AsosiyMadaniyat

Toshkentda O`zbekiston madaniyatini o`rganish va asrashga bag`ishlangan xalqaro kongress bo`lib o`tmoqda

'Toshkentda O`zbekiston madaniyatini o`rganish va asrashga bag`ishlangan xalqaro kongress bo`lib o`tmoqda'ning rasmi

Avval xabar berganiizdek, 22 avgust kuni Toshkentda O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, asrash va targ`ib etish bo`yicha butunjahon jamiyatining III xalqaro kongressi ish boshladi. Ikki kun davom etadigan Kongressning birinchi kuni sermazmun o`tdi, bir-biridan qiziqarli ma`ruzalar, turli qarashlar, qadimiy madaniyatlar, dinlar, tamaddunlar haqidagi ilmiy va falsafiy nuqtai nazarlarga boy bo`ldi. Ishtirokchilar meros haftaligi, unda ko`rgazmaga qo`yilgan nodir kitob-albomlar va Surxondaryoda olib borilayotgan arxeologik qazishmalar haqida qimmatli fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoev:

Eng qadimgi davrlardan beri, O`zbekiston savdo va madaniyat aloqalarining yirik arteriya qon tomiri, ya`ni transport va kommunikasiya ko`prigi sifatida Buyuk Ipak yo`liga o`z bag`rini ochgan. Bu yo`l nafaqat tovar almashinuvi, balki ilm va madaniyatlar uyg`unlashuviga ham o`z hissasini qo`shgan. Ilm-fan va madaniyat almashunivida Sharq va G`arb orasidagi ko`prik hisoblangan.

Shu bois YuNESKO bilan doimiy hamkorlik olib borish O`zbekiston siyosatining eng ustuvor yo`nalishlaridandir. Hozirda butun dunyoda iste`mol hajmining oshishi, tirik tabiatning halokat yoqasiga kelib qolgani, genofondning o`zgarishi, Er sayyorasi ekologik manzarasining keskin o`zgarishi kabi salbiy holatlar kuzatilayotgani sir emas. Shunday sharoitda taraqqiyot barqarorligi hamda zamon o`rtasidagi muvozanatni, insoniyat madaniy tarixini saqlab qolish, bahamjihatlikda ish ko`rish muhim. Ushbu kongress ham ayni shu maqsadda O`zbekiston hukumati tomonidan qo`yilgan muhim qadamdir.

Aziz Abduhakimov, Bosh vazir o`rinbosari:

O`zbekiston YuNESKO bilan hamkorlikda alohida dastur asosida ko`pgina xayrli ishlarni bajarib kelmoqda. Bu O`zbekiston madaniyatiga bo`lgan e`tiborning yorqin dalilidir. “O`zbekiston buyuk yo`llar va sivilizasiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar va madaniyatlar” haftaligi hamda uning doirasidagi kongress ham shu maqsaddagi ishlarni yangi bosqichga ko`tarish niyatida o`tkazilmoqda. Haftalik doirasida O`zbekiston tarixining ajralmas qismi bo`lgan Islom madaniyati, Temuriylar davri, Kushon sivilizasiyasi, So`g`d imperiyasi madaniyati bilan yaqindan tanishtiriladi. Tarix, madaniyatni o`rganishdagi qadamlar bu bilan to`xtab qolmaydi. Bu masala har doim hukumat darajasida ko`rib chiqiladi.

Kongressda Firdavs Abduholiqov, Edvard Rtveladze va boshqalar loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil to`xtalib o`tdilar. E.Rtveladzening ta`kidlashicha aksariyat ilmiy kashfiyotlarga o`z zamonasida etarli e`tibor qaratilmaydi. Ayrim kashfiyotlar bir necha asr o`tib tan olinadi. Biroq ushbu loyihaga ayni paytda qiziqish juda katta bo`layotganini, turfa taxminlar mavjudligini, haqiqat baxslarda tasdiqlanishini, kelajak avlodlar ular topgan asori atiqalardan o`z ilmiy faoliyatida foydalanishini faxr bilan tilga oldi.


Kongressda "O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida" loyihasi doirasida chop etilgan kitob-albomlar taqdimoti bo`lib o`tdi. Mehmonlarga ushbu kitob-albomlardan namunalar sovg`a qilindi.

44 ta mamlakatdan 250 nafardan ziyod olimni jamlagan kongressning birinchi kunida Movorounnahr qo`lyozmalari, so`g`d madaniyati, buddaviylik madaniyati, o`zbek hunarmandchiligi, Temuriylar sulolasi merosi mavzulariga bag`ishlangan ma`ruzalar tinglandi. Shuningdek, Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan qimmatbaho qo`lyozmalar kongress ishtirokchilariga tanishtiriladi hamda Kushon imperiyasiga taalluqli noyob eksponatlar ko`rgazmasi o`tkaziladi.

Bugun Kongressning ikkinchi kunida ishtirokchilar Islom madaniyati, “O`zbekistonning 114 Qur`oni” loyihasi, o`rta asr miniatyura san`ati mavzuida ilmiy suhbatlar o`tkazilishi rejalashtirilgan.

Haftalik davomida Toshkent, Termiz, Buxoro va Samarqand shaharlarida o`zbek madaniyatini o`rganish va asrash, targ`ib etishga bag`ishlangan qator tadbirlar bo`lib o`tadi. Ularning tafsilotlari bilan sizni saytimiz sahifalarida tanishtirib boramiz.

Manzura BEKJONOVA

    Boshqa yangiliklar