Qo`shilgan qiymat solig`i stavkasini amaldagi 20 foizdan 15 foizgacha tushirish rejalashtirilmoqda. Bu Davlat budjetiga tushumlarni taxminan yiliga 10 trln so`mga kamaytirishi hisob-kitob qilinmoqda.
Qo`shilgan qiymat solig`i stavkasini amaldagi 20 foizdan 15 foizgacha tushirish rejalashtirilmoqda. 11 sentabr kuni davlat rahbari boshchiligida o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida O`zbekiston Moliya vazirligiga prezidentning tegishli qarori loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
«Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining loyihasida (Moliya vazirligi tomonidan muhokamaga qo`yilgan) qo`shilgan qiymat solig`i stavkasini 15 foizgacha tushirish hamda uning betarafligini ta`minlashga qaratilgan chora-tadbirlar, tadbirkorlik subektlari faoliyatiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi», — deyiladi Moliya vazirligi xabarida.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, QQS stavkasini 5 foizga kamaytirish Davlat budjetiga tushumlarni taxminan yiliga 10 trln so`mga yoki Yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2 foizga kamayishiga olib keladi.