Navoiy viloyatida Rossiya Federasiyasi Ryazan viloyatiga ishga joylashtirishini va katta miqdordagi oylik maosh olishlarini aytib qanchadan-qancha kishilarni aldagan jinoyatchi qo`lga olindi, deb xabar bermoqda daryo.uz nashri «Huquq» gazetasiga tayanib.
Bir guruh jabrlanuvchilar 2010 yilning may oyida xorijga ketib, Ryazanda olti oyga yaqin maoshsiz, pasportlaridan ayrilib, og`ir sharoitlarda ishlashga majbur bo`ldilar. Jinoyatchi 2011 yil may oyida yana shunga o`xshash jinoyat sodir etdi. Bu safar uning to`riga tushganlar o`n to`rt kishi edi. 2013 yil mart−aprel oylarida bir guruh kishilarni o`zi bilan Ryazanga olib ketgan jinoyatchi ularning mehnati evaziga topilgan pullarga qo`sha-qo`sha uy-joylar sotib oldi.
Yaxshiroq yashash orzusidagilardan bo`lgan jabrlanuvchilardan biri ham uning huzuriga kelib, uni ham Rossiyaga olib ketishni iltimos qildi. Ko`p o`tmay Ryazanga etib kelib, unga va`da qilingan sharoit, qulayliklar to`g`risidagi gaplarning puchligini bilgan jabrlanuvchining g`azabi qaynadi. Uni hatto o`zi xohlagan ishni qilish huquqidan ham mahrum qilib, o`n sakkiz qavatli bino qurilishida buyurilgan har qanday topshiriqni bajarishga majbur qilishadi. Eng yomoni, ish haqi uyidagilarga ularni ishga olib kelgan vositachi orqali etkazilardi. Bir necha oydan so`ng oilasi bilan telefon orqali gaplashgan jabrlanuvchi pulning faqat yarmi etib borganini bildi.
Sudda jinoyatchining barcha qilmishlari aniqlanadi. Biroq, sudlanuvchi aybiga iqror bo`lmadi. Rossiya davlatining Ryazan viloyatida ko`p yillar ishlab, tanishlar orttirganini, hech kimni majburlab olib ketmaganini aytib, turib oldi. Hatto o`z ukasini yolg`on va`dalar bilan Ryazanga olib borgan «mehribon» aka jigariga ham ish haqini to`liq bermaganligi, va`dalarini bajarmaganligi ma`lum bo`ldi.
Oxir-oqibat uka akasi ustidan huquqni muhofaza qilish organlariga shikoyat xati bilan murojaat qilishga majbur bo`ldi. O`z manfaati yo`lida boshqalardan foydalangan jinoyatchi sud hukmi bilan 6 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi.





