1

​O`zbekiston delegasiyasi Mirzo Ulug`bekning Fransiyada saqlanayotgan kitobi bilan tanishdi

Madaniyat 23.09.2019, 23:08
​O`zbekiston delegasiyasi  Mirzo Ulug`bekning Fransiyada saqlanayotgan kitobi bilan tanishdi

19 sentyabrda Parijda bo`lib o`tgan “Yangilanayotgan O`zbekiston: nodir madaniy tashabbuslar” mediaiventi doirasida «Movaraunnaxrning illyustrasiyali qo`lyozmalari fransuz jamlanmalarida” kitob-albomlari taqdimoti bo`lib o`tdi. Bu kitoblar muallifligi qo`lyozma merosni o`rganish bo`yicha yirik mutaxassis, doktor Fransis Risharga tegishlidir.

Mazkur jamlanmaning noyob javohirlaridan biri Fransiyaning Milliy kutubxonasida 1891 yildan buyon saqlanayotgan «Suvar al-Kavakib al-sabita» ("Qo`zg`almas yulduzlar tasviri") traktati hisoblanadi.

Ushbu kitob 1430–1440 yillarda uning mashhur Rasadxonasi qurilayotgan bir vaqtda Samarqand shahrida Ulug`bekning shaxsiy kutubxonasi uchun tayyorlangan.

Parijdagi O`zbekiston elchixonasi delegasiyasi hamda “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” loyihasi rahbariyati Parij milliy kutubxonasiga tashrif qilishganida mazkur kitob bilan tanishish imkoniyatiga ega bo`lishdi.

Bu kitob Miro Ulug`bek kutubxonasi uchun taxminan 1435 yilda jimjimador arab imlosida ko`chirilgan. Sahifalardan birida yozilgan jumlalarda aytilishicha: “Ushbu tasvirlar buyuk sulton va oliynasab hoqon, barcha turkiy va forsiy hukmdorlarning sohibqironi, sulton Ulug`bek Kuragoniy (Yaratgan Olloh uning saltanatini boqiy qilsin) kutubxonasi uchun bajarilgan...”

Ulug`bek tarixda nafaqat buyuk hukmdor, balki ajoyib olim, shoir, kalligraf, rassom va yozuvchilar himoyachisi sifatida nom qozongan. Tilga olingan qo`lyozma uning ilm-fanga bo`lgan e`tiboridan yana bir namunadir. Qo`lyozmaning birinchi sahifasida Ulug`bekning o`z qo`li bilan bitilgan kalligrafik xatcho`p ham saqlanib qolgan.

Kitobga 74 ta miniatyura ham ilova qilingan bo`lib, ular yuksak tasviriy mahorat bilan aks ettirilgan. Suratlarning nafisligi, ulardagi mayda va murakkab detallar odamni hayratga soladi. Har bir rasm alohida yulduz turkumini o`zida aks ettirgan. Ulardan birida Efiopiyaning afsonaviy hukmdori Sefey timsolida Ulug`bek qiyofasi namoyon bo`ladi.

Hukmdorlarni afsonaviy timsollar ko`rinishida aks etirish o`sha davrda an`anaga aylangan edi.

Qachonlardir Mirzo Ulug`bekning qo`li tekkan qo`lyozma O`zbekiston delegasiyasida katta qiziqish uyg`otdi.

“O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” loyihasining rahbari F.Abduholiqov o`z tashrifi yakunida kutubxona rahbariyati bilan “O`zbekistonning 100 buyuk qo`lyozmasi” loyihasi doirasida insoniyatning nodir madaniyatining yodgorligi bo`lgan ushbu kitobning faksimile nushasini olish borasida kelishuvga erishdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1