Vazirlar Mahkamasining 2019 yil sentyabrdagi “Davlat daromadiga o`tkaziladigan mol-mulkni olib qo`yish, sotish, yoki yo`q qilib tashlash tartibi to`g`risida"gi nizomga qo`shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
Eslatib o`tamiz, olib qo`yilgan mahsulot majburiy tartibda sertifikatlanishi lozim bo`lsa, muvofiqlik sertifikati esa mavjud bo`lmasa – olib qo`yishni amalga oshirgan vakolatli organning mansabdor shaxsi sertifikatlashni o`tkazish va sertifikat olish uchun buyurtma beradi.
Kiritilgan tuzatishlar bilan sertifikatni rasmiylashtirish va berish muddatlari belgilandi:
- tez buziladigan mahsulotlarga nisbatan – zarur hujjatlar (sinov bayonnomalari, ishlab chiqarishni baholash dalolatnomasi, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, fitosanitariya xulosalari) taqdim etilgan vaqtdan boshlab 1 kun;
- boshqa turdagi mol-mulklarga nisbatan – qonun hujjatlariga muvofiq (transport vositalaridan tashqari) 3 ish kunidan oshmagan muddatda.
Davlat daromadiga o`tkazilgan mol-mulklar sotilishini ta`minlashda mahalliy hokimiyat organlari bozor va savdo majmualarida savdo o`rinlari va yarmarkalar tashkil etish orqali savdo tashkilotlariga ko`maklashadi.