Markaziy harbiy okrugdagi “Kattaqo`rg`on” poligonida doimiy jangovar shaylikdagi harbiy qism shaxsiy tarkibi bilan katta masshtabdagi amaliy otish mashg`uloti o`tkazildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma`lum qildi.
Ko`rgazmali amaliy mashg`ulotda Samarqand, Jizzax hamda Navoiy garnizonidagi harbiy qism komandirlari va ularning o`rinbosarlari, batalon va vzvod komandirlari ishtirok etdi. Harbiy okrug qo`mondonligi tomonidan tashkil etilgan ushbu namunadagi mashg`ulot bosqichma bosqich harbiy qismlar pog`onasida tizimli ravishda yo`lga qo`yiladi.
Yangicha tizimdagi otish mashqlarida 40 dan ortiq o`quv joylarida bir vaqtning o`zida barcha mutaxassisliklar bo`yicha amaliy mashg`ulotlar bajarildi.
Shuningdek, otishga tayyorgarlik ko`rish pozisiyalari, o`qning uchishiga ta`sir ko`rsatuvchi omillar (shamol, porox zaryadi, havo harorati va boshqalar) formulalar va qurollarni tavsifi aks etgan plakatlar, yozgi sinf xonalaridagi darslar askarlarni amaliyotgacha bo`lgan tayyogarligini mustahkamlashga xizmat qildi.
Nishonlarni barchasi yakson etildi. Snayper, T-72 jangovar tanki ekipaji hamda D-30 artilleriya quroli mo`ljalchi va o`qlovchilarining birinchi zarbadanoq muvafaqiyatlari qo`mondonlik tomonidan alohida e`tirof etildi.
Ma`lumot o`rnida, “Kattaqo`rg`on” poligoni hududi va salmog`i jihatidan O`zbekistondagi eng katta dala o`quv maydoni hisoblandi. Bu erda birinchi marotaba otish tayyorgarligidan katta masshtabdagi mashg`ulot o`tkazilmoqda.