1

O`zbekistonlik minomyotchilar xalqaro tanlovni bronza medali bilan yakunladi

Jamiyat 14.08.2019, 11:09
O`zbekistonlik minomyotchilar xalqaro tanlovni bronza medali bilan yakunladi

Kecha, 13 avgust kuni Qozog`istonning “Otar” bazasi poligonida minomyotchilar hisobi o`rtasida o`tkazilgan “Artilleriya olovi ustalari” xalqaro tanlovining yakuniy natijalariga ko`ra, O`zbekiston faxrli uchinchi o`rinni qo`lga kiritdi.

Eng yaxshi natijani esa mezbon — Qozog`iston jamoasi ko`rsatgan bo`lsa, ikkinchi o`rin Rossiyaga nasib etdi.

Tanlov bosqichlari: “Individual poyga”, “Tungi sprint” va “Estafeta”. Texnikalar: 120 millimetrli 2B11 minomyot, ko`p maqsadli engil tyagach va zirhlangan MT-LB mashinasi. Tanlovda Armanston, Belarus, Venesuela, Ozarbayjon, Zimbabve, Eron, Qirg`iziston, Qozog`iston, Rossiya, Suriya, Tojikiston va O`zbekiston jamoalari birinchilik uchun o`zaro kurashdi.

O`zbekistonlik minomyotchilar 1- va 2-bosqichlardagi natijalariga ko`ra, Ozarbayjon va Belarus jamoalari bilan bir qatorda umumjamoa hisobida 3-o`rinni qo`lga kiritgan edi. So`nggi “Estafeta” bosqichida esa Qozog`iston va Rossiya jamoalari birinchi va ikkinchi o`rinda bo`lib oldi. O`zbekistonlik harbiy xizmatchilar esa kuchli uchlikka kirishga muvaffaq bo`ldi.

Shuningdek, kecha, 13 avgust kuni Moskva viloyatidagi “Alabino” poligonida O`zbekiston jamoasi “Tank biatloni” musobaqasining ikkinchi divizionidagi yarim final bahslarida ajoyib natija ko`rsatib, finalga yo`l oldi. O`zbekistonlik tankchilar 24 ta imkoniyatdan 10 ta nishonni yakson qildi.

Joriy yilda ilk bor ishtirok etgan o`zbekistonlik tankchilar ikkinchi divizionning 15 avgust kuni bo`lib o`tadigan final bahslarida birinchilik uchun kurashadi. Birinchi divizion g`oliblari esa 17 avgust “ArMI—2019” xalqaro armiya o`yinlarining yopilish kunida aniqlanadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1