1

​O`zbek kinosi kecha va bugun: muammolar va istiqbol (Kinoijodkorlar forumidan fotolavhalar)

Madaniyat 24.09.2019, 18:16
​O`zbek kinosi kecha va bugun: muammolar va istiqbol (Kinoijodkorlar forumidan fotolavhalar)

Bugun 24 sentyabr kuni Toshkentdagi «Zarafshon» majmuasida «O`zbekkino» Milliy agentligi va Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi hamkorligida “Milliy yuksalish va o`zbek kinosi” mavzusida ijodiy konferensiya bo`lib o`tdi.


Unda kinoijodkorlar, taniqli kinorejissyorlar, kinoshunoslar, davlat va xususiy kinostudiyalar rahbarlari, taniqli yozuvchi va kompozitorlar, OAV vakillari, shu jumladan jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

Ushbu muloqotda qatnashgan ijodkorlar milliy kino san`atini rivojlantirish, yangi kinoasarlar yaratish borasidagi muammolarning echimini topish borasida takliflar bildirishdi.

Ma`lumki, keyingi yillarda tarixiy filmlar yaratishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Davlatimiz va hukumat rahbarlarining talabi, keng tomoshabinlar ommasining qiziqishlarini e`tiborga olgan holda Vatanimiz tarixini haqqoniy aks ettiruvchi filmlarni tasvirga olish maqsadida amaliy ishlar davom etmoqda. Lekin bu borada muammolar etarlicha topiladi.

Xususan tarixiy mavzudagi filmlarni suratga olishning o`ziga xos talablari mavjud. Bulardan asosiysi tarixiy film va seriallarni tasvirga olish katta moliyaviy xarajatlarni talab qiladi. Shu munosabat bilan tadbirda ishtirok etgan tajribali mutaxassislar tomonidan tarixiy mavzudagi filmlarni suratga olishni moliyalashtirish va alohida imtiyozlar joriy etish (qo`shimcha mablag` ajratish, QQS va boshqa turdagi soliqlardan, bojxona imtiyozlaridan foydalanish va h.k) bo`yicha takliflar berildi.

Tadbirda O`zbekiston xalq artistlari Baxtiyor Ixtiyorov, Xayrulla Sa`dullaev, Gulchehra Jamilova, Rajab Adashev, O`zbekiston Respublikasi san`at arbobi Zulfiqor Musoqov, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Saida Rametova, “O`zbekkino” Milliy agentligi bosh direktorining birinchi o`rinbosari Shuhrat Rizaev va boshqalar so`zga chiqishdi.

Aytish o`tilganidek, jahonning barcha telekompaniyalarida teleseriallar namoyishi efir vaqtining sezilarli qismini egallaydi. Shuning uchun milliy teleseriallarni ishlab chiqish katta ahamiyatga ega. O`zbekistonda esa milliy seriallarni ishlab chiqish tizimli ravishda tashkil etilmaganligi sababli telekanallarda efir vaqtining asosiy qismini xorijiy mahsulotlar egallagan. Buning salbiy tomoni shundaki, tomoshabin milliy madaniy qadriyatlar o`rniga xorijiy ishlab chiqaruvchilarning g`oyalarini va zararli ommaviy madaniyat elementlarini qabul qilmoqda.

Shu sababli xorijiy audiovizual mahsulotlar o`rniga milliy mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonini samarali tashkil etish lozim. Ta`kidlanganidek hozirgi vaqtda kinematografiyada videografika, kompyuter vositasidagi tasvirga olish texnologiyalari, videoeffektlar va boshqa qimmatbaho zamonaviy xizmat turlari paydo bo`lmoqda. Ulardan unumli foydalanish kinomahsulotlar sifatini oshirishga hissa qo`shadi.

Forum ishtirokchilari bu muammolarni hal etish uchun davlat xususiy sherikligi asosida “Milliy serial” nomli prodyuserlik markazini tashkil etish taklifini ilgari surishdi. Mazkur markaz qoshida mavjud ijodiy-texnik imkoniyatlarni birlashtirish, seriallar ishlab chiqarish va namoyish etishda tajribaga ega bo`lgan xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilish zarurligi aytildi.

Darhaqiqat milliy kinofilmlar, ayniqsa bolalar uchun kino multiplikasion asarlar yaratish bo`yicha sezilarli yutuqlarga erishish qiyin bo`lyapti. Mutaxassislar milliy multiplikasiyani rivojlantirishda ham jiddiy muammolar mavjudligi borasida to`xtaldilar. Masalan, zamon talablari asosida bolalar ahloq-odobi va tarbiyasiga ijobiy ta`sir ko`rsatadigan, ularni ilm-fanga qiziqtiradigan multfilmlar yaratishda bizda tajribali mutaxassislar etishmaydi. Mavjud ta`lim muassasalarida multiplikatorlar tayyorlash tizimi yo`lga qo`yilmagan. Bu borada Kamoliddin Behzod nomidagi milliy dizayn va rassomchilik institutida animatorlar tayyorlash bo`yicha maxsus fakultet tashkil etish lozimligi aytib o`tildi.

O`zbekistonda mavjud Kinoarboblar uyushmasi nodavlat tashkilot hisoblanadi. Ayni paytda u hech qanday tashkilot tomonidan moliyalashtirilmaydi va o`zi mablag` ishlab topish imkoniyatiga ega emas. Ijodkorlar bu uyushmani doimiy moliyalashtirish mexanizmini yaratishni, masalan uni “Ilhom” fondiga biriktirib, professional kinematograflar uyushmasi maqomini berish taklifini berishdi.

Shu jumladan, sohada faoliyat ko`rsatayotgan ijodkorlarni moliyaviy va ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, ularning mehnatiga yarasha haq to`lash, dam olishini tashkillashtirish va zarur imtiyozlar bilan ta`minlash masalalarini ko`rib chiqish yuzasidan ham fikrlar bildirildi.

Forumda o`zbek kinosining asoschisi Xudoyberganov Devonov tomonidan o`tgan asrning boshlarida Xiva xonligida suratgan olingan tarixiy hjjatli filmlar, “Nasriddin Buxoroda”, “Alisher Navoiy”, “Tohir va Zuhra”, “Shum bola”, “Yor-yor”, “Mahallada duv-duv gap” va boshqa filmlardan lavhalar ko`rsatildi.

Ijodiy Forum doirasida yaqinda Rossiyaning “Kinoshok” festivalida gran-pri mukofotga sazovor bo`lgan “Issiq non” filmi ijodkorlari taqdirlandi.



Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1