AsosiyIqtisodiyot

Buxoroda 1,8 mlrd dollarga shamol elektr stansiyasi quriladi

'Buxoroda 1,8 mlrd dollarga shamol elektr stansiyasi quriladi'ning rasmi

Xitoyning Liaoning Leader kompaniyasi Buxoro viloyatida 1,8 mlrd dollarlik shamol elektr stansiyasini qurishga kirishdi.

Buxoro viloyatining G`ijduvon tumanida Xitoyning Liaoning Leader kompaniyasi shamol elektr stansiyasini qurishga kirishdi, deya xabar qildi O`zbekiston TIV matbuot xizmati. 22 sentyabr kuni shamol kuchini o`lchashga mo`ljallangan machtani o`rnatish tantanali marosimi bo`lib o`tdi.

Loyihaning umumiy qiymati 1,8 mlrd dollarni tashkil etib, ishlab chiqarish quvvati 1,5 ming MVtga teng. Hokimlik tomonidan 6 ming ga er ajratib berildi. Loyihaning 3 bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Birinchi bosqichda 200 MVt quvvatli elektr stansiyasini qurish uchun 240 mln dollar qiymatidagi to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyani jalb qilish belgilangan.

2015 yil aprelida Germaniyaning GEO-NET va Inec-GOPA kompaniyalari O`zbekistonning oltita hududida shamol elektr energetikasi xaritasini ishlab chiqqan edi. Mazkur tadqiqotlar natijalariga ko`ra, shamol energetikasi sohasidagi prognoz salohiyat 17 ming kv. m. maydonda yiliga 1,07 trillion kVt/s elektr energiyasini tashkil etadi. Hozirda Toshkent viloyatida 750 kVt quvvatga ega birgina tajriba shamol elektr stansiyasi qurilgan.

2017 yil may oyida prezident Shavkat Mirziyoev 2017—2025 yillarda O`zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish dasturini qabul qildi. Quyosh elektr stansiyalari qurilishi, GESlar qurilishi va modernizasiyasi bo`yicha dasturlarning amalga oshirilishi 2025 yilda ishlab chiqarilayotgan energiyadagi qayta tiklanuvchi manbalar ulushini 2016 yildagi 12,7 foizdan 19,7 foizga oshirishga imkon beradi.

    Boshqa yangiliklar