“Taraqqiyot strategiyasi” markazida Adliya vazirligi tomonidan “Qonunchilikda yangiliklar” mavzuida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo`mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning joriy yil 26 sentyabrdagi “O`zbekiston Respublikasining soliq siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga oid o`zgartish va qo`shimchalar haqida ma`lumot berildi.
Ta`kidlanganidek, farmonga ko`ra joriy yilning 1 oktyabridan qo`shilgan qiymat solig`i stavkasi amaldagi 20 foizdan 15 foizga pasaytiriladi. Soliq xizmati organlari tomonidan soliq to`lovchining tijorat banklaridagi hisobvaraqlar bo`yicha operasiyalarini to`xtatib turish bo`yicha amaldagi tartib bekor qilindi.
Shuningdek, farmonga muvofiq 2020 yilgi Davlat byudjeti loyihasi tayyorlanishida ham o`zgarishlar qayd etildi. Jumladan, davlat korxonalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo`lgan yuridik shaxslar uchun yagona ijtimoiy to`lov stavkasini 25 foizdan 12 foizga tushirish, divident shaklida to`lanadigan daromadlarga soliq stavkasini saqlab qolgan holda, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig`i stavkasini 15 foiz miqdorida belgilash hamda qo`shilgan qiymat solig`ini hisoblash va to`lashning soddalashtirilgan tartibini bekor qilish kabi holatlar nazarda tutilgan.
2019 yil 1 oktyabrdan boshlab ilgari Moliya vazirligining byudjetidan tashqari Pensiya jamg`armasiga o`tkazib kelingan yagona soliq to`lovi summasi Qoraqalpog`iston Respublikasi byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetiga o`tkaziladi.
Shuningdek, tadbirda hafta davomida bir qator muhim masalalar bo`yicha qabul qilingan 10 ga yaqin qonun hujjatlari haqida ma`lumotlar berildi.
Xususan, mamlakatimizga tashrif buyuruvchi xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun qo`shimcha kirish vizalari toifalarini joriy etish ro`yxatiga kiritilgan qo`shimchalar, Arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish bo`yicha Prezident farmonlari, Qurilish sohasiga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish bo`yicha Prezident qarori hamda Advokatlik guvohnomasini berish tartibi keltirib o`tilgan hukumat qarorlari yuzasidan tushunchalar berildi.
Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.