinoyat sodir etgan yoshlar namunali fuqarolarga biriktirilmoqda.

O`tgan vaqt mobaynida bajarilgan ishlarni tanqidiy tahlil etish, kelgusidagi vazifalarni belgilash, yoshlarning huquqiy, siyosiy savodxonligini, saylovlardagi rolini oshirish maqsadida Jizzax viloyati Zomin tumanida “Barchasi o`z qo`lingda!” targ`ibot dekadasining 2019 yil 1-yarim yillik sarhisobi va o`quv-seminari tashkil etildi.

Seminarda Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining Yoshlar jinoyatchiligining oldini olish va huquqiy targ`ibot bo`limlari mudirlari, bosh mutaxassislari, Jizzax viloyatidagi oliy ta`lim muassasalari boshlang`ich tashkilotlari etakchilari, tuman va shahar kengashlari raislari, bosh mutaxassislari, boshlang`ich tashkilotlari etakchilari hamda soha bilan bog`liq hamkor tashkilotlarning mas`ul xodimlari ishtirok etdi.

— Targ`ibot dekadasi doirasida tuman va shaharlarda 10 nafardan yoshlar etakchilari, harbiy xizmatdan qaytgan yoshlar, huquqshunos mutaxassis ishtirokida “Fidokor yoshlar” patrul guruhlari shakllantirildi, — dey­di O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o`rinbosari Begmat Ochilov. — Guruhlar 4 ming 210 ta ta`lim muassasasi, 980 ta korxona, 970 ta harbiy qism, 3 ming 784 ta mahalla va chekka ovullarda “Jinoyatni jilovlash lozim”, “Yoshlar jinoyatchilik olamiga qarshi”, “Hokim va yoshlar”, “Deputat va yoshlar”, “Biz korrupsiyaga qarshimiz” kabi mavzularda 1 million 450 ming nafar yosh ishtirokida 8 ming 324 ta targ`ibot tadbirlari o`tkazdi. Ichki ishlar idoralari va Milliy gvardiyaning 1 ming 750 nafar xodimi hamda 7 ming 600 nafar ko`ngilli yoshlardan iborat “Fidokor yoshlar” patrul guruhlari ishtirokida 10 ming 314 marta tungi reyd tadbirlari, ta`lim muassasalarida 3 ming 889 marotaba “O`quvchi”, “Tig`” profilaktik tadbirlari o`tkazildi. 3 ming 283 nafar voyaga etmaganlar va ularning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borildi, 890 nafar o`g`il-qiz ta`limga qaytarildi.

Seminarda respublika miqyosidagi jami 58 ta jazoni ijro etish muassasasiga tegishli tashkilot rahbarlari, madaniyat xodimlari va turli soha vakillarining tashriflari tashkil etilib, muassasalar kutubxonalariga 830 ta kitob sovg`a qilingani ta`kidlandi.

Joriy yil yurtimizda 2 million yosh saylovlarda ilk bor ishtirok etadi. Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda Markaziy saylov komissiyasi o`rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida “Saylov — mening huquqim”, “Men saylovga tayyorman” kabi mavzularda 35 marta huquqiy targ`ibot tadbirlari tashkil etilgan.

Shuningdek, ilk bor IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probasiya xizmati bilan mustahkam hamkorlik yo`lga qo`yilib, nazoratda turgan yoshlar muammolarini hal etish maqsadida “Sinovdan yuksalishga qat`iy qadam” mavzusida 22 marta ochiq muloqot o`tkazildi. Tadbirlarda 269 ta murojaat bildirilgan bo`lsa, shundan 162 ta muammo, 48 nafar yoshning bandlik masalasi hal etildi, 55 nafar yosh kasb-hunar va chet tillari to`garaklariga jalb etilgan.Ammo yo`nalishdagi amaliy ishlar ayrim joylarda kutilgan natijani bermadi. Jumladan, respublika miqyosida voyaga etmaganlar jinoyatlari tahlil etilganda, nomusga tegish 1 tadan 5 taga, bosqinchilik 4 tadan 8 taga, giyohvandlik 2 tadan 4 taga ko`paygani ma`lum bo`ldi. Toshkent va Farg`ona viloyatlaridagi ishlar qoniqarsiz baholandi. Toshkent viloyatida o`tgan yilga nisbatan bu yil qotillik jinoyati 2 taga, bezorilik 2 taga oshgan bo`lsa, nomusga tegish va o`g`rilik holatlari 1 taga ko`paygan. Farg`ona viloyatida nomusga tegish 3 taga, bosqinchilik 2 taga, giyohvandlik 2 taga, o`g`rilik 1 taga oshgan.

Farg`ona viloyatida sinov tariqasida jinoyatchilikka moyil, ichki ishlar organlari ro`yxatida turuvchi yoshlarning elektron bazasi shakllantirilib, ularning xatti-harakati bilan onlayn shug`ullanish va nazorat olib borishning innovasion tizimi yaratildi.

O`quv-seminar yakunida 2019 yil yakuniga qadar yoshlar o`rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar bo`yicha tegishli “Yo`l xaritasi” ishlab chiqildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1