O`zboshimchalik bilan qurilgan uy va imoratlar ayovsiz buziladi. Bu haqida Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi boshlig`i Bekzod Tashxodjaev ma`ulm qildi.
Bugungi kunda ko`plab yurtdoshlarimiz Oliy Majlis qonunchilik palatasi tomonidan ko`rib chiqilib, O`zbekiston Respublikasi Senatiga yuborilgan “Noqonuniy o`zlashtirib olingan hamda mazkur erlarga o`zboshimchalik bilan qurib olingan ob`ektlarga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish” to`g`risidagi qonunni kutishayotgani sir emas.
- Hujjati yo`q uylarga kadastr hujjatlarini qilib berish boshlanishi haqidagi xabarlar tarqalganidan keyin ayrim “uddaburonlar” tezkorlik bilan imorat qurib olib, “bu uyni 5-10 yil oldin qurganman deb iddao qilsam hujjatlashtirib olaman” deb o`ylashi natijasida hududlarda erlarni o`zboshimchalik bilan egallab, qurilish qilayotganlar ham uchramoqda.
Ammo “Qonun chiqsa, uyimga hujjat qilib olaman” deb noqonuniy qurilish boshlab yuborganlar xato o`ylashadi. Sababi, Kadastr agentligi tomonidan erlarning holatini o`rganish bo`yicha kosmik s`yomkalar, xaritalari bor. Ular yordamida 5-10 yil, hatto 20 yil ortga qaytarib tekshirishimiz mumkin. Bu jarayonda insonlar faqat o`zlariga moddiy zarar ko`rishlari bilan bir qatorda, jinoiy javobgar bo`lishlari mumkin.
Sababi birinchidan erlarni o`zboshimchalik bilan egallab olganlik, u erga noqonuniy qurilmani amalga oshirganlik uchun qonunchiligimizda Ma`muriy javobgarlikdan, Jinoiy javobgarlikkacha choralar belgilangan. Shuning uchun bunday toifadagi insonlar hozirgi kunda o`zboshimchalik bilan imorat qurayotgan bo`lsa, o`z-o`zidan to`xtatishlarini va erni asl holatiga qaytarishlarini so`raymiz.
Qabul qilinishi kutilayotgan qonunda hozirgi davrda egallab olib qurilish qilayotgan binolarga huquqni e`tirof etishi nazarda tutilmagan. Aksincha hozirda erlarni o`zboshimchalik bilan egallab, noqonuniy qurilish qilayotganlar qonunbuzurlik turiga ko`ra ma`muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi, - deydi Bekzod Tashxodjaev.
Er maydonlarini noqonuniy egallab olingani uchun jinoiy javobgarlik O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1971 hamda
2291-moddalarida belgilangan. Eng muhim qismiga to`xtalib o`tamiz.
2291-moddaning birinchi qismiga ko`ra, Er uchastkalarini o`zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu er uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo`lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilgan bo`lsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to`rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
2291-moddaning ikkinchi qismida, Sug`oriladigan er uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o`zboshimchalik bilan egallab olish, — bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan
600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.
B.Tashxodjaev yurtdoshlardan erga oid qonunchilik talablariga qat`iy rioya qilishlarini, erlarni o`zboshimchalik bilan egallab, huquqbuzarlik holatlariga yo`l qo`ymasliklarini so`ramoqda.