1

Meva-sabzavotga ixtisoslashgan barcha 55 ta tumanda kooperasiyalar tashkil etiladi

Iqtisodiyot 17.10.2019, 15:37
Teglar: meva-sabzavot, kooperasiya
Meva-sabzavotga ixtisoslashgan barcha 55 ta tumanda kooperasiyalar tashkil etiladi

Meva-sabzavotga ixtisoslashgan barcha 55 ta tumanda o`z tovar belgisiga ega bo`lgan eksportchilar hamda qayta ishlash korxonalari ishtirokida kooperasiyalar tashkil etiladi. 

Bu haqda 16 oktbyar kuni O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o`tkazgan chorvachilik va bog`dorchilik tarmoqlarini rivojlantirish bo`yicha ustuvor vazifalarga bag`ishlangan yig`ilishda ma`lum qilindi.

Qayd etilishicha, har bir tumanda ekinlarni joylashtirish kooperasiyalar taklifi bo`yicha amalga oshiriladi, ular bog` va tokzorlarga ko`chatlarni etkazib berish, hosildorlikni oshirish yuzasidan ko`maklashadi. Shuningdek, bog`dorchilikka ixtisoslashgan har bir tumanda agrotexnik tadbirlarni to`g`ri amalga oshirish uchun o`quv markazlarini ochish vazifasi qo`yildi.

Yig`ilishda chorvachilik tarmog`ida bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama etildi. 2019 yilda"Har bir oila tadbirkor" dasturi doirasida chorvachilikni rivojlantirish uchun 1 trillion 603 milliard so`m, parrandachilikka 332 milliard so`m imtiyozli kreditlar ajratildi. Natijada mayda shoxli chorva soni 550 ming boshga, parranda soni 6 million 130 mingtaga ko`paydi.

Yig`ilishda aholini arzon go`sht va sut mahsulotlari bilan ta`minlash borasida qilingan ishlar etarli emas, deb baholandi. Chorvachilik tarmog`ining dolzarb muammosi hisoblangan uzluksiz ozuqa-em ta`minotini yo`lga qo`yish masalasi muhokama etildi. Bugungi kunda chorvachilikda ozuqaga bo`lgan ehtiyoj faqatgina 30−35 foizga qondiriladi. Xususan, parrandachilikda ozuqaning 85 foizi import hisobiga ta`minlanadi.

Qoraqalpog`istonning Taxtako`pir, Qo`ng`irot, Kegeyli va Mo`ynoq tumanlarida 1 million gektar pichanzor va yaylov erlarida 182 ming bosh chorva mollari boqishga mo`ljallangan 486 ta loyiha ishlab chiqildi.

Mutasaddilarga 2019−2021 yillarda 300−500 bosh chorva boqishga mo`ljallangan 270 ta bo`rdoqichilik kompleksi va 260 ta sutchilik korxonasini tashkil etish ishlarini jadallashtirish topshirildi.

Chorvachilik sohasida mahsuldorlikka erishish uchun avvalo naslchilik masalalariga alohida e`tibor qaratish zarur. Yig`ilishda Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga xorijiy tajriba asosida naslchilikni rivojlantirish va mahsulot narxini pasaytirish uchun xarajatning bir qismini subsidiyalash mexanizmini ishlab chiqish bo`yicha topshiriq berildi.

Bog`dorchilik sohasiga doir masalalar ham kun tartibiga qo`yildi. Joriy yilning 9 oyida meva-sabzavot eksporti qariyb 1 milliard dollarga etdi. Bo`sh erlardan unumli foydalanish, talab yuqori bo`lgan ekin navlarini etishtirish natijasida kelgusida ushbu ko`rsatkichni yanada oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Prezident bu borada amalga oshirilayotgan ishlar hali talab darajasida emasligini ta`kidladi. Xususan, Qibray va Toshkent tumanlarida mavjud bog`larning 912 gektari yoki 20 foizi, tokzorlarning 164 gektari yoki 13 foizi eski va samarasizligi aniqlangan. Bundan tashqari, foydalanilmayotgan 1 400 gektar lalmi, shuningdek g`alla ekilayotgan 4 040 gektar erlar mavjud. Ushbu tumanlarda qishloq xo`jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi 19 ta korxona 50 foiz quvvatda ishlamoqda.

Yig`ilishda belgilab berilgan vazifalarning pirovard maqsadi meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini yiliga 5 milliard dollarga etkazishdan iborat.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1